Breaking News

Prezidentga urush boshlash vakolatini bergan o’nlab yillik qonun bekor qilinadi


Urush e'lon qilish vakolati Kongressda muhokamada
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:32 0:00

AQSh Kongressi davlat rahbariga urush boshlash vakolatini bergan o’nlab yillik eski qarorlarni bekor qilishga hozirlanmoqda. Bayden ma’muriyati bu tashabbusni quvvatlaydi. Ayrim qonunchilarga ko’ra esa bu Eron kabi g’anim davlatlarni ruhlantiradi.

Vakillar palatasi prezidentga harbiy kuch qo’llashga ruxsat beruvchi qarorni bekor qilishga avvalroq ovoz bergan edi. Navbat endi Senatga.

Bundan 19 yil oldin AQSh Kongressi Iroqning o’sha paytdagi rahbari Saddam Husaynga qarshi urush boshlash to’g’risida rezolyutsiya qabul qilgan. O’sha qonun asosida AQSh dunyoning turli nuqtalarida terrorga qarshi harbiy amaliyotlarni keyinchalik davom ettirgan.

Senatning Tashqi aloqalar qo’mitasi raisi Bob Menendezning ta’kidlashicha, bugungi kunda bu hujjatga hojat yo’q. Uning bekor qilinishi AQShning dunyo bo’ylab harbiy operatsiyalariga ta’sir ko’rsatmaydi.

“O’shanda prezidentga berilgan vakolatlarni davom ettirish mantiqqa to’g’ri kemaydi. Bayden ma’muriyati Kongressga aytib turibdi. Mintaqada olib borilayotgan bugungi harbiy amaliyotlar uchun 2002-yilgi rezolyutsiyaga tayanilayotgani yo’q. Bu hujjat faqatgina Saddam Husayn davrida Iroqdan kelayotgan tahdidlarga taalluqli edi”, - deydi Menendez.

Davlat kotibi muovini Vendi Sherman qonunchilar savollariga javob berar ekan, Oq uy 2002-yilgi resolyutsiyaning bekor qilinishiga qarshi emasligini bildirdi.

“Gap shundaki, ushbu hujjat Amerika xalqini terrorizmdan himoya qilish, diplomatlarimiz yoki obyektlarimizga qilingan hujumlarga javob berishda hech qanday rol o’ynamaydi. Prezident bu maqsadlarga erishish uchun boshqa vositalarga ega”, - deydi rasmiy.

Ayrim senatorlar taklifga qarshi, jumladan Tashqi aloqalar qo’mitasi a’zosi Jeyms Rish.

“Yaqin Sharqda qo’shinlarimiz soni kamayayotgan bir paytda, bunday qaror bilan Eronga va mintaqadagi ittifoqchilarimizga noto’g’ri signal yuborgan bo’lamiz”, - deydi qonunchi.

Yana bir senator qarshi ovoz berishini bildirdi.

“Malida ming askarimiz bo’lmasligi kerak. Somalida ming askarimiz bo’lmasligi kerak. 14 mamlakatda harbiy amaliyot olib borishga hojat yo’q. 2001-yilgi rezolyutsiyani boshqasiga almashtirgan taqdirda ham hech narsa o’zgarmaydi, unisi ham keng talqin qilinadi, urushlar davom etaveradi. Hammasini bekor qilish lozim. Urush boshlash oson bo’lmasligi kerak”, - deydi senator Rend Pol.

Prezident Jo Baydenning aytishicha, Iroqdagi jangovar operatsiyalar yil oxirigacha tugatiladi. Afg’onistondan qo’shinlarni olib chiqish ham 31-avgustga borib yakun topadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG