Breaking News

“Qumto’r” oltin koni bo’yicha da’volar: Qirg’iziston xalqaro sudga tayyormi?


Qumto'r oltin koni mahsulotlari. Arxiv.
Qumto'r oltin koni mahsulotlari. Arxiv.

Qirgʻiziston hukumati “Centerra” bilan sudlashishga tayyorlanmoqda. Hozirda Kanada kompaniyasi Qumtoʻr konida nazoratni to’liq boy bergan.

Kanadaning “Centerra Gold” kompaniyasining prezidenti Skott Perri Qirgʻiziston hukumatini "Qumtoʻr”ni “soxta maʼlumot asosida egallab olganlikda" ayblamoqda.

Bu haqda “Qumtor Gold Company” xodimlariga ochiq xat tarzida yoʻllangan murojaatda ham aytib oʻtilgan.

Kompaniyaning saytiga joylashtirilgan ochiq xatda Perri kompaniya xodimlari hamda dunyo jamoatchiligi “haqiqatni bilishi kerak” deb hisoblashini bildirgan.

“Biz Qirgʻiziston hukumati bilan muzokaralarni istayotganimizni ochiq-oydin tushuntirishimizga qaramay, ular hamkorlik va murosadan bir necha bor bosh tortdi. Buning oʻrniga hukumat oʻzining asossiz harakatiga bahona sifatida bizning kon ishlatishdagi avvalgi faoliyatimiz boʻyicha yolgʻon maʼlumot tarqatmoqda”, - deb yozadi Perri.

Shuningdek, uning xatida hukumatning kondagi ekologik koʻrsatkichlar boʻyicha bildiruvi “haqiqatga toʻgʻri kelmaydi” deb yozgan.

Perrining aytishicha, ishxonada barcha meyorlar saqlangan, tashqi boshqaruv kirgizilgandan keyingi hukumat aytayotgan ekologik nazorat “Centerra Gold Inc” kompaniyasi ishlarining davomi.

“Qumtoʻr oltin qazib oluvchi kompaniyasi Qirgʻiziston Respublikasining hukumati bilan tuzilgan kelishuvlarga hamda hozirda amalda boʻlgan qonunlarga muvofiq ishlab kelgan. Hukumat va atrof-muhitni himoya qilish boʻyicha davlat agentliklari foydali konlarni ishlatish boʻyicha rejalarimizni har yili tekshirib, ruxsatnomalarni berib kelgan. Qumtoʻr oltin kompaniyasi konni shunga koʻra ishlatib kelgan. Bugungi kunda hukumat konni oʻz qoʻliga olib, ana shu rejalar boʻyicha ishlatmoqda. Muzliklarning erishi Qumto’r koni ishlatila boshlagunga qadar iqlimning oʻzgarishi ortidan yuz bermoqda. Bu Qirgʻizistondagina emas, dunyoning boshqa hududlarida ham sodir bo’lmoqda”, - deb aytiladi Skott Perrining qirgʻiz va ingliz tillarida eʼlon qilingan xatida.

“Centerra”ning yetakchisi oʻz xatida Qirgʻiziston hukumati bilan boʻlgan “kelishmovchiliklari shu darajaga yetgani achinarli ekanini” taʼkidlab, “tushunmovchiliklarni dialog va oʻzaro kelishuv orqali tez orada hal qila olamiz” deb ishonishini bildirgan.

“Qumtoʻr” mojarosi

“Qumtoʻr” koni atrofidagi soʻnggi bahslar joriy yilning 6-mayida parlament deputatlari xususiy kompaniyaga tashqi davlat boshqaruvini kirgizishga imkon beruvchi qonun loyihasini qabul qilgandan soʻng boshlangan.

12-mayda esa “Qumtor Gold Company” faoliyatini tekshirgan davlat komissiyasi ishining dastlabki xulosasini eʼlon qilgan.

Unga koʻra, “Centerra Gold” masʼuliyatsiz harakatlari orqali atrof-muhitni ifloslantirgan. “Qumtoʻr” ishchilari va mahalliy aholi xavfsizligiga tahdid uyg’otgan.

Komissiya aʼzolari xulosada kompaniyadan 459 milliard so’m yoki 4 milliard 252 million dollar undirib olishni taklif qilgan.

14-mayda tashqi boshqaruv toʻgʻrisidagi qonunga prezident Sadir Japarov qoʻl qoʻygan. Uning asosida hukumat “Qumtor Gold Company”ga tashqi boshqaruvchini tayinlagan. U “Centerra Gold Inc” kompaniyasi direktorlar kengashining sobiq aʼzosi, Kanada fuqarosi Tengiz Boʻlturuk boʻlgan.

“Centerra Gold Inc” yetakchilari hukumatning harakatlari tomonlar oʻrtasida imzolangan bitimlarni buzish deb hisoblaydi va oʻz huquqlarini himoya qilishni koʻzlaydi.

Shu sabab, “Centerra Gold Inc” Qirgʻiziston hukumatiga qarshi xalqaro arbitrajga murojaat qilgan.

Bundan tashqari, kompaniya “Qumtoʻr”ning tashqi boshqaruvchisi Tengiz Boʻlturukning ustidan Ontarioning Oliy sudiga shikoyat qilgan.

Kanada kompaniyasi shikoyatida Boʻlturukni “Centerra Gold” kompaniyasining oldidagi bitimni buzgani uchun va “Qirgʻiziston hukumati Qumtoʻr konini egallab olgani” uchun sudga berganini aytgan.

Tengiz Boʻlturuk “Birinchi radio” jurnalistlariga bergan intervyusida “Centerra Gold” shu vaqtga qadar Qirgʻiziston hukumatiga quloq solmaganini va endi dialog boʻlmasligini aytgan.

Uning intervyusini “Ozodlik”ning qirgʻiz xizmati ham eʼlon qilgan. “Ozodlik”ning yozishicha, Boʻlturuk “Centerra Gold” ekologiyaga yetkazgan talafotlarini va toʻlamagan soliqlarini tan olmaguncha ularning pozitsiyasi qabul qilinmasligi hamda soʻzlashuvlar boʻlmasligini aytgan.

“Boshqa dialog boʻlmaydi. Monolog boʻladi va biz nima desak, eshitishga majbur. Nasib qilsa, Qumtoʻrni oldik. “Qumtoʻr Gold”dagi 1,7 milliard dollar mablagʻimizni berishmayapti. Bundan tashqari, “Centerra Gold”dagi 26% aksiyamiz kamida 700 million dollar boʻladi. Shunda oʻrtacha hisob bilan 2,5 milliard dollarga yaqin pulimiz turibdi. Gap ana shu mablagʻ haqida bormoqda. “Qumtoʻr Gold”ni biz bermaymiz”, - degan Boʻlturuk.

Uning aytishicha kompaniyani tashqaridan boshqaruv qirgʻiz tomoni “Centerra Gold” bilan bir murosaga kelsagina toʻxtaydi.

“Qumtoʻr ishi” boʻyicha hibsga olishlar

“Qumtoʻr” ishi boʻyicha bir qator siyosatchilar va deputatlar tergov qilinib, hibsga olingan. Ular “Qumtoʻr” konini qazish boʻyicha loyihani amalga oshirishdagi korrupsiya ishida gumon qilinmoqda.

Qoʻlga olinganlar orasida, jumladan, sobiq hukumat rahbarlari Oʻmurbek Babanov, Muhammedqaliy Abilgʻaziyev, sobiq bosh vazir oʻrinbosari Almazbek Baatirbekov, prezident apparatining sobiq yetakchisi Daniyar Narimbayev, sobiq deputatlar Is’haq Pirmatov va Talantbek Uzaqbayevlar bor.

Ijtimoiy tarmoqlarda siyosatchilarning qoʻlga olinishi va tergov qilinishini ayrimlar “siyosiy erk namunasi” deb sifatlasa, ayrimlar “siyosiy oʻch olish” yoki “siyosiy shou” deb tanqid qilmoqda.

Siyosatshunos Aydanbek Akmatov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda garchi ayrim holatlar oʻch olishga oʻxshab koʻrinsa ham, Qumtoʻr masalasida javob topish kerak boʻlgan bir qator savollar borligini aytdi.

“Qumtoʻr” boʻyicha xalqaro arbitrajda sud boʻladigan boʻlsa, 2012-yildan buyon qanday bitimlar qabul qilingan, kim tomonidan oʻsha paytdagi komissiyaning qarorlari rad qilingan, undan keyingi 2017-yilgacha boʻlgan yana boshqa qarorlar qanday asosda qabul qilingan, nima uchun ular davlatning, xalqning manfaatlariga zid boʻlishiga qaramay, qabul qilingan degan savollarga javob topilishi kerak.

Oʻsha paytda parlamentda oʻtirgan odamlar mana shu qarorlarni qabul qilgan. Spikerlar, hukumat rahbarlari, aʼzolari, oʻsha paytdagi prezident qabul qilgan qarorlarga nima sabab boʻlgan. Bu yerda korrupsiya unsurlari bormi? Shu savollarning javobi topilishi kerak.

Agar xalqaro arbitraj boʻlsa, Qirgʻiziston uchun bu ishlarda korrupsiya aralashganini dalillashga imkoniyat boʻlishi kerak. Asosiysi, batafsil va to’laqonli tekshirilishi kerak. Bu yerda men hozircha siyosiy tazyiqni koʻrmayapman», — dedi siyosatshunos.

Uning qoʻshimcha qilishicha, agar Qumtoʻr boʻyicha navbatdagi tekshiruv mamlakatning, xalqning manfaatiga koʻra hal boʻlsa, bu toʻgʻri qaror boʻlib, prezident uchun ham juda katta obroʻ olib keladi.

«Avvalgi prezidentlarning bari Qumtoʻr ishida doim yarim-yorti qarorlarni qabul qilib, korrupsiyaga ogʻib ketgan. Ayniqsa, Askar Akayev 2003-yildagi kelishuv bilan Qirgʻizistonning ulushini 62 foizdan 33 foizga tushirgan. Undan keyin Bakiyev 2009-yili konstitutsion sudlar orqali qarorlar chiqarib, Qirgʻizistonning qoʻl-oyogʻini “kishanlab” qoʻygan. Atambayev davrida koʻplab salbiy ishlar boʻlgan. U ham tekshiruvni boshlab, ammo “Centerra”ning yoʻliga tushib olgan. Bu boʻyicha juda koʻp ishlar ochilishi kerak. Jeenbekov esa bu masalaga eʼtibor qaratmagan. Endi hozirgi prezidentning siyosiy erki bilan bu ishlar qayta tekshirilmoqda”, - deya fikrini bildirdi Aydanbek Akmatov.

Sobiq parlament deputati, siyosatshunos Qubanichbek Isabekov togʻ-kon boyliklari tarmogʻi, jumladan, Qoʻmtoʻr masalasi boʻyicha doktorlik ishini yoqlagan. “Amerika Ovozi” bilan suhbatda u Qumtoʻr boʻyicha Kanada kompaniyasi bilan avval 45-marta sudlashgani va qirgʻiz hukumati bilan toʻrt masala boʻyicha sudlashib, ikki ishda yutgani hamda hozir toʻrtinchisi boʻyicha ish davom etayotganini bildirdi.

“Oʻylab koʻring, dunyo boʻyicha, masalan soliqlarni toʻlamay qoʻysa, qotillikdan keyingi eng ogʻir jazolar bilan jazolanadi. Ekologiya masalasi boʻyicha ham jiddiy moddalar bor. Aytaylik, Kanadada, Amerikada yoki boshqa davlatlarda ham. Nima uchun Qumtoʻrda yirik qoidabuzarliklar boʻlgan? U yerda 66 kishi halok boʻldi. 129 nafar fuqaro birinchi, ikkinchi guruh nogironi boʻlib qoldi. Ekologiyaga qanchadan-qancha zarar yetdi. Masalan, Kanada Qirgʻiziston fuqarosiga shunday imkoniyatni beradimi? Kanadada bir metr yerni birorta qirgʻizga bepul berib qoʻymaydi. Ular esa 16 ming gektar yerni bir soʻm toʻlamay olib qoʻydi. Men bu masalada maʼmuriy sudda hukumat bilan sudlashdim. Hozirgi hukumatni ham sudga berganman. Nima uchun noqonuniy tarzda bergansizlar, qaytib olmaysizlarmi deb.

Men 2006-yilda ham sudlashganman. 10 ming 70 gektar yerni egallab olib, 15 yilda faqatgina 7 ming dollar yer soligʻi toʻlagan xolos. Siz bularni investor deb hisoblaysizmi? Men ularni firibgarlar deb hisoblayman”, - deydi siyosatshunos Isabekov.

Qirgʻizistonning Issiqkoʻl viloyatida joylashgan “Qumtoʻr” oltin koni dunyodagi ikkinchi, Markaziy Osiyodagi eng yirik oltin koni. Uning maydoni 26,3 ming gektarni tashkil etadi. Konni 1992-yildan beri Kanadaning “Centerra Gold Inc” kompaniyasi ishlatib keladi.

Qirgʻiziston “Centerra” aksiyasining 26 foiziga egalik qiladi. “Qumtor Gold Company” jamoasi “Centerra Gold Inc” orqali boshqariladi.

“Qumtoʻr”ning oʻtgan yilgi daromadi Qirgʻiziston yalpi ichki mahsulotining 12 foiziga teng boʻldi.

Hozirda Qirgʻiziston hukumati “Centerra Gold Inc” va unga qarashli “Qumtor Gold Company” bilan Xalqaro arbitraj mahkamasida sudlashishga tayyorlanmoqda.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG