Bishkekda AQSh va Qirgʻiziston sobiq prezident Qurmonbek Bakiyev davrida oʻgʻirlangan aktivlarni mamlakatga qaytarish haqida kelishib oldi.
Kelishuvga Qirgʻiziston Moliya vaziri Baqtigul Jeenbayeva va AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo'yicha muovini Elis Uells 25-fevralda qoʻl qoʻygan.
Kelishuvga koʻra, AQSh Bakiyev va uning o'g'li Maksim Bakiyev Qirgʻizistondan olib chiqib ketgan mablagʻni qaytarishga yordamlashadi.
Qirgʻiziston Moliya vaziri mazkur mablagʻlar haqiqatdan ham oʻlkadan noqonuniy olib ketilganini hamda AQSh yordami bilan qonuniy tarzda qaytarib olish harakatlari ketayotganini aytgan.
Qoʻshma bayonotga ko'ra, AQSh sudi Maksim Bakiyevning sobiq moliyaviy maslahatchisi Yevgeniy Gurevichni tovlamachilikda ayblab, uning 6 million dollarlik mablag'ini musodara qilish haqida hukm chiqargan.
“Hozirda 6 million dollarning 4,6 millioni buyruq asosida olingan va Qirgʻiziston hukumatiga qaytariladi”, - degan Elis Uells yigʻin vaqtida.
AQSh va Qirgʻiziston rasmiylarining bildirishicha, qaytarib olinishi kutilayotgan dastlabki mablagʻ aholini toza suv bilan taʼminlash, tibbiy jihozlar sotib olishga, sud tarmogʻi uchun audio va video yozish uskunalarini sotib olishga sarflanadi.
AQShda sudlangan Gurevich 2018-yili “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmatiga bergan intervyusida hokimiyatdan ag'darilgan Bakiyevlar Qirgʻizistondan 200-300 million dollarni olib chiqib ketgani haqida gapirgan edi. U buni hujjatlar bilan isbotlay olishini aytgan.
Qurmonbek Bakiyev 2010-yil aprelida prezidentlikdan olingan. Maksim Bakiyev moliyaviy tovlamachilikda ayblanib, sirtdan 25 yilga sudlangan hamda mol-mulki musodara qilingan.
Qurmonbek Bakiyevning oʻzi esa Qirgʻiziston Oliy sudi tomonidan 2010-yilning 7-aprelidagi voqealar uchun sirtdan 30 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. U namoyishchilarni oʻqqa tutishga buyruq berishda ayblangan. Hozirda Qurmonbek Bakiyev Minskda, Belarus fuqaroligini olgan. Oʻgʻli Maksim Bakiyev esa Londonda yashaydi.
2010-yil aprel voqeasidan keyin hokimiyatga kelgan muvaqqat hukumat ham, keyingi rahbarlar ham Bakiyevlarning oʻzlarini hamda ular olib chiqib ketgan mablagʻlarni qaytarib kelishga uringaniga qaramay, shu vaqtga qadar bu harakatlardan natija chiqmagan edi.
AQSh Davlat kotibi muovini Elis Uells bugungi kunda Qirgʻizistonda Prezident Sooronbay Jeenbekov rahbarligi ostida poraxoʻrlikka qarshi olib borilayotgan harakatlar o'g'irlangan mablagʻning qaytarilishiga turtki boʻlganini ta'kidlab, aktivlarni qaytarish ikki davlat orasidagi ishonchni kuchaytiradi, deya umid bildirgan.
Facebook Forum