Breaking News

Nyu-Yorkda muhojirlar farzandlari uchun o'zbekcha maktab ochildi


Nyu-Yorkda o'zbekcha maktab
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:04:36 0:00

Nyu-Yorkning Bruklin tumanida o'zbekistonlik muhojirlarning nodavlat tashkiloti o'z vatandoshlari farzandlari uchun o'zbek sinflari ochdi. Ular Amerikada ulg'ayayotgan yosh o'zbekistonliklarga o'z tili, tarixi, madaniyati va qadriyatlarini o'rganishiga imkon bermoqchi. Tashkilotchilar ko'ngillilar va ota-onalar ishtirokida amalga oshirilayotgan bu tajriba loyihasi muvaffaqiyatli kechishiga umid qilyapti.

O'zbekistondan chiqqan immigrantlarning farzandlariga o'zbek tili, odobnoma va O'zbekiston tarixini o'rgatish uchun ochilgan maktabda birinchi dars o’tilmoqda. Maktab Bruklinda o'zbekistonlik muhojirlar tomonidan tashkil etilgan.

“Biz bu yerga ko'chib kelganimizda 1-sinf o'quvchisi edim. Shuning uchun O'zbekiston haqida hech narsa bilmasdim. Endi bu yerda shu narsalarni o'rgatishyapti”, - deydi maktabi o'quvchisi Jaloliddin.

Jaloliddin “grin karta” yutib AQShga ko'chib kelgan o'zbekistonlik oila farzandi. U 3 yil deganda bugun ilk bor uyda ota-onasi bilan emas, sinfda o'z ona tilida dars qilyapti. Maktab ochilayotgani haqida uning otasi Erkin Xudoyqulov ijtimoiy media orqali eshitib, Jaloliddin va qolgan ikki farzandini darhol birinchi mashg'ulotga olib borgan.

Erkin aka farzandlari amerikacha tarbiyani olgach, o'zbekona odobdan yiroqlashadi degan xavotirda.

“Bu yerga kelgan ota-ona avallambor kelajakda farzandining tarbiyasi bilan bog'liq holatga e'tibor qaratadi. Shunda o'zini, o'zligini yo'qotib qo'yishi yoki bo'lmasa farzandining milliylik, o'zbeklik, xalqimizga xos bo'lgan xislatlarni yo'qotib qo'yishidan hamma ota-onalar qo'rqadi”, - deydi Erkin Xudoyqulov.

O'zbekistonlik muhojirlarning “Vatandosh” nodavlat tashkilotining rahbari Norxo'ja Sodiqov o'zbekistonlik immigrantlar farzandlari o'zbek tilini unutayotganligi, milliy qadriyatlardan yiroqlashayotgani katta muammo deydi. Shu bois tashkilot faollari maktab tashkil etishga kirishganini tushuntiradi. Dars o'tishga ko'ngillilar jalb qilingan.

"Bolalarga mo'ljallangan, amerikalik o'quvchilar psixologiyasiga mo'ljallangan kitob asosida bu yerda bolalarga o'zbek-ingliz tilida dars beriladi",- tushuntiradi Norxo'ja Sodiqov.

Maktab ochilishi eng avvalo ota-onalarning og'irini yengil qiladi, deydi Farmon Saidqulov. U qator yillar davomida immigrantlar farzandlariga dars berib, shunday xulosaga kelgan. Farmon Bruklindagi maktabda o'qituvchi yordamchisi bo'lib ishlaydi. Bu yerda o'zbekistonliklar farzandlari son jihatdan xitoyliklardan keyin ikkinchi o'rinda turadi.

“Bunday maktabning ochilishi menimcha ota-onalarga katta yordam beradi. Nimaga deganda, biz, ota-onalar ishlaymiz. Ish bilan band bo'lib, tarbiya berishga vaqtimiz bo'lmay qolishi mumkin", - deydi u.

Bruklinda yashovchi Klara Hamdamova “Vatandosh” tashkiloti Amerikadagi minglab o'zbek oilalarining katta muammosini yechishga qadam qo'yganini e'tirof etadi. O’zbekistonda o'zbek tili va adabiyoti o'qituvchisi bo'lgan Hamdamova mazkur maktabda ko'ngillilik asosida yurtdoshlari farzandlariga dars berishga tayyor ekanini aytadi va o’quv rejasini hozirdan tasavvur qilmoqda.

“Darsni eng avvalo so’zlashdan, “assalomu alaykum” deb, salomlashish odobi kabi yengil narsalardan boshlasa yaxshiroq bo'ladi, bolalar zerikmasligi uchun”, - deydi Klara Hamdamova.

Ingliz tilida burro so'zlaydigan 10 yashar Durdona yana bir immigrant oila farzandi. U Nyu-Yorkdagi maktablardan birida tahsil oladi. O'zbek tilini unutmasin deb maktabga uni onasi boshlab borgan.

“Maktabga kelib... o'zbekchani yaxshiroq o'rganishga...Shuning uchun keldim. Ayam borasan deyapti”, - deya o'z maqsadini tushuntiradi Durdona.

“Sizchi, maktabga qatnashni xohlaysizmi?” - deb so'rayman undan.

“Menga yoqdi bu maktab”, - deya kulib qo'yadi suhbatdosh.

Birinchi dars tugadi. O'quvchilar, darsni kuzatgan mutaxassislar va ota-onalar maktab ochilganidan mamnun. Tashkilotchilarning aytishicha, sinflarda bolalar sonining ortishi, ular boshlagan ta’lim loyihasi muvaffaqiyatli rivoj topishi uchun ota-onalar faol bo’lishi kerak.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG