Breaking News

Noyob otlar nasli davom etadi


Bil Braun Choktau otlarini oziqlantirmoqda
Bil Braun Choktau otlarini oziqlantirmoqda

500 yil avval ispan mustamlakachilari tomonidan iqlim o’zgarishlariga moslashuvchan, kichik jussali otlar Amerikaga keltirilgan. Otlarni choktau hindu qabilalari boqqan. Ana shu otlar nasli Mississipi shtatining janubi-g’arbida davom etmoqda.

Bil Braun fermasidagi qo’y, sigir va otlar oddiy uy hayvonlariga o’xshaydi. Aslini olganda, ular yo’qolib borayotgan jonzotlardan.

Ularning ajdodlari Amerikaga ispan mustamlakachilari tomonidan keltirilgan. Hayvonlarni hozirgi Alabama, Mississipi va Luiziana shtatlari hududida choktau hindu qabilalari yetishtirgan. Asl vatani Ispaniya bo’lgan otlar o’ziga xos genetik xususiyatga ega noyob nasllardan. Mahalliy aholining otlarni o’zlashtirishi uzoq tarixga ega, deydi Choktau uyushmasi a’zosi Frensin Brey.

“Otlar dastlab yuk tashishda foydalanilgan. Jumladan, ular ovchilik qilishda hindularga qulaylik keltirgan. Tabiiyki, go’shtni nimtalash, zarur joyga eltish ayollar zimmasida bo’lgan. O’zlari ko’taradigan yukni ana shu otlarga ortish ayollar yumushini ham yengillashtirgan”, - deydi u.

XIX asr o’rtalarida choktau qabilasi mamlakat janubidan siqib chiqarilgan. Kichik va baquvvat otlar ham shu tariqa yo’q bo’lib ketgan deb hisoblangan. Qabilalarning Oklaxomaga ko’chishi “Ko’z yoshlar izi” nomini olgan.

Bir necha yuz choktau otlari Oklaxomada saqlab qolingan. Biroq genofond qisqarib bormoqda.

Nasllar bo’yicha mutaxassis 2005-yilda Braun fermasida mustamlakachilar keltirgan sigir va qo’ylar avlodini tekshirar ekan, DeSoto laqabli otni kashf etdi.

DNK sinovlari ayg’irning noyob choktau otlaridan ekanini tasdiqladi.

“Bu otlar bizning xalqimiz, ajdodlarimiz uchun juda muhim bo’lgan”, - deydi Frensin Brey.

Braun fermasidagi kabi noyob zotli hayvonlar mustahkam salomatligi, nasl yetishtirish va ozuqa topish instinkti, iqlim o’zgarishiga moslashuvchanligi bilan kelajak uchun ham muhim ahamiyatga ega.

“Tijoriy qishloq xo’jaligi joriy qilingunga qadar bu jonivorlar begona mintaqada mustaqil jon saqlab qola olgan. Og’ir qurg’oqchilikdan o’ta olgan. Qahraton qish sovuqlarida, uzun bargli qarag’ay o’rmonlarida, sohil tekisliklarida topilgan ozuqa bilan yashagan. Ular ana shunday chidamli nasl”, - deydi fermer Jes Braun.

O’tgan yili DeSotoga genetik nuqtai nazardan mos juft bo’la oladigan biya otlar Mississipiga keltirildi.

Braunlarning aytishicha, ba’zi toylar fermada qoladi. Ayrimlari Oklaxomaga bo’g’oz otlar bilan qaytadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG