Prezidentlikka demokrat nomzod Jo Bayden AQShni xalqaro aloqalarda hamkorlik yo’liga qaytarishga va’da bermoqda. Donald Trampning “Amerika birinchi” degan siyosati mamlakat obro’si va mavqeini “chilparchin” qildi, deydi sobiq vitse-prezident.
Bayden e’lon qilgan dasturda shunday yozilgan: “Amerika bugun yolg’iz. Iqtisodiyotimiz avvalgidan zaifroq. Demokratiyamiz, qadriyatlarimiz va birligimiz xavf ostida”.
Kelasi oy partiyaviy qurultoyda Demokratik partiyadan rasman prezidentlikka nomzod bo’lishi kutilayotgan Bayden Trampni xalqaro sahnadan “chekinganlikda” tanqid qilmoqda.
Uning ta’kidlashicha, amaldagi prezidentning qarorlari g’animlarga “bo’shliqni to’ldirishga imkon berdi”, Trampning o’zi esa “Amerika diplomatiyasini so’ndirdi, xalqaro majburiyatlarini parchalab tashladi, ittifoqchilikni zaiflashtirdi va AQShga bo’lgan ishonchni yemirdi”.
“Demokratlar Donald Trampning yana to’rt yilga saylanishi mavqeimizni tuzatib bo’lmaydigan darajaga olib keladi deb hisoblaydi”, - deydi Bayden.
“Amerika birinchi” degan sahifani yopish ishning boshlanishi xolos. Dunyoni Tramp olib kelgan vayronalikdan oldingi holatida emas, boricha qabul qilishimiz kerak. Amerika yetakchiligini tiklashning o’zigina yetmaydi, uni yangi davrga moslashimiz lozim”.
Tramp: Bayden layoqatsiz
Tramp Baydenni aqliy qobiliyati sust deya kamsitib kelmoqda.
“Prezidentlik o’tkir va kuchli bo’lishni va boshqa xususiyatlarni talab qiladi”, - deydi Tramp.
Demokrat nomzod dasturini e’lon qilishiga javoban Tramp kampaniyasi quyidagi bayonot bilan chiqdi:
“Jo Baydenning siyosiy jihatdan yon berishga moyilligi Amerika milliy xavfsizligi uchun halokatli bo’lgan. Prezident Tramp esa mamlakat harbiy qudratini tiklash, qidiruvdagi ikki terrorchi va IShID xalifaligini yo’q qilish, davlatimizga ziyon yetkazmoqchi bo’lgan xorijiy dushmanlarga siyosiy va iqtisodiy bosim o’tkazish va’dasini bajardi”.
Baydenga ko’ra esa Tramp “demokratiya va inson huquqlarini himoya qilish o’rniga avtokratlarga xushomad qildi, zulmkor rahbarlarga sevgi maktublari yozdi, tinch namoyishchilarning emas diktatorlarning yonini oldi va saylovlarimizga xorijiy aralashuvga ko’z yumdi”.
Prezident Yevropadagi ittifoqchilarni tanqid qilib, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Xitoy Prezidenti Si Zinpin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Unni do’st deb bilgani uchun tanqidlarga uchragan.
“Bitmas urushlarni tugatish o’rniga u bizni yangi mojarolar yoqasiga olib keldi, tashqi siyosatimizni harbiylashtirdi. Yadro xavfini kamaytirish o’rniga uni oshirdi va dunyoni falokatga yaqinlashtirdi”, - deydi sobiq vitse-prezident.
Harbiy xarajatlar
Tramp boshqaruvi davrida harbiy xarajatlar keskin oshdi. Bayden bu xarajatlarni kamaytirishini aytmoqda.
“Kamroq pulga ham kuchli mudofaa va xavfsizlikni ta’minlay olamiz”, - deydi u.
Bayden, shuningdek, Rossiya bilan yadro qurollarini nazorat qilish bo’yicha kelishuv muddatini uzaytirish, NATO harbiy alyansi bilan aloqalarni kuchaytirish, Eronni yadroviy maqsadlaridan qaytarishga qaratilgan xalqaro kelishuvga qayta qo’shilishni rejalamoqda.
Ichki siyosatga kelganda Bayden keksalar uchun tibbiy sug’urtani kengaytirishini bildirgan, ammo “Medicare” deb atalmish bu dasturni yoshidan qat’i nazar barchaga taqdim etishni taklif etmayapti. Prezidentlikka nomzodlarni saralash bosqichida bu mavzuda ko’p bahslar bo’lgan edi.
“Partiyamiz tibbiy sug’urtani kengaytirish va mustahkamlashni istayotgan faollar, shuningdek, “Medicare” yondashuviga xayrixoh taraflar bilan faxrlanadi. Barchasi sog’liqni saqlash inson huquqi ekanini ta’minlash uchun muhim”, deyiladi demokratlar dasturida.
Facebook Forum