Gumanitar yordam ko'rsatish uchun AQSh hukumatidan grant oluvchi diniy tashkilotlar davlatdan olinadigan mablag'ni missionerlik uchun ishlatishi mumkin emas. Ammo har doim ham bu tartibga rioya qilinmaydi.
AQShda asoslangan "Samaritan hamyoni" nomli xayriya tashkiloti xodimlari Mozambikda kunini ibodat bilan boshlaydi.
"Missiyamiz odamlar hayotini saqlab qolish va Iso Masih umidini ulashish", - deydi jamoa yetakchisi Nik Bekert.
"Samaritan hamyoni" Iday to'fonidan aziyat chekkan Mozambik xalqiga yordam berish uchun kelgan ko'plab diniy-gumanitar tashkilotlardan biri.
AQSh hukumatidan millionlab dollar grant oluvchi bu tashkilotlar, federal qonun talabiga ko'ra, davlat moliyalaydigan ishlarga diniy da'vatni aralashtirmasligi kerak.
"Samaritan hamyoni" qonun talablariga rioya qilishini, dindorlik hayotning uzviy qismi ekanini aytadi.
"Iso Masih umidini ulashish odamlarni dinga majburlashni bildirmaydi. Ayniqsa, yordam olishning sharti bu degan gap yo'q", - deydi Bekert.
Ba'zi tanqidchilar "Samaritan hamyoni"ni din va davlat ishini aralashtirib yuborayotganlikda ayblaydi. Tashkilot islomni yovuz deb atagan injilchi rahnamo Frenklin Grem tomonidan boshqariladi.
"To'g'risini aytsam, "Samaritan hamyoni" haqida jiddiy xavotirlarim bor. O'ta konservativ bu nasroniy tashkilotning maqsadi odamlarni o'zining diniga o'tkazish", - deydi huquq faoli Robert Boston.
Bostonga ko'ra, missioner tashkilotlar diniy ishlari uchun federal grantlardan foydalanmasligi kerak. Ularning hukumat moliyalagan loyihalarga faqat nasroniylarni ishga olishi ham noto'g'ri, deydi u. Tashkilotning Malayziyada musulmonlarni nasroniylikka undagani tanqidlarga uchragan.
Gumanitar yordamni diniy e'tiqoddan ayirib bo'lmaydi, deydi tashkilot rahbari Grem.
"Qiynalayotgan odamlarga yordam berish yo'llarini qidiramiz va buni Iso Masih nomi bilan qilamiz. Biz nafaqat yordam beramiz, balki Xudo ularni yaxshi ko'rishini, ularga g'amxo'r ekanini ham o'rgatamiz", - deydi diniy rahnamo.
Faollarning noroziligiga qaramay, Amerika prezidentlari diniy-gumanitar tashkilotlarni qo'llab-quvvatlab keladi. Shu bois davlatdan mablag' olish va jiddiy cheklovlarsiz gumanitar yordam ko'rsatish ularga qiyin emas.
Facebook Forum