Pandemiya sharoitidagi hamkorlik, pandemiya ortidan mintaqaviy iqtisodiyotni tiklash masalalari 16- noyabr kuni ish boshlagan “Markaziy Osiyo savdo forumi”da muhokama qilinmoqda.
AQShning Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tashabbusi bilan o’tkazilayotgan bu an’anaviy yillik forum o’zining 10 uchrashuvini pandemiya sharoitida, onlayn muloqot tarzida o’tkazmoqda.
20-noybrgacha davom etuvchi forumda Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikka doir bir qator dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Jumladan, o’zaro savdo, transport va logistika, turizm, tadbirkolik, ayollar biznesi, pandemiya davridagi siyosiy-ijtimoiy vaziyatning mintaqa iqtisodiyotiga ta’siri, pandemiyadan keyingi iqtisodiy tiklanish imkoniyatlari yuzasidan rasmiylar, xalqaro va mintaqaviy ekspertlar o’z mulohazalari bilan qatnashadi.
Anjuman doirasida, ayniqsa, pandemiya davrida elektron biznes imkoniyatlarini kengaytirish masalasi ham o’rin olgan.
Forum ochilishida qatnashgan AQShning Qozog’istondagi elchisi Ulyam Mozer bergan ma’lumotlarga tayanilsa, 10 yil avval Markaziy Osiyo taraqqiyoti o’zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikka bog’liqligi haqidagi ishonchga muvofiq ish boshlagan bu forum hozirgacha mintaqaviy hamkorlik rivoji uchun muhim hissa qo’shgan.
Ta’kidlanishicha, so’nggi 10 yil davomida mintaqa davlatlarining o’zaro savdo ko’rsatkichlari bir necha borobarga oshgan, oxirgi to’rt yilda esa bu ko’rsatkich yiliga 4 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Ulyam Mozerning ta’kidlashicha, pandemiya iqtisodiyotga, jumladan, Markaziy Osiyo iqtisodiga ham jiddiy zarba berdi.
AQSh pandemiya inqirozini yengib o’tish, mintaqa iqtisodi tiklanishi uchun ko’mak ko’rsatishga tayyor.
Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi Afg’oniston bozori hisobiga ham kengayib borayotgani qayd qilinadi, xususan, USAID hamkorligida Markaziy Osiyo davlatlari va Afg’oniston o’rtasida so’nggi to’rt yil davomida tuzilgan savdo-iqtisodiy bitimlar 240 million dollarni tashkil qilgan.
Markaziy Osiyo va Afg’oniston hamkorligi mintaqa uchun yangi imkoniyatlar ochishini O’zbekiston tomonidan chiqish qilgan Investitsiya va tashqi savdo vaziri o’rinbosari Laziz Qudratov ham ta’kidlab o’tdi.
Afg’onistonning Janubiy va Markaziy Osiyoni bog’lovchi muhim bozor, savdo yo’li bo’lishi bu mintaqa uchun yangi imkoniyatlar berishiga umid qilinmoqda.
Afg’oniston va Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi, ayniqsa, O’zbekiston misolida jiddiy siljishlar kuzatiladi. “Markaziy Osiyo savdo forumi” ish boshlashidan bir necha kun oldin O’zbekiston prezidenti Afg’oniston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish to’g’risidagi qarorga imzo chekkan edi.
Bu qarorga muvofiq, O’zbekiston tomoni Afg’oniston bilan o’zaro savdo iqtisodiy ko’rsatkich hajmini 2023-yilga qadar yiliga 2 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilmoqda.
Buning uchun Afg’oniston bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida erkin savdo hududlari tashkil etish, tovarlar o’tkazilishi, ayirboshlashni soddalashtirish, Afg’oniston bilan aviaqatnovlarni tiklash, savdo uylari, vakolatxonalar ochish, shuningdek, investitsiya va tashqi savdo vazirining Afg’oniston bilan iqtisodiy hamkorlik bo’yicha o’rinbosari lavozimi joriy etilishi ham ko’zda tutilgan.
Qarorga ko’ra, shuningdek, Investitsiya va tashqi savdo vazirligi Afg’oniston tomoni bilan hamkorlikda o’zaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan “Yo’l xaritasi” ishlab chiqishi kerak.
Markaziy Osiyo va Afg’oniston iqtisodiy aloqalari, xususan, Afg’onistonni mintaqa iqtisodiy hamkorligiga faol jalb etish istiqbollari, mintaqa bozorini kengaytirish, yangi savdo yo’llari, transport koridorlari muhimligi “Markaziy Osiyo savdo” forumida ham ekspertlar tomonidan munozara qilinishi kutilmoqda.
Besh kun davom etadigan bu forumning 18-noyabr kungi sessiyasida afg’on ishbilarmonlari, ekspertlari ishtirok etadi, “Markaziy Osiyo biznes imkoniyatlari afg’onistonliklar nigohida” mavzusi muhokama qilinadi.
Forumning 19-noyabr kungi sessiyasi Markaziy Osiyoda suvdan unumli foydalanish, energetik hamkorlik masalasi bo’yicha munozara o’tadi, unda AQShning O’zbekistondagi elchisi Deniel Rozenblum ham qatnashishi kutilmoqda.
20-noyabr kuni o’z ishini yakunlaydigan bu forumning keyingi yig’ilishi katta ehtimol bilan O’zbekistonda o’tishi mumkin. O’zbekiston hukumati vakili o’z chiqishida “Markaziy Osiyo savdo forumi”ning ahamiyati mintaqaviy hamkorlik rivojlanishi uchun muhimligini ta’kidlar ekan, forum doirasida keyingi yillik uchrashuvni O’zbekistonda o’tkazish taklifi bilan chiqdi.
Facebook Forum