Breaking News

O'zbekistonda koronavirus epidemiyasi qachon tugaydi?


O'zbekistonda koronavirus qachon kamayadi?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:16 0:00

Koronavirus infeksiyasi aniqlanganlar soni 600 ga yaqinlashayotgan O’zbekistonda epidemiya hali o’z cho’qqisiga chiqmagan, deydi mutaxassislar.

So’nggi kunlarda mamlakatda virus yuqtirganlar sonidagi keskin o’sish test sinovlari o’tkazish ko’paygani bilan izohlandi.

Bosh sanitar shifokor Nurmat Otabekov koronavirus bilan bog’liq holat ko’tarilish davrida ekanligidan, kasallik cho’qqisi biror haftalardan so’ng kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Mutaxassislarga ko’ra, virusni yengishda test sinovlari ko’lami muhim o’rin tutadi. Epidemiya cho’qqiga chiqqan davlatlarda bir kunda o’rtacha 20 ming, Germaniyada hatto 50 minggacha test sinovlari o’tkazilayotgan bo’lsa, O’zbekistonda bu ko’rsatkich karantin e’lon qilingan muddatdan hozirga qadar 70 ming atrofida qolmoqda.

Bu virus yuqtirgan, ammo belgilari yashirin kechayotgan odamlar katta ehtimol bilan virus tarqatishda davom etayotganini anglatadi.

Mamlakat bo’ylab alohida tibbiy nazoratdagi aholi soni 100 mingdan oshgan, ularning 20 mingdan oshig’i karantin markazlarida saqlanmoqda.

Test sinovlari o’tkazish imkoniyati cheklangan bir paytda karantin choralarini kuchaytirish, kasallik alomati bor-yo’qligidan qat’i nazar, odamlarning uyda qolishi, “o’z o’zini yakkalash” tartibi aynan shunisi bilan muhim ko’riladi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida o’zbekistonlik mutaxassislar tomonidan virusni aniqlashtiruvchi testlar yaratilgani, aprel oyi oxiriga borib 50 ming dona test ishlab chiqarilishi kutilayotgani inobatga olinsa, katta ehtimol bilan may-iyun oylariga borib kasallanganlar soni keskin ortishi, epidemiya cho’qqisiga chiqishi mumkin.

Bu cho’qqiga O’zbekiston sog’liqni saqlash tizimi qanchalik tayyorligi mavhum.

Koronavirus dunyoning eng rivojlangan davlatlarida ham sog’liqni saqlash tizimini mutlaqo tang vaziyatda qoldirdi; maxsus palatalar, sun’iy nafas berish apparatlari, tibbiy himoya jihozlari, shifokorlar, hamshiralar yetishmovchiligi yuzaga chiqdi.

O’zbekiston sog’liqni saqlash tizimining epidemiyaga hozirligiga doir so’nggi xabarlarda Rossiyadan 500 ga yaqin sun’iy nafas oldirish apparatiga buyurtma berilgani ta’kidlangan edi. Bu buyurtma mamlakatga yetkazilganmi, yo’qmi, hozircha noma’lum.

O’zbekiston karantin markazlari bilan birgalikda koronavirusdan davolanishga ixtisoslashgan maxsus shifoxonalar qurilishini ham tezlashtirdi.

Ayni paytda koronavirusga chalinganlarning asosiy qismi Toshkentdagi Virusologiya instituti shifoxonasida davolanmoqda.

Hozirgacha virusdan sog’ayganlar soni 40 dan oshgan, 6 nafar o’zbekistonlik qurbon bo’ldi; ularning uchtasi epidemiya o’chog’iga aylangan AQShda vafot etgan bo’lsa, uchta o’lim holati O’zbekistonda qayd qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev karantin e’lon qilinishidan hozirgacha uch marotaba xalqqa murojaat bilan chiqdi. U aholini karantin choralariga rioya etishga, sababsiz uydan chiqmaslikka chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG