Breaking News

Tramp: Moliyaviy balolarda Saudiya-Rossiya mojarosi va media aybdor


Oq uy, 9-mart, 2020
Oq uy, 9-mart, 2020

AQSh rahbari koronavirusga qarshi barcha zarur chora-tadbirlar ko'rilmoqa, deya xalqni xotirjamlikka undamoqda. Qimmatbaho qog'ozlar bozoridagi "pasayish" vaqtincha, deydi u.

Tramp Kongress a'zolari bilan uchrashib, virus xavotiri sabab zarar ko'rayotgan bizneslarga soliq imtiyozlari berish taklifini muhokama qilmoqda.

“Minimal maosh bilan kun ko'radiganlar, virus xavfi sabab tirikchiligi og'irlashgan kichik va o'rta bizneslarga yordam beramiz”,- dedi Tramp, 9-mart kuni Oq uydan turib so'zlar ekan.

Qimmatbaho qog'ozlar bozorida narxlar tushib ketgani, neft bahosi birdaniga pasaygani bilan bog'liq muammolarni bugun iqtisodiy maslahatchilari bilan muhokama qilgan Tramp Moliya vaziri Stiven Mnuchindan qator takliflar olgan.

“Iqtisodiyotimiz orqaga ketmaydi. Ko'rasiz, bir yil o'tib, vaziyat joyida ekaniga guvoh bo'lasiz", - deydi Mnuchin.

Nyu-Yorkdagi moliya bozorida, 9-mart, 2020
Nyu-Yorkdagi moliya bozorida, 9-mart, 2020

Biroq AQShda turizm sanoati allaqachon 1,6 milliard dollardan oshiq zarar ko'rgan. Zarar darajasi ko'tarilmoqda va yaqin orada ahvol yaxshilanmaydi, deydi tahlilchilar.

“Aviakompaniyalar, dengiz va okean turizm sanoati, hammasi bilan ishlab, ularga ko'maklashamiz", - deydi Tramp.

Mnuchinga ko'ra, AQSh barcha moliyaviy imkoniyatlarini ishga soladi. Banklarga yordamlashish ham muhim vazifa, deydi vazir.

Tramp fikricha, "aksiya bozordagi balolarda" aslida Saudiya Arabistoni va Rossiya orasidagi neft urushi aybdor. Bu ikki davlat narx va ta'minot yuzasidan kelisholmayapti, deydi prezident. Saudiya Arabistoni va Rossiya neft ishlab chiqarishda jahonda AQShdan keyingi ikkinchi va uchinchi o'rinlarda.

“Buning ustiga soxta xabarlar ham tinmayapti", - deydi Tramp OAV va jurnalistlarni "uydirma axborot" tarqatganlikda ayblar ekan.

Tramp nazarida nef bahosi tushgani xaridor uchun yaxshi.

Qimmatbaho qog'ozlar bozorini kuzatayotganlar va zarar ko'rayotganlar bunday fikrda emas.

Koronavirusni yuqtirganlar AQShda hozirda 36 shtat va poytaxt Vashingtonda qayd etilib, bemorlar 715 nafardan oshgan. 26 kishi undan jon bergan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG