Breaking News

Ekspertlar: Yaqin Sharqda AQSh e'tiborini terrorizmga emas, Xitoyga qaratadi


Birlashgan Arab Amirliklarida "Xitoy haftaligi", 18-iyul, 2018
Birlashgan Arab Amirliklarida "Xitoy haftaligi", 18-iyul, 2018

Bayden ma’muriyati Yaqin Sharqda Obama davridagi siyosatga qaytish haqida o’ylanar ekan, Xitoyning bu mintaqada o’sib borayotgan roli masalaga murakkab tus bermoqda.

Xitoy 2020-yilning birinchi yarmida arab davlatlarining eng yirik savdo hamkoriga aylandi – oradagi savdo aylanmasi 115 milliard dollardan oshgan. Pekin 12 arab davlati bilan strategik sheriklik aloqalarini ham o’rnatgan.

Ommaviy so’rovlarga qaraganda, region aholisi AQShdan ko’ra Xitoyga ko’proq ijobiy nazar bilan qaraydi. Prinston universiteti qoshidagi “Arab Barometri” markazi Jazoir, Iordaniya, Livan, Liviya, Marokash va Tunisda o’tkazgan so’rovlardan shunday xulosa qilingan.

Xitoy hukumati mintaqaviy targ’ibotida “Bir makon, bir yo’l” iqtisodiy loyihasidan foydalanib keladi. Vashington buni mamlakatlarni qarz tuzog’iga tushirish deya tanqid qilsa-da, 18 mamlakat, jumladan Isroil, loyihaga qo’shilgan.

Trillion dollarlik bu tashabbus orqali Xitoy Osiyo, Yevropa va Afrikaga sarmoya olib kirmoqda.

“Bu joylarni bir-biriga bog’lash uchun Xitoy portlar va harbiy bazalarni qurish, qurishda yordamlashish yoki moliyalashda faol qatnashmoqda. Shu tariqa Yaqin Sharq hukumatlari bilan kuchli iqtisodiy-strategik sheriklik aloqalarini o’rnatmoqda”, - deydi Tashqi siyosat tadqiqotlari instituti rahbari Robert Kaplan.

Yaqin Sharq orqali Yevropani Sharqiy Osiyo bilan bog’lab, Xitoy Afro-Yevrosiyo savdo yo’llarini egallashi mumkin, deydi u.

“Tuganmas urushlar”

So’nggi 20 yil mobaynida Vashingtonning Yaqin Sharq va janubi-g’arbiy Osiyoda faolligi avvaliga oshgani va so'ng pasaygani kuzatildi. Iroq va Afg’onistondagi ko’p yillik urushlardan so’ng AQSh qonunchilari orasida mintaqada harbiy harakatlarni davom ettirishga ishtaha yo’q.

Sobiq prezident Barak Obama Yaqin Sharq azaldan mojarolar girdobida bo’lganini, Donald Tramp esa “tuganmas urushlarni” ortda qoldirish kerakligini ta’kidlagan.

“Amerikaliklar, xavfsizlik bo’yicha ekspertlar Yaqin Sharq bilan band bo’lib boshqa muhim mavzulardan chag’iyapmiz, deya 20-30 yildan buyon shikoyat qilib kelmoqda”, - deydi Kentukki universiteti professori Robert Farli.

Xitoy va AQSh o’rtasidagi keskin raqobat, tahlilchilar fikricha, AQSh siyosatida Yaqin Sharqning strategik ahamiyatini pasaytirish xohishini yanada kuchaytirgan.

Robert Kaplan deydiki, Pekin bu bo’shliqni to’ldirishi oxir-oqibat AQSh uchun xavf tug’diradi.

“Shunday xavf bor, chunki so’nggi yillarda Vashingtonda Yaqin Sharqdan chiqib ketishimiz, urushlarni bas qilishimiz kerak, degan bayonotlar yangrayapti. Mintaqani butunlay yoki qisman tark etsak ham bu Xitoy uchun ulkan imkoniyatlarni ochib beradi”.

Eron – tabiiy hamkor

Xitoy regionda AQShning do’st va dushmanlari birdek hamkorlik qilishga tayyor. Sanksiyalar bosimi ostidagi Eron iqtisodiy va harbiy yordamni Xitoydan olmoqda. Pekin esa arzon energiya manbalariga muhtoj.

Xitoy rahbari Si Zinpinning tashrifidan so’ng ikki mamlakat 2016-yilda “keng qamrovli strategik sheriklikka” kelishib olgan edi. Xalqaro aloqalar bo’yicha mutaxassis Vochek Michnikka ko’ra, Yaqin Sharqdagi nufuzli davlatlar orasida Eron Xitoyning tabiiy hamkoridir.

“Ayniqsa 2003-yilda AQSh Iroqni bosib olganidan so’ng Eronning mintaqada mavqei oshdi, Tehron Suriya va Yaman kabi davlatlarda proksi guruhlardan foydalanib kelmoqda”, - deydi u.

Hozirda Xitoy Eronning eng yirik savdo hamkorli va neft xaridori. Xitoy esa Eron mahsulotlarining eng katta importyori va xorijiy sarmoya manbai. Ikki tomonlama savdo aylanmasi 1994-yilda 400 million dollar edi. Xitoy Tijorat vazirligiga ko’ra, 2019-yilda bu raqam 23 milliard dollarga yetgan.

AQShda hokimiyat o’zgarishi ketidan Pekin va Tehron aloqalarni yanada kuchaytirish niyatida. Eron parlamenti spikeri Boqir Qalibafning ta’kidlashicha, ikki davlat munosabatlari “xalqaro muhitga bog’liq emas” va chuqurlashishda davom etadi.

Aktiv diplomatiya

Ekspertlar fikricha, Yaqin Sharqda Qo’shma Shtatlarning e’tibori bundan buyon terrorizmda emas, Xitoyga qaratilishini kutish mumkin.

“Yaqin Sharq albatta Vashington e’tiborida qoladi, lekin terrorizm tufayli emas, balki Xitoyning Eronda ta’risi kuchayib borayotgani, Saudiya Arabistoni bilan munosabatlari rivojlanib borayotgani sababli”, - deydi Kentukki universiteti professori Robert Farli.

Unga ko’ra, AQShning davlat xavfsizligi bilan shug’ullanuvchi doiralarida Xitoyning aktiv xorijiy diplomatiyasiga qanday javob berish ustida allaqachon muhokamalar boshlangan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG