Breaking News

Tramp siyosati AQSh immigratsiya tizimini qanchalik o’zgartirdi?


AQSh Prezidenti Donald Tramp davrida immigratsiya bo’yicha nazorat ancha kuchaydi. To’rt yilning ichida sohaga doir 400 dan ortiq hujjat qabul qilindi.

Mamlakat rahbari nazarida, Amerika har kimga quchoq ochavermasligi kerak; mamlakat uchun haqiqatdan ham zarur bo’lgan shaxslar, “miya” muhojirlarnigina qabul qilish kerak. Ba’zilar uning bu qarashlarini qo’llab-quvvatlasa, boshqalar uni beshafqat siyosat yuritayotganlikda ayblamoqda.

Ayniqsa, AQSh-Meksika chegarasida ota-onasidan ajratib qo’yilgan bolalarning hali ham oilasini topa olmayotgani keskin tanqid ostiga olinmoqda.

Eslatib o’tamiz, Tramp prezidentligining dastlabki davrida noqonuniy immigratsiyani to’xtatish uchun AQSh-Meksika chegarasida bolalarni ota-onasidan ajratish siyosatini joriy qilgan edi. Natijada 545 nafar bola ota-onasini yo’qotgan. Chegarada bo’linib qolgan muhojir oilalarning farzandlari Amerika bo’ylab maxsus boshpanalarga tarqatib yuborilgan. Ular hali ham ota-onalarini topa olmayapti. Federal sud bolalarni ota-onasi bilan birlashtirish haqida qaror chiqargan bo’lsa-da, muammo to’liq hal qilinmagan.

Bundan tashqari, Tramp yaqinda hujjatsiz muhojirlarni aholining bir qismi deb hisoblashni taqiqlovchi farmonga imzo chekdi. Noqonuniy muhojirlarning, AQSh qonunlarini buzgan kishilarning Kongressdagi o’rinlarga ta’sir qilishi, siyosiy kuchga ega bo’lishi demokratik tamoyillarga qarshi borishdir, deb izohlagan bu qarorini hukumat.

30-noyabrda Oliy sudda bu masala yana muhokama qilinadi. Bundan tashqari, Oliy Sud kelasi yil yana ikki masalani ko’rib chiqadi. Biri AQSh-Meksika chegarasida qurilgan devor sarf-xarajatlariga doir bo’lsa, ikkinchisi boshpana so’rayotgan Meksika fuqarolarinining masalasiga oid.

Tramp ma’muriyati boshpana istab murojaat qilganlar ishi ko’rib chiqilgunga qadar Meksika hududida qolishi shart, degan tartibni e’lon qilgan edi.

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi sudlanganlar yoki avval ham AQShga noqonuniy kirishga uringan, shuningdek, taqiqlangan moddalar, ashyolar saqlagan shaxslarga boshpana bermaslikni taklif qilgan. Shuningdek, sudlanganligi olib tashlangan bo’lsa ham, boshpana berilmaydi.

Boshpana olishni istagan shaxslar AQShga kirganidan keyin bir yil ichida murojaat qilmasa, hujjati qabul qilinmaydi.

Qolaversa, yangi farmonda noqonuniy muhojirlar deportatsiyasini tezlashtirish bo’yicha ko’riladigan choralar tilga olingan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG