Bir oylik ro'za ortidan dunyo bo'ylab musulmonlar hayit bayramini nishonladi. Jumladan, amerikalik musulmonlar ham. AQShda islom diniga e'tiqod qiluvchilar bu kunni qanday qarshi oldi? AQShda musulmon bo'lish bugun nimani anglatadi? Ramazon hayiti munosabati bilan Merilend shtatidagi Diyonat islom markaziga tashrif buyurdik.
Ramazon hayiti musulmonlar uchun eng yirik ikki bayramning biri. Har yili bu kun yoshu qari yangi va ozoda kiyimlarini kiyib masjidga otlanadi. Bolalar ham xursand, ota-onasining qo'lidan ushlagancha hayit namoziga keladi.
Poyaxt Vashington atrofida masjidlar oz emas. Amerika Diyonat markazi 2016-yil yangi binoda ish boshladi. Turkiya hukumati mablag'i evaziga qurilgan ulkan markaz masjid, oshxona, mehmonxona, majlislar zali, turk hammomi kabi bir qator inshootlarni o'z ichiga oladi.
Turkiyadagi islomiy va tarixiy majmualar uslubida qurilgan masjid nafaqat poytaxt Vashington atrofida, balki butun Amerikada eng hashamatli va chiroyli diniy obidalardan biriga aylangan.
Asli turkiyalik Unal Burak AQShda qariyb 40 yildan beri yashaydi. Diyonat markazini ko'pdan beri biladi.
"Bu joyni 10-15 yildan beri bilaman. U payt boshqacha edi. Bu masjid va binolar bo’lmagan, faqat kichik bino, kichik masjid bo’lgan. Yer katta bo’lgan, lekin bu inshootlar yo’q edi. Asosan, juma va hayit namozlari o’qilardi. Turkiya hukumati millionlab dollar sarflagach, bu joy Vashington hududidagi musumonlar uchun katta markazga aylandi. Nafaqat maxsus tadbirlar, bayramlar uchun, balki janoza namozlari, to’ylar va boshqa marosimlar uchun ham xizmat qilmoqda. Nafaqat turklar uchun, balki mintaqadagi barcha musulmonlar uchun shunday markazni qurib bergani uchun Turkiya hukumatiga rahmat", - deydi u.
Markaz nafaqat yaqin-atrofdagi, balki boshqa shtatlardagi musulmonlarni ham o'ziga jalb etmoqda. Adnan Muhammad As'ad hayit namozini o'qish uchun Shimoliy Karolinadan kelgan.
“Hayitni nishonlayapmiz. Bu yil Ramazon 29 kun bo’ldi. Hammasi juda ajoyib o’tdi, juda yengil o’tdi, Xudoga shukr”, - deydi u.
Ramazon musulmonlarni jipslashtiradigan, jamoaviy tadbirlarni targ'ib etadigan oy. Erta tongda yaqinlar davrasida saharlik qilish, so'ng ular bilan o'giz ochish, ko'pchilik uchun iftor dasturxoni yozish, ayniqsa, har kuni xuftondan so'ng masjidlarda jamoa bo'lib taroveh namozlarini o'qish musulmonlarni bir-biriga har qachongidan ham yanada yaqinlashtiradi.
Mahalliy musulmonlardan biri Muhammad Amin shu bois Ramazonni birdamlik va yangilanish davri deb ataydi.
“Hayit ulkan jamoa bo’lib nishonlanadigan bayram. Bu yerda musulmon jamoasi ajoyib. Ba’zan o’zingizni yolg’iz his qilasiz. Lekin bunday yig’inlarga kelsangiz, ayniqsa, Ramazonda jamoa bo’lishning go’zalligini ko’rasiz. Ramazon doim men uchun yangilanish imkoniyati. U menga hayotda nima muhimroq ekanini eslatadi. Ro’zaning qiyinchiliklari bor, lekin u olib keladigan tinchlik va osoyishtalik bebaho tuyg’u”, - deydi u.
So'nggi yillarda AQShda musulmonlarga nisbatan munosabat yomonlashgani aytilmoqda. Poytaxt atrofida yashovchi musulmonlarda bu qanchalik sezilmoqda?
“37 yil avval qanday bo’lgan bo’lsa, hozir ham shunday. Musulmon sifatida shaxsan muammolarga yo’liqmaganman. Men bilgan do’stlarim orasida ham musulmon bo’lgani uchun muammoga yo’liqqanlarni bilmayman”, - deydi virjiniyalik Unal Durak.
Diyonat markaziga keladigan musulmonlar orasida uyg'urlar ham ko'p. Ular Sharqiy Turkistondagi Xitoy zulmidan qochib chiqqan muhojirlar. Abdulqodir ulardan biri. Dunyoning 35 mamlakatida bo'lganini aytgan yigit AQShda haqiqiy erkinlik topdim, deydi.
“Amerikada hammasi yaxshi. Vatanimiz Sharqiy Turkistonda esa namoz o’qish mumkin emas, soqol qo’yish mumkin emas. Bosim kuchli. Konsentratsion lagerlarda milliondan ortiq, balki 3-4 million odamlarimiz yotibdi. Amerikada esa erkin. Qaysi dinga e’tiqod qilsangiz, qilaverasiz”, - deydi u.
Abdulqodir erkinlikning qadrini yaxshi biladi. Chunki Xitoyda zug'um qanday bo'lishini o'z boshidan o'tkazgan.
“Vatanimdan ayrilganimga 28 yil bo’ldi, ammo borib kelib turardim. Oxirgi marta borganimda boshimga qop solib, hibsga olib rosa savol-javob qilishdi. Soqchilarga pora berib, pasportimni olib, chiqib ketishga majbur bo’ldim. Shundan beri borolmayman”, - deydi u.
Vijdon erkinligi AQShda eng ko'p qadrlanadigan va himoya qilinadigna uzviy huquqlardan biri. Shu bois bu yerda ko'plab muhojir musulmonlar uchun islomga e'tiqod qilib yashash asl vatanlaridagidan ko'ra ancha oson. Buning qadrini biladigan Abdulqodir kabi musulmonlar esa Amerikada juda ko'p.
Facebook Forum