Qirg'iziston poytaxti notinch. Norozi fuqarolar 5-oktabr kuni davlat rahbari va parlament idoralari joylashgan imoratga bostirib kirib, majmuani vayron qilgan. Shuningdek, shaharning boshqa bir qismida sobiq prezident Almazbek Atambayev va sobiq deputat Sadir Japarov namoyishchilar tomonidan panjara ortidan ozod etilgan. Xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarshi ko'zni yoshlantiruvchi gaz qo'llagan. O'nlab odamlar jarohatlangan. Prezident Sooronboy Jeenbekov noma'lum maskandan turib, xalqqa murojaat qilib, vaziyat nazorat ostida ekanini aytgan. Unga ko'ra, qonunni buzganlar javobgarlikka tutiladi. 4-oktabrda o'tgan parlament saylovlari yuzasidan shikoyatlar birma-bir ko'rib chiqiladi, deydi Jeenbekov. Namoyishchilar saylov natijalaridan norozi va natija bekor qilinishini talab qilmoqda. Saylovda hukumatga yaqin partiyalar eng ko'p ovoz olgan. Jami 16 partiya ishtirok etgan. Prezident Jeenbekov ularning liderlarini muzokaraga chaqirgan. Tinchlik va barqarorlikni ta'minlash - asosiy maqsad, deya eslatmoqda ma'muriyat.