Mustaqillik bayrami arafasida Prezident Bayden Oq uyda bir guruh muhojirlarga AQSh fuqaroligini berish marosimini o’tkazdi.
Har yili dunyoning turli davlatlaridan kelgan 800 mingdan ortiq odam Amerika fuqaroligini oladi. Yaqinda ularning 21 nafari Oq uyda qasamyod keltirdi.
“AQShni tanlaganingiz, orzu-umidlaringizni Amerika bilan ko’rganingiz uchun sizga rahmat. Bu qaror orqali siz shunchaki bu yerga ko’chishdan ko’ra kattaroq ish qildingiz”, - dedi Jo Bayden.
Shu kuni AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari doimiy rezidentlarning fuqarolik olishiga ko’maklashuvchi yangi tashabbusni ishga tushirdi.
“Mamlakatimiz siz tufayli, muhojirlar davlati sifatidagi o’zligimiz kuchli ekani bois bugun yanada yaxshiroq”, - dedi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas.
AQShda fuqarolik olishga haqli 9 million doimiy rezident bor. Ekspertlar fikricha, ko’riladigan ishlar soni ko’pligi bois ularning fuqarolik olish muddati yanada cho’zilishi mumkin.
“Pandemiyadan oldin hali ko’rib chiqilmagan fuqarolik arizalari soni 650 mingta edi; hozir ular 950 mingga yetgan. Albatta, bunga sabab pandemiya, immigratsiya idoralari faoliyat ko’rsatmadi. Agentlik oldida hozir shu katta muammo bo’lib turibdi”, - deydi Migratsiya siyosati instituti tadqiqotchisi Juliya Jilet.
Fevral oyida Bayden immigratsiya jarayonini osonlashtiruvchi farmonga imzo chekdi. Bu haqdagi asosiy qonun Kongressdan hanuz o’tgani yo’q. Respublikachilar unga qarshi.
“O’z so’zimda turib, immigratsiyani isloh qilish qonunini AQSh Kongressiga taqdim etdim. U chegarani aqlli nazorat qilish hamda Amerikadagi 11 million hujjatsiz odamga fuqarolik yo’lini ochish choralarini o’z ichiga oladi”, - deydi Bayden.
Marosimda prezident Sandra Lindsini “Eng yaxshi amerikalik” unvoni bilan sharafladi. Asli yamaykalik muhojir Nyu-Yorkda intensiv davolash markazi rahbari bo’lib, sinovlardan so’ng koronavirusga qarshi vaksina olgan ilk amerikalik hisoblanadi.
Facebook Forum