Vikimaniya (Wikimania) 2005-yildan beri har yili har xil shaharda oʻtkazib kelinayotgan xalqaro anjuman boʻlib, unda asosan Vikimedia jamgʻarmasi loyihalari, xususan, Vikipediya ochiq ensiklopediyasini yangi maqolalar bilan toʻldirishga va mavjud maqolalarni boyitishga hissa qoʻshib kelayotgan shaxslar qatnashadi. Bir vaqtning oʻzida ham ilmiy konferensiya, ham maslakdoshlar yigʻini hisoblangan anjumanda ochiq manbali va erkin dasturlardan tortib, dunyoning deyarli barcha tillarida viki loyihalarni targʻib qilish va mavjud loyihalarni yanada takomillashtirish masalalari muhokama qilinadi.
Bu yilgi konferensiya Shvetsiya poytaxti Stokgolm shahrida boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy Osiyodan faqat bir shaxs – oʻzbekcha va inglizcha Vikipediya sahifalari faollaridan biri, qirgʻizistonlik Nodir Atayev qatnashdi. U viki loyihalarga Nataev logini bilan hissa qoʻshib keladi.
Vikimaniya - 2019 anjumanida olgan taassurotlari, Vikipediya kabi loyihalar va ularga boshqalar qanday hissa qoʻsha olishi hamda Vikimaniya konferensiyasida qatnashish shartlari haqida Nodir Atayev bilan suhbat o'tkazdik.
- Vikimaniyada necha marta qatnashgansiz?
- Stokgolmda boʻlib oʻtgan bu yilgi Vikimaniya men uchun beshinchisi boʻldi. Bundan avval Vashington (2012), London (2014) shaharlarida, Italiyaning Ezino-Lario (2016) kommunasida hamda Janubiy Afrika Respublikasining Keyptaun (2018) shahrida boʻlib oʻtgan vikimaniyalarda ham qatnashganman. Vikimedia jamgʻarmasi loyihalariga faol hissa qoʻshib kelayotganim uchun beshala anjumanda ham grant asosida qatnashdim. Yaʼni, jamgʻarma konferensiya bilan bogʻliq barcha xarajatlarimni qoplab berdi.
- Konferensiyada kim ishtirok eta oladi?
- Vikimaniyada siz ham qatnasha olasiz. Buning uchun Vikimedia jamgʻarmasining loyihalarida faol ishtirok etishingiz kerak. Jamgʻarmaning eng mashhur loyihasi Vikipediyadir. Ammo Vikiombor, Vikilugʻat, Vikimaʼlumot kabi Vikipediyaga qardosh loyihalarga ham hissa qoʻshishingiz mumkin.
- Anjumanda oʻzbekcha Vikipediyaning boshqa faollari ham qatnashib turadimi?
- Avvalgi yillarda oʻzbekcha Vikipediyadan yana ikki ishtirokchi – Casual va Lingveno logini bilan tahrir qiluvchi foydalanuvchilar qatnashgan. 2012-yilgi konferensiyada men ham, Casual ham oʻzbekcha Vikipediyaning oʻsha paytdagi ahvoli haqida prezentatsiya qildik. 2016-yili esa oʻzim oʻzbekcha Vikipediyadagi oʻzgarishlar, xususan, unga Oʻzbekiston ichida qoʻyilgan toʻsiq va uni chetlab oʻtish yoʻllari haqida prezentatsiya qildim.
- Viki loyihalarga hissa qo'shishdan sizga nima manfaat bor?
- Birinchidan, ushbu loyihalarga hissa qoʻshish orqali boshqalarga erkin maʼlumot olishda yordam berasiz. Masalan, men Vikipediyada oʻzim tugʻilgan, yashayotgan shaharlar hamda oʻqigan kitoblarim haqida keng qamrovli maqolalar yozdim, Vikiomborga koʻplab shahar va qishloqlarning fotosuratlarini yukladim. Shu yoʻl bilan oʻzimga qadrdon joylar haqida boshqalar ham maʼlumot olishiga imkon yaratdim.
Ikkinchidan, tahrir jarayonida oʻzingiz yangi maʼlumot olasiz. Masalan, men Vikipediyani tahrir qilayotganimda boshqa davlatlar, tarix, ilm-fan yutuqlari va koʻplab boshqa mavzularda tinimsiz yangi maʼlumot olaman.
Uchinchidan, Vikipediyada boshqa tillardan oʻzbek tiliga yoki oʻzbek tilidan boshqa tillarga maqola tarjima qilib, oʻsha tillarni yanada chuqurroq oʻzlashtirish mumkin.
Toʻrtinchidan, oʻzbekcha Vikipediya boyisa, Google Translate kabi tarjimonlarning ishlashi yaxshilanadi. Ayni damda oʻzbekcha Vikipediyada yoritilgan mavzulardagi matnlarni Google Translate juda yaxshi oʻgiradi.
Nihoyat, yuqorida qayd etilganidek, Vikimedia jamgʻarmasi loyihalariga salmoqli hissa qoʻshsangiz, Vikimaniya konferensiyasida qatnashish uchun grant yutishingiz mumkin.
- Qoʻshni xalqlar vikillarida ahvol qanday?
- Bu yilgi Vikimaniyada Markaziy Osiyodan faqat men ishtirok etdim. Buning sababi oʻzbekcha viki loyihalardagi kabi qozoq, qirgʻiz, tojik va turkman vikillarda faol ishtirokchilarning ozligidir. Ayni damda maqola soni boʻyicha oʻzbekcha Vikipediya qozoqcha Vikipediyadan keyin ikkinchi oʻrinda.
- Viki loyihalarga hissa qoʻshmasdan ham ulardan foydalanish mumkinmi?
- Ha, albatta. Vikipediya va uning qardosh loyihalaridagi materiallardan foydalanish uchun ularni tahrir qilishingiz shart emas. Tahrir qilmay turib ham ushbu loyihalar maqolalarini bemalol oʻqishingiz mumkin.
- Vikipediya koʻpchilikka maʼlum. Qanday boshqa viki loyihalar mavjud?
- Vikimedia Jamgʻarmasining eng mashhur loyihasi Vikipediya ochiq ensiklopediyasidir. Vikipediya hashar yoʻli bilan toʻldiriladi, yaʼni uni istagan odam tahrir qila oladi. Hozirgi kunda 300 dan oshiq tildagi Vikipediya boʻlimlarida 440 milliondan ortiq maqola bor. Jumladan, ensiklopediyaning oʻzbek tilidagi boʻlimida 130 mingdan oshiq maqola bor.
Ammo oʻzvikini yanada boyitish uchun ancha mehnat qilish kerak. Hozirda koʻplab mavzuda maqola yoʻq, mavjud maqolalarning aksari yaxshi yozilmagan va ularda keltirilgan maʼlumotlar uchun yetarlicha manba koʻrsatilmagan.
Vikipediyaga qardosh loyihalardan biri Vikiombordir (Wikimedia Commons). Vikiombor erkin litsenziyali tasvir, tovush va boshqa multimedia fayllarni oʻzida jamlagan onlayn ombordir. Ayni damda Vikiomborda 55 milliondan oshiq erkin foydalanish mumkin bo'lgan mediafayl bor. Vikimedia jamgʻarmasining yana bir loyihasi Vikilugʻatdir. Vikilugʻat Vikipediyaga leksik hamroh sifatida yaratilgan. Vikilugʻatning oʻzbekcha boʻlimi ham bor. Hozirgi kunda Oʻzbek tilidagi Vikilugʻatda 160 dan oshiq tildan olingan minglab soʻzga 116 000 dan oshiq oʻzbekcha izoh bor.
Jamgʻarmaning boshqa loyihalari orasida Vikiiqtibos (taniqli shaxslar hamda asar qahramonlari iqtiboslarining erkin toʻplami; o'zbekcha boʻlimi bor), Vikimanba (erkin matnlarni oʻzida jamlagan onlayn kutubxona), Vikikitob (erkin kitoblar toʻplami), Vikiturlar (biologik turlarning erkin katalogi), Vikiyangiliklar (erkin yangiliklar sayti), Vikiversitet (taʼlim olayotganlarni va ochiq ilmiy loyihalarni qoʻllash uchun yaratilgan resurs), Vikimaʼlumotlar (onlayn maʼlumotlar bazasi) hamda Vikigid (sayohat mavzulariga bagʻishlangan erkin yoʻl koʻrsatkich) loyihalari bor. Shuningdek, jamgʻarmaning barcha loyihalarini boshqarish va ular bilan bogʻliq masalalarni muhokama qilish uchun Meta-viki yordamchi sayti yaratilgan.
Facebook Forum