Breaking News

AQSh-Meksika chegarasida muhojirlar oqimi biroz kamaygan


AQSh-Meksika chegarasidagi vaziyat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:54 0:00

AQSh immigratsiya idoralari Meksika bilan chegarada muhojirlar oqimini jilovlashga qodirmiz, deya Kongressni ishontirmoqda. Tramp davridagi farmonga binoan migrantlar uchun AQSh darvozalari yopiq, biroq bolalarga nisbatan siyosat boshqacha.

Immigratsiya mavzusiga e’tibor qaratish uchun yaqinda Prezident Jo Bayden DAKA dasturi qatnashchilari bilan yaqinda Oq uyda uchrashdi. Amerikaga bolaligida olib kelingan minglab muhojirlarni mana shu dastur deportatsiyadan himoya qiladi.

So’rovlarga qaraganda, DAKA qatnashchilariga qonuniy maqom berish tashabbusini amerikaliklarning 74 foizi qo’llab-quvvaylaydi, ammo qonun loyihasi Senatda ovozdan o’tmayapti. Respublikachilar chegaradagi vaziyatni inqiroz deya ta’riflaydi.

“Misli ko’rilmagan inqiroz bilan yuzlashib turibmiz. Chegaradagi ahvol 2020 va 2019-yildagidan ham yomonroq”, - deydi senator Rob Portman.

Bayden ma’muriyatining javobi shuki, bu Tramp davrida qabul qilingan immigratsion siyosat natijasidir.

“Tartibli, xavfsiz va insonparvar immigratsion tizim yaratishga bel bog’laganmiz. Shuning uchun qarovsiz bolalarni chegaradan orqaga qaytarish siyosatidan voz kechdik”, - deydi Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas.

Ota-onasiz AQSh chegarasiga kelayotgan bolalar so’nggi payt biroz kamaygan.

“Mart oyida Chegara xizmati inshootlarida 5 mingdan ziyod bolalar bor edi. Har biri o’rta hisobda 115 soat saqlanayotgan edi. So’nggi kunlarda bu inshootlarda bolalar soni 455 taga tushdi va o’rtacha 28 soat saqlanmoqda. Raqamlar pasayib borayotganini kuzatyapmiz”, - deydi senator Aleks Padilla.

AQSh-Meksika chegarasida aprel oyida 178 ming migrant ushlangan, ammo bu raqam ularning qayta-qayta kirishga harakat qilishini ham aks ettiradi. Lotin Amerikasidan muhojirlar oqimini kamaytirish bo’yicha diplomatik sa’y-harakatlarga Vitse-prezident Kamala Harris bosh-qosh.

“Butun dunyo muammolarini yecha olmaymiz. Lotin Amerikasi u yoqda tursin, o’zimizda muammolar to’lib yotibdi. Hozirgi vazifa chegarada nazoratni kuchaytirish, to’siqlar qurishni bitirish bo’lishi kerak. Ko’proq texnologiya qo’llamoqchi bo’lsangiz, marhamat qiling. Agressiv choralar ko’rib, natijani bizga ko’rsating”, - deydi senator Mitt Romni.

“Albatta, chegara xavfsizligi bilan shug’ullanyapmiz. Texnologiya bu ishni amalga oshirishning eng samarali yo’llaridan biri va undan foydalanyapmiz”, - deydi ichki xavfsizlik vaziri.

Chegara xavfsizligi uchun ko’proq mablag’ ajratish orqali demokratlar yil boshida taklif qilgan immigratsion islohotlar loyihasini ovozdan o’tkazishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG