Afg’oniston “Milliy Junbish” partiyasi rahbari Abdul Rashid Do’stumga marshal unvoni rasman taqdim etildi. Shibirg’on shahrida o’tgan tadbirda so’zlar ekan, u xorijiy askarlarning Afg’onistonni tark etayotganiga to’xtalib, AQSh shoshayotganiga ishora qildi.
“Xalqaro hamjamiyat, NATO, Amerikaga yordamlari uchun tashakkur bildiramiz. AQSh siyosatchilariga shuni aytamanki, ular xalq ovozini to’plash uchun, Prezident Tramp qayta saylanishi uchun, dunyoda yetakchi bo’lgan harbiy kuchini savollar bilan yuzlashtirmasin. Agar Amerika shoshayotgan bo’lsa, igna bilan yig’ib shoxa bilan sochgan bo’ladi, do’stlaridan ayriladi”, - deydi marshal Do’stum.
Abdul Rashid Do’stumning yelkasiga marshal nishonini taqqan “Milliy Bardamlik” oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla mamlakatdagi joriy vaziyat xavotirli ekanini ta’kidlaydi.
“Har bir guruh urush bilan hokimiyatga yetmoqchi bo’lsa, xato o’ylaydi. So’nggi 40 yilda olgan asosiy tushunchamiz shu bo’lsa kerak”, - dedi Abdulla.
“Milliy Junbish” partiyasi rahbari Abdul Rashid Do’stumga marshal unvonini taqdim etish marosimida Turkiya va O’zbekiston kabi davlatlarning siyosiy vakillari ham qatnashdi.
O’zbekistonning Kobuldagi muxtor elchisi Yodgorxo’ja Shodmonov tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigini o’qib eshittirdi.
Unda Do’stumning faoliyatlari olqishlangan, “hayratomuz g’alabalarga erishgan jasoratli sarkarda” deya ta’riflangan.
“Abdul Rashid Do’stum, sizni O’zbekison xalqi va shaxsan o’z nomimdan eng yuksak harbiy unvon, marshal unvoni taqdim etilganligi bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu oliy martabaga erishganingiz, sizning shaxsiy sifatlaringiz, olib borayotgan teran siyosatingiz va mustahkam davlatchilik mavqeingiz mahsuli bo’lib, mamlakat siyosiy-ijtimoiy hayotidagi tutgan yuqori o’rningizning yaqqol dalilidir. Biz sizni millatparvar inson, tajribali rahbar, shijoatli va o’z ishiga sodiq siyosatchi hamda hayratomuz g’alabalarga erishgan jasoratli sarkarda sifatida bilamiz”, - deyiladi O’zbekiston prezidenti tabrigida.
Marshal Abdul Rashid Do’stum, unga ruxsat berilgan taqdirda, olti oy mobaynida mamlakat bo’ylab xavfsizlikni ta’minlay olishiga ishonch bildiradi.
Do’stum Afg’oniston ta’rixidagi uchinchi marshaldir.
Facebook Forum