Venesuela rahbari Nikolas Maduro deydiki, hozir uning hukumati qo'lida bir necha terrorist bor va ular bu davlatga qarshi jinoyatlar qilishga harakat qilgan. Bu qora ishlar ortida esa Amerika turibdi, deydi u.
Maduroga ko'ra, Jordan Gudro Florida shtatidan Venesuelaga yuborilishi kerak, chunki bu odam AQSh maxsus kuchlari yordamida uni yo'qotib, bu mamlakatni beqarorlashtirishga urinmoqda.
Gudroning shu kunlarda chiqqan videosida u Amerikadagi hamkorlari haqida gapirib, ularni mohir zobitlar deya tasvirlaydi.
Maduro Vashingtonga "esingizni yig'ib oling" deb, uning hukumati qo'lidagi amerikaliklar qiynoqqa solinmayapti, aksincha ularga yaxshi qaralmoqda, degan.
Amerikaliklar, Maduroning aytishicha, Venesuelaga Kolumbiya orqali kirgan. Maxsus operatsiyada sakkiz kishi o'lgan.
Kolumbiya ham, AQSh ham bu ayblovlarni inkor etib, Maduroga qarshi hech qanday reja yo'q, deya bong urmoqda.
Vashington rasmiylari deydiki, hozirda Jordan Gudroning iddaolari tekshirilmoqda. U qurol savdosida gumon qilinadi. AQSh huquq-tartibot organlari nazarida Gudro o'zining qora ishlarini Amerikani Venesuela rahbarini yangilash harakatida ayblab, yopish ilinjida.
Kongress a'zolari Davlart departamentidan Venesuela bilan bog'liq savollarga javob berishni hamda batafsil hisobot taqdim etishni talab qilmoqda.
Vashington Maduroni qoradori savdosida ayblab keladi va uni tutishga yordam bergan tomonga 15 million dollar va'da qilgan.
Biroq, deydi rasmiylar, Amerika hukumati Gudro bilan hamkor emas. Aksincha, bu shaxsga jinoyatchi sifatida qaraydi, ya'ni u - noqonuniy qurol savdosini kengaytirib, daromad qilib yurgan odam.
Kolumbiya hukumati ham Gudroni tutishni xohlaydi.
Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko'ra, Gudro Amerika uchun hech kim emas.
"Agar biz bu ishlarga bosh suqqanimizda, manzara hozir umuman boshqacha bo'lar edi", - deya hazil qildi Pompeo. "Biz bu qora ishlarni fosh etamiz va haqiqatni aytamiz".
Gudro esa Amerikaga Madurodan qanday qutulish borasida maslahat berayotganini da'vo qilishdan to'xtamayapti. Venesueladagi mahbuslar uning odamlari ekanini aytadi.
Axborot agentliklari bilan telefon suhbatda Gudro Maduroni ag'darish uchun Venesuela qurolli kuchlari ichiga odamlarni qo'yish kerak, deya ta'kidlaydi, toki ular harbiylarni davlat rahbarini qulatishga undasin.
Gudro deydiki, uni Venesuelaning AQSh tomonidan quvvatlanayotgan lideri, muxolifatchi Xuan Guaydo yollagan. Buni tasdiqlovchi sakkiz betlik hujjat bor, deydi u, va unda Guaydoning imzosi bor. Guaydo hozircha bu borada lom-mim demagan. Lekin u Maduroni tuhmat va fitnada ayblaydi.
Facebook Forum