Breaking News

Bayden Myunxen nutqida demokratik tizimni himoya qilib, raqiblarni tilga oldi


Prezident Jo Baydenning ogohlantirishicha, dunyoning ko’pgina qismlarida “demokratik progress tahdid ostida”, jumladan Qo’shma Shtatlar va Yevropada. U jahon yetakchilarini demokratik tizimni himoya qilishga undamoqda.

"Bu o'zgargan dunyoda demokratiya hamon xalq manfaati uchun xizmat qilishini ko'rsatishimiz lozim. Demokratiya tasodifan vujudga kelmaydi. Uni himoya qilishimiz, kuchaytirishimiz, uning uchun kurashishimiz kerak", - deydi Bayden.

AQSh rahbari NATO harbiy alyansi bilan yaqindan ishlashga, ittifoqchilar ishonchini qayta qozonishga va’da bermoqda.

“Sherikligimiz yillar davomida muhtahkamlandi, chunki mushtarak demokratik qadiyatlarimiz bor. Rishtalar “sizdan ugina, bizdan bugina” qabilida ish tutishga emas, hammaning huquqi himoyalangan, qonunlar ustuvor jamiyatlar qurishga asoslangan. Hech birimiz bu maqsadga to’liq erisha olganimiz yo’q”, - dedi Bayden Katta Yettilik rahbarlari bilan virtual muloqotda.

AQSh rahbari qurol nazoratidan tortib, COVID-19, kiberxavfsizlik va iqlim o’zgarishigacha - qator masalalarda an’anaviy ittifoqchilar bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.

Bu o’zidan oldingi rahbar qarorlarini birma-bir bekor qilayotgan Baydenning xalqaro auditoriyaga qaratilgan ilk nutqidir. U Oq uydan turib Myunxenda har yili o’tadigan xavfsizlik anjumani ishtirokchilariga virtual tarzda murojaat qildi.

Bu anjuman barobarida Katta Yettilik guruhiga kiruvchi rivojlangan davlatlar rahbarlarning uchrashuvi ham koronavirus sabab onlayn o’tmoqda. Oq uyning bildirishicha, yopiq eshiklar ortidagi bu uchrashuvda Bayden pandemiya, uning global iqtisodiyotga ta’siri va iqlim o’zgarishiga e’tibor qaratgan.

AQSh barcha mamlakatlarni vaksina bilan ta’minlashga qaratilgan “KOVAKS” (COVAX) dasturiga jami 4 milliard dollar ajratadi. Jahon sog’liqni saqlash tashkiloti va “Gavi” jamg’armasi donorlardan tushayotgan mablag’ hisobiga kam va o'rta daromadli 92 davlatda aholini emlaydi. Sobiq prezident Donald Tramp bu dasturda qatnashishdan bosh tortgan edi.

Eron

AQSh rahbariga ko’ra, Vashington Eronning yadro dasturi bo’yicha 2015-yilda imzolangan xalqaro kelishuvga qayta qo’shilish uchun muzokaraga tayyor. Tramp uni 2018-yilda tark etishidan oldin belgilangan shartlarni tiklash haqida gap ketmoqda.

“Shu bilan birga, Eronning Yaqin Sharq mintaqasini beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlari haqida ham gaplashib olishimiz lozim. Bu borada Yevropadagi va boshqa hamkorlarimiz bilan maslahatlashamiz”, - deydi Bayden.

Eron muzokaraga qaytish sharti sifatida AQShdan sanksiyalarni bekor qilishni talab qilib kelayapti, aks holda kelasi haftadan BMT inspektorlarini mamlakatga kiritmasligi haqida ogohlantirgan.

Xitoy va Rossiya

Prezident Bayden nutqida Rossiya va Xitoyni ham tilga oldi. Rossiyani u translatlantik alyansni zaiflashtirishga harakat qilayotganlikda, Xitoyni esa xalqaro iqtisodiy tizim poydevoriga bolta urayotganlikda tanqid qildi.

“AQSh va Yevropa kompaniyalari monopolistik amaliyotlar va korrupsiyaga qarshi chora sifatida o’zlarining korporativ strukturalarini oshkor etishga majbur. Xitoy kompaniyalari ham xuddi shu standartga rioya qilishi lozim”, - deydi Bayden.

Xitoy bilan raqobat keskin bo’ladi, deydi u, ammo bu yangi sovuq urushga yetaklamasligi kerak.

AQSh rahbariga ko’ra, Rossiya uchun kuchli transatlantik ittifoqchilar bilan muzokara qilgandan ko’ra alohida davlatlarni qo’rqitish va ularga tahdid qilish osonroq, shuning uchun dunyo hamjamiyati Ukrainani qo’llab-quvvatlashi lozim.

“Kreml demokratiyalarga hujum qiladi, bizning boshqaruv tizimimizga putur yetkazish uchun korrupiyani o’ziga qurol qilib olgan. Rossiya rahbarlari odamlarga bizning tizimni buzuqroq yoki kamida o’zlariniki kabi buzuq deb ishontirishga harakat qilishadi. Lekin dunyo bu yolg’on ekanini biladi”, - deydi Bayden.

Uning ta’kidlashicha, Rossiyaning bemulohaza va xavfli xatti-harakatlari, AQSh va boshqa davlatlarning kompyuter tarmoqlariga buzib kirishi kollektiv xavfsizlik yana birinchi o’ringa chiqishi lozimligini ko’rsatmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG