O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi masalasi “Valday” klubining Samarqandda o’tgan anjumanida muhokama qilindi. Anjuman bu klubning keskin tanqidchisi, marhum prezident Islom Karimovning Samarqanddagi qarorgohida o’tkazildi. “Valday” munozara klubi xalqaro miqyosda Moskva siyosatini qo’llab-quvvatlash bilan tanilgan ekspertlar yig'iladigan doira sifatida ko‘riladi.
“Valday” klubining Samarqandda o’tkazilgan X Osiyo konferensiyasida O’zbekiston-Rossiya munosabatlari muhokamasi, xususan, O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishi masalasi yopiq eshiklar ortida muhokama qilingan.
Rossiyaning “Kommersant” nashri yozishicha, bu muzokaralarda Rossiya tomonidan MDH bo’yicha departament boshlig’i Aleksandr Sternik, elchi Vladimir Tyurdenev, O’zbekiston tomonidan Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov, Senatning xalqaro munosabatlar qo’mitasi raisi Alisher Qurmonov ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, yopiq eshiklar ortidagi muhokamada O’zbekiston tomoni bu ittifoqqa qo’shilishning iqtisodiy kafolatlari, imtiyozlar berilishi yuzasidan munozara yuritgan.
Samarqand anjumanidagi ochiq muhokamalarda masalaning siyosiy tomonlariga diqqat qaratilgani kuzatilmaydi. Ularda O’zbekiston uchun yangi iqtisodiy imkoniyatlar yuzaga chiqayotgani haqida gap boradi.
Rossiyalik ekspertlar fikricha, MDH hududida uzoq muzokaralar yuritilmaydi. Ularga ko'ra, O’zbekiston shu yilning oxirigacha yoki 2020-yilning boshida ittifoqqa qo‘shilish haqida ariza berishi kutilmoqda.
O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilish qaroriga kelgani haqida Rossiya parlamenti raisi Valentina Matvienko o’tgan oy Toshkentdagi uchrashuvlari paytida ma’lum qilgan edi.
Bu xabar jamoatchilikda keskin munozara qo’zg’adi. Hukumat bu borada biror qaror mavjud emasligi, Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilish uch yildan buyon o’rganib kelinayotgani, tadqiqotlar davom etayotgani yuzasidan bayonot qildi.
Uch yil davomida jamoatchilikka noma’lum qolgan bu jarayonning Valentina Matvienko tashrifi ortidan ochiqlanishi Toshkentga Moskva tomonidan ko’rsatilayotgan bosimlar haqidagi farazlarni yuzaga chiqardi.
Hukumat bosim mavjudligini rad etib chiqqan bo’lsa-da, bu mavzudagi so’nggi muhokamalar mamlakatdagi siyosiy doiralar, jamoatchilikdagi salbiy qarashlarning qayta tahrir qilinayotgani bilan kuzatiladi.
O’zbekistonda parlament saylovlariga tayyorgarlik ko’rayotgan siyosiy partiyalar Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishning manfaatli ekanligi, bundan, ayniqsa, Rossiyadagi millionlab mehnat muhojirlari yutishi haqida targ’ibot boshladi.
Dastlabki muhokamalarda O’zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo‘shilishi milliy manfaatlarga zid kelishi, bu sobiq SSSRga qaytish bo’lishi haqida bayonot bergan “Milliy tiklanish” partiyasi yaqindagi chiqishida bu tashkilotga qo‘shilish davlat manfaatlariga xizmat qilishi mumkinligi haqida gapira boshlagan.
Ko'plab kuzatuvchilar fikricha, O’zbekistonda bu ittifoqqa a’zolik bo’yicha borayotgan targ’ibot ohangi hukumatda bu tuzilmaga qo’shilish qarori allaqachon shakllanganidan darak beradi.
Mamlakatni chorak asr boshqarib kelgan marhum prezident Islom Karimov Rossiya yetakchiligidagi tashkilotlarga qo’shilishni siyosiy mustaqillikni qo’ldan boy berish sifatida baholab kelgan. Bu qarash jamoatchilik orasida keng tarqalgani inobatga olinsa, amaldagi hukumat, xususan, Prezident Mirziyoyev uchun bu qarorni e’lon qilish bir qadar murakkabdek ko’rinadi.
Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga qo’shilishga doir muhokamalarning marhum prezidentning Samarqanddagi qarorgohida o’tkazilgani ham diqqatli.
Bu anjumandagi muzokaralarda tashkilotga a’zolikning siyosiy oqibatlari qanday bo’lishi haqida muhokama borgani noma’lum, ammo “Valday” klubidan tashqaridagi aksariyat ekspertlar O’zbekistonning Rossiya yetakchiligidagi iqtisodiy ittifoqqa qo’shilishidagi asosiy xavfni aynan siyosiy jabhada ko’rishadi.
Facebook Forum