Rossiya va Ukraina prezidentlari 9-dekabr kuni Parijda ilk bor yuzma-yuz muloqot qiladi. Uchrashuv Ukrainadagi besh yillik urushga yakun yasashga qaratilgan Yevropa sammiti doirasida bo’lib o’tadi.
Ukraina sharqida boshlangan urushda shu paytgacha 13 ming ukrainalik hayoti boy berildi. Kreml mojaroda Rossiya qatnashmayotganini aytadi. Unga ko’ra, isyonchilar tomonidan jangga kirganlar rus askarlari emas, balki ko’ngillilardir.
Tinchlik o’rnatish uchun vositachilik qilayotgan Yevropa davlatlari hozirgacha biror muvaffaqiyatga erishgani yo’q.
Bu orada hajviy aktyor sifatida tanilgan Vladimir Zelenskiy Ukraina prezidenti etib saylandi.
U saylov paytida bergan eng katta va’da Ukraina sharqidagi urushni tugatish. Kreml ham bundan xabardor.
“U tinchlikni va’da qildi. Saylov kampaniyasidagi eng katta masala shu edi. Endi shuni bajarishga harakat qiladi. Shu bois Ukraina tomonidan biroz yengillik kutishimiz mumkin. Ba’zi masalalarda kelishuvlar ham bo’ldi”, - deydi Rossiya Xalqaro masalalar kengashi tadqiqotchisi Andrey Kortunov.
Sentabr oyida mahbuslar almashinuvi katta voqea bo’ldi.
O’tgan oy esa Rossiya bir yil avval hibsga olingan Ukrainaning uch kemasini Kiyevga qaytardi. Ammo Ukraina kemalarning yaroqsiz holga keltirilganidan shikoyat qildi.
Rossiyada “Zelenskiy effekti” ham kuzatilmoqda. Ukrainaga qarshi propaganda kuchaygan bir paytda so’rovlar rossiyaliklar qarashining yumshayotganini ko’rsatgan.
“U Rossiyada ham mashhur odam. Bir necha yil avval Moskvadagi teleseriallarda o’ynagan. Uning obro’si avvalgi prezidentga qaraganda yaxshiroq. Ancha ochiq, do’stona odam”, - deydi moskvalik Sergey.
“Rossiyada millionlab odamlar uning rollarini ko’rgan, hazillariga kulgan. U yoqimli. Dushman bunday bo’lmasligi kerak. Dushman qo’rqinchli bo’lishi lozim. Zelenskiy unday emas”, - deydi ekpert Boris Kagarlistkiy.
Ammo Ukrainada holat kulgili emas. Ukraina mamlakat sharqidagi hududlarni qayta qo’lga olishga urinmoqda. Rossiya esa bu hududlarga maxsus maqom berilishini talab qilmoqda.
Zelenskiyga o’z uyida ham siyosiy bosimlar bor. Uning tinchlik rejasi harbiy chora tarafdorlariga ma’qul emas.
Bu orada AQShda davom etayotgan impichment jarayoniga Ukraina ham aralashgan.
Parijdagi tinchlik sammitida Rossiya nefti va gazini Ukraina orqali Yevropaga yetkazish masalasi ham ko’rilishi mumkin.
Agar loyiha amalga oshsa, u o’zaro ishonch o’rnatish yo’lidagi muhim qadam bo’ladi.
Qolaversa, deydi kuzatuvchilar, tomonlarga yoqsa ham, yoqmasa ham, geografik joylashuv Ukraina va Rossiyani o’zaro hamkorlik qilishga majbur qiladi.
Facebook Forum