Qirgʻiziston va Oʻzbekiston davlatlarining savdo aloqalarini mustahkamlash maqsadida ikki davlat chegarasiga yaqin hududda savdo-logistika markazining qurilishi boshlandi. Markaz poydevoriga kapsula qoʻyish marosimida Qirgʻizistonning Jalolobod va Oʻzbekistonning Namangan viloyati rasmiylari qatnashdi.
Savdo-logistika markazi Qirgʻizistonning Olabuqa tumanining Boyaston qishlogʻida, Oʻzbekistonning Kosonsoy tumanidan uzoq boʻlmagan 20 gektar hududda qurilmoqda.
Markazda Qirgʻiziston-Oʻzbekiston qoʻshma korxonalarining tuzilishi rejalashtirilgan.
Savdo-logistika markazida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining turlarini, goʻsht mahsulotlarini muzlatgichlarda saqlash va eksportga chiqarish boʻyicha ish olib boriladi. Shuningdek, mazkur bozorda oziq-ovqat, kiyim-kechak, meva-sabzavotlar savdosi uchun maxsus oʻrinlar boʻladi. Markazning bir qismi esa Toshkentda qurilishi moʻljallangan.
Kosonsoy tumani hokimi Bahodir Yusupovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, ushbu qoʻshma savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilsa, ikki davlat iqtisodi uchun ham foydali boʻlib, dehqonlar uchun katta imkoniyat yaratiladi. U bu haqda Olabuqa tumanidagi Safed Bulon qishlogʻiga qilgan ziyorati vaqtida so’zladi.
“Biz endi Olabuqa tumani maʼmuriyati, rasmiylar bilan Oʻzbekistonga oʻtib, Kosonsoy tadbirkorlarini toʻplaymiz. Ularga bu yer haqidagi maʼlumotlar beriladi. Mana bir devor, qoʻpol qilib aytganda. Masofa chegaramizdan 300 metr. Katta ishlab chiqarish salohiyatiga ega tumanlarimizning hamkorligi davom etadi”, - dedi Kosonsoy tuman hokimi.
Ammo ayni paytda Olabuqa tumani aholisi Kosonsoy posti orqali Oʻzbekistonga avtotransport orqali kirish va chiqish mumkin emasligi noqulayliklar yaratayotgani hamda koronavirus uchun tekshiruv narxi qimmat ekanidan shikoyat qilmoqda.
“Chegaradan oʻtish uchun har bir kishiga 1200 som (taqriban 15 dollar) berish kerak ekan. Yaqinda otam bilan kelinimizni oʻtkazdik, Oʻzbekistonga. Davolanish uchun borib, uch kunda qaytishdi. Chegaradan oʻtkazishda noqulayliklar boʻldi. Mashina bilan kirgizaylik desak, post oldigacha, avtomobillarga ruxsat yoʻq. Oqsoqol yura olmaydi. Ikki davlat postining orasida 300 qadamli masofa bor. U yergacha oqsoqollar yurib borolmaydi. Texnika kirib-chiqib, oldi-berdi qilsak savdo uchun ham yaxshi boʻlar edi”, - deydi Safed bulonlik Hasanboy Toshboyev.
Maʼlumot uchun aytib oʻtsak, Qirgʻiziston Monopoliyaga qarshi kurash davlat agentligi, joriy yilning 25-iyundagi buyruqqa koʻra, PZR testining narxi ikki barobar arzonlaganini bildirdi.
Toshboyev fikricha, agar chegara posti avvalgidek Safed Bulonga yaqin boʻlgan Oʻzbekistonning Zarkent posti ochilsa, ziyorat turizmi uchun ham yaxshi boʻladi.
Mahalliy aholini qiynayotgan ushbu masalalardan Kosonsoy tumani hokimi xabardor ekanini va muammolar yechimi boʻyicha hamkorlikda ish olib borilishini bildirdi.
Salkam bir asrni koʻrgan Safed bulonlik Risolat ona ikki davlat rahbarlarini duo qilib, ularga avvalgi prezidentlarning xatosini takrorlamaslikni tilaydi.
Facebook Forum