AQSh immigratsion sudyalarining “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Amerikadan siyosiy boshpana so’ragan va arizasi hali ko’rib chiqilmagan 1,3 million kishi bor. Meksika-AQSh chegarasiga kelayotgan migrantlar soni ortib borar ekan, sudyalar uchun ish hajmi yanada ko’paygan.
Mart oyining o’zida Meksika chegarasidan 170 ming odam AQShga kelgan. Bu 2006-yildan beri kuzatilayotgan eng katta ko’rsatkich.
Kattalar qarovida bo’lmagan yolg’iz bolalargina AQSh hududiga qabul qilinmoqda. Ba’zi hollarda yetti yoshdan kichik farzandga ega ota-onalar ham kiritilyapti.
Siyosiy boshpana so’rayotganlar sonidagi keskin o’sish ilk bor kuzatilayotgani yo’q.
“Zaxiradagi ishlar doim o’sib borgan va bu muammoni hal qilishning ikki yo’li bor”, - deydi immigratsiya bo’yicha sobiq sudya Jefri Cheyz.
“Odatda rioya qilinadigan yo’l ko’proq sudyalarni ishga olish. Menimcha, aslida kimni sudya qilib tayinlashga hamda ishlarni muhimligiga qarab ajratish va yechishga e’tibor qaratish kerak”, - deya qo’shimcha qiladi u.
Sirakyuz universiteti tadqiqot markazi ma’lumotiga ko’ra, 2017-yildan beri zaxirada turgan ishlar miqdori ikki barobarga ko’paygan.
2017-yil boshida ular soni 542 411 tani tashkil etgan bo’lsa, 2021-yil fevralga kelib 1 299 239 taga yetgan. Ayni paytda AQSh bo’ylab 67 sudda 529 ta immigratsion sudya bor.
Farqli tizim
Immigratsiya sudlari federal sudlardan farq qiladi. Masalan, ular ijro hokimiyatining bir qismi hisoblanib, Adliya vazirligi nazoratida turadi.
Yana bir farqi shundaki, immigratsiya ishlarida tomonlar o’zaro kelishib ishni yopa olmaydi; har bir ish sudda ko’rib chiqilishi kerak.
Yaqinda e’lon qilingan hisobotga ko’ra, Jo Bayden ma’muriyati, xohlagan taqdirda ham, to’planib qolgan immigratsion ishlarni birinchi prezidentlik muddati oxirigacha tugata olmaydi.
Sudyalarni chegaraga jo’natish
Sobiq prezident Donald Tramp davrida immigratsion sudyalar soni oshirildi. Shunga qaramay to’planib qolgan ishlar soni oshishda davom etdi.
Shuningdek, Tramp ma’muriyati, xuddi Obama davridagidek, sudyalarni, asosan, Meksika bilan chegara hududlariga jo’natish amaliyotini davom ettirdi.
“Sudyalarni chegaradagi sudlarga jo’natishga alohida e’tibor qaratilishi natijasida ichki sudlar nazardan chetda qoldi va ularning ham ko’rilmagan ishlari to’planib qoldi”, - deydi San-Fransiskodagi immigratsion sud sudyasi Dana Marks.
Bundan tashqari 2018-yilda o’sha paytdagi Adliya vaziri Jef Seshns buyrug’i bilan allaqachon tugatilgan yuz minglab ish qayta ochildi va bu sudlar uchun ish hajmini yanada oshirdi.
Sudlarni yetarli xodimlar bilan ta’minlash va mustaqillik
Yig’ilib qolgan ishlarni tezroq tugatish uchun qonunchilar uzoq yillardan beri sudlar va sudyalar sonini oshirish lozimligini ta’kidlab keladi. Ayni paytda sudyalar va huquq faollari Kongressni immigratsion sud tizimini ijro hokimiyatidan alohida mustaqil organga aylantirish haqida qonun chiqarishga undamoqda.
Advokat Aron Xolning aytishicha, immigratsion sud tizimi hokimiyatni qaysi partiya nazorat qilishiga qarab o’zgarib turadi. Ammo muammo bu sudlarni mustaqil qilish bilangina hal bo’lmaydi, deydi u.
“Tizimda 1,3 million odamning ishi turibdi. Ularni bir paytda ham tezkor, ham adolatli ko’rib chiqishning imkoni yo’q. Muammoga immigratsion islohotgina yechim bo’lishi mumkin”, - deydi huquqshunos.
Bayden ma’muriyati Trampning immigratsion siyosatini tanqid qilgan bo’lsa-da, sohadagi sud tizimini isloh qilish yoki uni Adliya vazirligidan alohida ajratib chiqarish mavzusida hali biror reja e’lon qilgani yo’q.
Facebook Forum