Breaking News

AQSh mavsumiy ishchilar uchun vizalarni ko'paytiradi


AQSh iqtisodiyoti oyoqqa turar ekan, Bayden ma’muriyati ko’proq mavsumiy ishchilarga mamlakatga kirishga ruxsat bermoqda. Vaqtincha ishlash uchun H-2B vizasi har yili 66 ming odamga beriladi. Ushbu raqam yana 22 mingga oshirilmoqda.

Ichki xavfsizlik vazirligining bildirishicha, bu yili ko’proq viza ajratilishi ish beruvchilardan kelayotgan talab bilan bog’liq. Hozirda davlatdan ishsizlik kompensatsiyasini olayotganlar pandemiya boshidan buyon eng past darajaga tushgan.

Vaqtincha ishchilarni yollashga mo’ljallangan H-2B viza dasturini ayrimlar amerikaliklardan ish joylarini tortib olishdir deb tanqid qilsa-da, Kongressda har ikki partiya hamda bizneslar qo’llab-quvvatlaydi.

Chetdan kelgan ishchilar obodonlashtirish sohasida, qurilish, menmonxonalar, restoranlar, dengiz mahsulotlari va go’sht kombinatlari hamda istirohat bog’larida ishlaydi.

Bizneslar avvalo amerikaliklarni yollashga harakat qilgani, xorijiy mavsumiy ishchilarsiz zarar ko’rishini tasdiqlab, davlatga tegishli hujjatlarni topshirishi shart, deya eslatmoqda Ichki xavfsizlik vazirligi.

2020-yilda Donald Tramp ham H-2B vizalari sonini 35 mingga oshirishga qaror qilgan, ammo oradan uch oy o’tib pandemiya davrida chetdan ishchi yollash dasturlarini to’xtatgan. Tramp o’shanda imzolagan farmon muddati o’tdi.

AQSh 6000 vizani aynan Markaziy Amerika davlatlari fuqarolari uchun ajratadi, chunki qashshoqlik keng tarqalgan regionda pandemiya va ikki dovul tufayli iqtisodiy va ijtimoiy ahvol yanada og’irlashgan.

O’tgan oy AQShning janubi-g’arbiy chegarasida ushlangan mingrantlarning deyarli yarmi uch mamlakatdan – Gonduras, Salvador va Gvatemala.

AQSh Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas deydiki, ajratilayotgan vizalar markaziy amerikaliklar uchun “AQShda qonuniy imkoniyatlarni kengaytirish” maqsadida qo’yilayotgan qadamlardan biridir.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfildning aytishicha, Markaziy Amerika davlatlarida kamida 5 million kishi oziq-ovqatga muhtoj.

“O’z oilalarini boqish uchun ularga xavfsizlik, iqtisodiy imkoniyat va oziq-ovqat kerak. Bu odamlar shuning uchun o’z uylarini tark etmoqda. Mana shu masalalarga e’tibor qaratishimiz lozim”, - deydi elchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG