Breaking News

AQShga viza olish qachon osonlashadi?


Pandemiyadan oldin departament har yili 10 millionga yaqin viza berar edi
Pandemiyadan oldin departament har yili 10 millionga yaqin viza berar edi

AQSh Davlat departamentida Konsullik masalalari bo’yicha bosh rasmiy Juli Staft shu kunlarda viza berish jarayoni qanday kechayotganiga oydinlik kiritdi.

Jurnalistlar bilan onlayn muloqotda yetakchi diplomat deydiki, pandemiyadan oldin departament har yili 10 millionga yaqin viza berar edi. Ulardan 500 mingdan sal oshig’i immigratsion viza edi, ya’ni Amerikaga yashashga kelayotganlar uchun. Qolgani esa mamlakatga sayohat va biznes uchun hamda boshqa vaqtinchalik sabablar bilan kirayotganlarga tegishli.

“Ammo koronavirus pandemiyasi ishimizni bag’oyat qiyinlashtirdi. Boshqa joylarda bo’lgani kabi biz ham odamlar bilan yaqindan aloqada faoliyat yurita olmay qoldik. Xizmat cheklandi. Kamroq odamlar ishga chiqmoqda”, - deydi Staft. “Eng muhimi, odamlarning salomatligi”.

“Konsulliklarimiz qay davlatda ekaniga qarab, o’sha hududdagi sharoitni chuqur o’rgangan holda faoliyatimizni belgilayapmiz. Ammo, umuman olganda, hamon favqulodda choralar ostida ishlayapmiz”, - deydi rasmiy.

“Ijtimoiy masofa saqlash kerak. Niqoblar taqilishi shart. Uchrashuvlarda odamlar soni cheklangan. Viza so’raganlar bilan suhbatlar, ularning barmoq izlarini olish, barcha jarayonlarda yangicha shartlar asosida harakat qilayapmiz. Bir tomondan davlat xavfsizligi eng ustuvor masala, ikkinchi tomondan esa hammaning sihatini o’ylab, choralar ko’rish”.

Staftning tushuntirishicha, Amerika hozir immigratsion vizalar berayapti. Har bir davlatda shunday, deydi diplomat. Bunda esa xususan er-xotinlar va bolalarni birlashtirish hamda unashtirilgan odamlar uchun zarur hujjatlarni berish nazarda tutiladi.

Konsulliklarda yangicha sharoit yaratayapmiz, toki ular pandemiya paytidagi va undan keyingi davrga mos bo’lsin. Xodimlar treningdan o’tmoqda. “Yangicha ishlashga yaxshiroq o’rganganimiz sari viza berish jarayoni ham tezlashadi”, - deydi Staft.

2020-yilning yanvarida 75 mingga yaqin kishining vizasi ko’rib chiqilish uchun navbat kutayotgan edi. 2021-yilning yanvarida esa bu raqam 473 ming.

“Chunki ishimiz sekin”, deydi Staft. “Bundan tashqari yana boshqa murojaatlar bor, viza emas, boshqa hujjatlar uchun topshirgan odamlar”.

“Biz bu masalalarni tezlikda hal qilishga harakat qilamiz. Oshkoralik ham muhim talab. Biroq yaqin kelajakda jarayon tezlashib ketadi va viza kutayotganlar soni kamayadi, deya va’da bermaymiz”.

Hamma narsa pandemiya qanchalik pasayishiga bog’liq, deydi Davlat departamenti rasmiysi. “Unda ham yangicha sharoitda barcha talablarni qondirgan holda ishlashni o’rganish uchun vaqt kerak”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG