Breaking News

Tele-tibbiyot, tele-salomatlik tizimlari AQShda tobora kengaymoqda


Davlat tele-tibbiyot uchun ko'proq sarmoya qiladi, deydi Prezident Tramp
Davlat tele-tibbiyot uchun ko'proq sarmoya qiladi, deydi Prezident Tramp

Tramp ma'muriyati tele-salomatlik va tele-tibbiyot yo'nalishlarini kengaytirishga harakat qilmoqda. Oq uyga ko'ra, sog'liqni saqlash tizimiga masofadan xizmat ko'rsatishni rivojlantirish uchun ko'proq imtiyozlar beriladi. Prezident Tramp Kongressni tegishli qonunlar chiqarishga undamoqda. Amerikaliklar tibbiy sug'urta uchun oyiga o'rtacha 400-450 dollar sarflaydi. Sug'urta tele-tibbiy xizmat va koronavirus muolajasini ham qoplashi kerak.

"Yodda tuting, tele-tibbiyot, sog'liqni saqlashda masofadan turib xizmat ko'rsatish sistemasi buyog'iga faqat rivojlanadi. Farmon bilan muhrladik buni", - deydi prezident.

Olis hududlarning aholisi, koronavirusga chalinish xavfi yuqori bo'lgan toifa - katta yoshdagilar tashqariga chiqadigan va o'zi yurib shifokor yoki kasalxonaga boradigan payt emas. Sug'urta kompaniyalari esa bunday tibbiy xizmat uchun xarajatni to'liq qoplashi shart, deydi prezident. Oq uy Kongressni bu borada sust harakat qilayotganlikda ayblaydi.

"Biz tele-salomatlik bilan bog'liq texnoligiya va tizimlarga allaqachon juda jiddiy ko'z bilan qaraymiz va tibbiy xizmat va yordam bobida davlat olib boradigan dasturlarning hammasiga kiritilgan. Ya'ni, masofadan turib, onlayn tibbiy yordam va xizmat qoplanadi".

Hozirgacha tele-salomatlik va tele-tibbiyot programmalarini yirik kasalxona va sog'liqni saqlash muassasalari yuritgan bo'lsa, endilikda kichik va o'rta toifadagi klinikalar va xastaxonalar ham, xususan yirik shaharlardan uzoqda bo'lgan joylardagi tibbiy dargohlar ham qo'llay boshlagan.

Kamchiliklar ko'p, deydi mutaxasislar. Inson hayotini bunday yo'l bilan asrab qolish yoki salomatlikni har doim ham to'g'ri baholash qiyin. Lekin pandemiya jamiyatni yangicha yo'llardan borishga majbur qilmoqda. Yuzma-yuz ko'rishish xavfli ekan, odamlar texnologiyaga yanayam tayanmoqda.

"Qishloqlarda yashaydigan odamlarning salomatligiga befarq emasmiz. Biz bu aholini himoya qilamiz. Tele-tibbiyot to'g'risidagi farmon bilan biz mamlakat bo'ylab yangi tizimlar, yangi infrastruktura vujudga kelishiga turtki berayapmiz. Kommunikatsion tizimlarimiz takomillashishi zarur", - deydi Tramp.

AQShda tele-salomatlik yo'nalishini rivojlantirish uchun Vashingtonda uch organ mas'ul: Qishloq xo'jaligi vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi va Federal kommunikatsiya komissiyasi. Birgalikda yangi sistema barpo etilishi kerak.

Hozirgacha qilingan harakatlar asosan xususiy sektor tashabbuslari bo'lib, tibbiyot yo'nalishidagi kompaniyalar hukumatdan imtiyozlar so'rab kelayotgan edi.

AQShda tele-tibbiy xizmat asosan favqulodda hollarda, hamshira maslahati kerak bo'lganida va imkoniyati cheklanganlar uchun ko'rsatiladi.

Hozirga kelib turli muolajalar uchun ham qo'llana boshlagan. Buning uchun albatta ilg'or texnologiya, bilim va tajriba zarur. Mutaxassislarga ko'ra, pandemiya bu sohani tezroq va samarali ishlashga majbur qilmoqda.

Oq uy farmoni sog'liqni saqlash sanoati istayotgan barcha o'zgarishlarni qilish uchun yetmaydi. Kongress keng ko'lamli qonun qabul qilishi kerak, deydi ekspertlar. Demokrat va respublikachilar orasida bu borada yakdillik bor, deydi qonunchilar, biroq so'ralayotgan qonun prezident saylovigacha chiqmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG