Jo Baydenning AQSh prezidenti sifatida ish boshlaganiga 100 kundan oshdi. Bu ramziy muddat bo’lib, odatda davlat rahbarining turli yo’nalishlardagi siyosati va ishlari baholanadi.
Bayden immigratsiya masalasida 100 kunda nimalarga erishdi?
Qochqinlar
Oq uy 125 mingtagacha qochqinni mamlakatga qabul qilishga va’da bergan. Bu oldingi prezident Donald Tramp qo’ygan 15 ming kishilik cheklovdan ancha yuqori.
Bayden bu qarorini “insonparvarlik xavotirlari” bilan izohlamoqda. Bunga, asosan, qochqinlarga repatriatsiya ishlarida va joylashishda yordam berayotgan idoralarning tanqidi sabab bo’ldi.
Sayohatga cheklovlar
Tramp o’z vaqtida 13 mamlakat, jumladan musulmonlar yashovchi Yaqin Sharq va Afrika davlatlari fuqarolariga AQShga kirishni taqiqlab qo’ygan edi. Bayden saylov kampaniyasi paytida bu cheklovni bekor qilishga so’z bergan. Prezident farmon imzolab, Davlat departamentiga bu mamlakatlar fuqarolari uchun vizaga arizalarni ko’rib chiqishni jonlantirishni buyurgan.
Chegaradagi devor
Bayden o’zidan oldingi ma’muriyatning immigratsiya siyosatiga doir cheklovlarini birin-ketin bekor qilarkan, AQSh-Meksika chegarasidagi devor qurilishini ham to’xtatdi. Tramp devor chegaradan noqonuniy o’tishning oldini oladi deb uni himoya qilgan edi, biroq Bayden qurilishni pulni ko’kka sovurish deb atab, immigratsiya siyosatini yuritishda insoniylik tamoyillariga tayanishga so’z bergan.
Immigratsiya tizimi islohoti
28-aprel kuni Kongressga ilk murojaatida Bayden qonunchilarni immigratsiya tizimi islohotiga doir o’zi taklif etgan qonun loyihasini ma’qullashga chaqirdi.
"Agar chegaramiz xavfsiz bo’lsin desangiz, hujjatga ovoz bering. Agar fuqarolikka yo’l ochilishi kerak desangiz, uni qabul qiling”, - dedi Bayden.
Qonun loyihasi Vakillar palatasi va Senatga fevral oyida kiritilgan edi. Qabul qilingan taqdirda millionlab noqonuniy muhojirlarga AQSh fuqaroligini olishga sakkiz yillik reja taklif etiladi. Amerikaga bolaligida noqonuniy olib kirilgan odamlar tezlashtirilgan tartibda fuqarolikni olishi mumkin bo’ladi.
Deportatsiyalarni to’xtatish
Bayden noqonuniy immigrantlarni deportatsiya qilishni 100 kunga to’xtatib qo’ydi. Bundan tashqari AQSh Bojxona va chegara xizmati, Immigratsiya va bojxona xizmati hamda Fuqarolik va immigratsiya xizmatlaridan deportatsiya mexanizmini qayta ko’rib chiqishni so’radi.
Biroq Texas bosh prokurori Ken Pakston Bayden e’lon qilgan 100 kunlik moratoriyni bekor qilish uchun qaror ustidan sudga shikoyat qildi. Sudya Dru Tipton esa fevral oyida moratoriyni avval ikki bor vaqtincha, so’ng muddatsiz ravishda to’xtatib qo’ydi.
Siyosiy boshpana
Fevral oyida Bayden o’z ma’muriyatiga siyosiy boshpana da’vogarlari va qochqinlarni o’z ichiga oluvchi hamda migratsiya muammosini hal qilishga qaratilgan rejani ishlab chiqishni buyurdi hamda Tramp prezidentligi paytida qabul qilingan “Migrantlarni himoya qilish protokoli” siyosatini bekor qildi.
Unga ko’ra, siyosiy boshpanaga ariza bergan odamlar ishlari AQSh immigratsiya sudlarida ko’rilgunga qadar mamlakatga kiritilmasligi, Meksikada kutib turishi kerak edi.
Bayden, shuningdek, Amerikaga noqonuniy kirgan migrantlarni koronavirus pandemiyasi tufayli haydash vakolatini AQSh Bojxona va chegara xizmati idorasiga bergan farmondan balog’at yoshiga yetmaganlarni chiqardi.
“DAKA” dasturi va “orzumandlar”
Bayden sobiq prezident Barak Obama paytida qabul qilingan, ammo Tramp bekor qilishga uringan DAKA (Deferred Action for Childhood Arrivals – Bolaligida kelganlar bo’yicha qarorni kechiktirish) dasturini tikladi. Unga ko’ra, AQShga bolaligida noqonuniy kirgan odamlar muayyan talablarga javob bersa, deportatsiyaga uchramaydi. Bunday bolalarni “orzumandlar” deb atashadi.
Oliy sud Tramp ma’muriyatiga dasturni bekor qilishga ruxsat bermadi, biroq sobiq prezident yangi arizalarni qabul qilishni to’xtatishga muvaffaq bo’lgan.
Mart oyida Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas “DAKA”ni saqlab qolish va kuchaytirish qarorini qabul qildi, biroq Texas sudi dastur himoyasini bekor qilish ehtimoli bor.
Immigratsiya xizmati agentlari
Bayden taklif etayotgan immigratsiya tizimi islohotida va Kongressga taqdim etilgan byudjet loyihasida immigratsiya xizmati agentlarini qayta tayyorgarlikdan o’tkazish va agentlar tomonidan qonunbuzarliklarni taftish qilish uchun qo’shimcha pul so’ralmoqda. Bayden ma’muriyati noqonuniy muhojirlarni kamsitib, ularga haddan ziyod qo’pol muomala qilgan agentlar javobgarlikka tortilishini bildirdi.
Ayni paytda Texasda noqonuniy muhojirlar saqlanadigan bir hibsxonada zulm holatlari tekshirilmoqda.
AQSh Sog’liqni saqlash vazirligi rasmiylarining aytishicha, jinsiy zo’ravonlik, tahqirlash, tegajog'lik kabi holatlarning har qanday ko’rinishiga qarshi chora ko’riladi.
Oilalarni ajratish
2018-yilda bir immigratsion hibsxonada ota-onasidan ajratilgani uchun yig’lab turgan bir guruh bolalar videosi tarqalishi ketidan ommaviy axborot vositalari shovqin ko’tarib, jamoatchilik diqqatini o’sha voqeaga qaratdi. Ba’zilar buni Tramp ma’muriyatining noqonuniy muhojirlarga nisbatan notolerant siyosatining mahsuli deb ko’rdi. Migrantlarning 5000 dan ortiq farzandini ajratib olib, ota-onalarini vataniga yuborishdi, bolalar esa AQSh nazoratida qoldi.
Immigratsiya tarafdorlari Bayden ma’muriyatini bolalarni ota-onalari bilan qovushtirishga chaqirdi. Shu maqsadda Oq uyda maxsus guruh tuzildi, prezident esa Tramp paytidagi amaliyotga barham berdi. Bu borada qator ijobiy o’zgarishlarga qaramay, yuzlab ota-ona hanuz o’z farzandlari bilan qovushgani yo’q.
Facebook Forum