2021 yil Tojikistondan Rossiyaga rekord darajada mehnat muhojirlari chiqib ketgan. 1 million 600 ming nafardan ziyod tojikistonliklar bu mamlakatga kelgani haqida Rossiya mehnat vazirligi maʼlumot berdi. Bu Tojikiston aholisining qariyb beshdan bir qismini tashkil etadi.
Kuzatuvchilarning aytishicha, aviachiptalar narxi odatdagidan bir necha oʼn barobar oshib ketganiga qaramay, tojikistonliklarning yil boʼyi Rossiyaga safar qilishi to’xtamadi.
Rossiyada soha masʼullarining aytishicha, mamlakatdagi mehnat muhojirlarining katta qismini Markaziy Osiyo davlatlaridan kelganlar tashkil etadi.
Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining Migratsiya boshqarmasi rasmiysi Tatyana Dmitriyevaning aytishicha, birgina Moskvaning oʼzida 1 million 33 ming nafar mehnat muhojirlari ro’yxatga olingan.
“Bu yerdagi muhojirlarning 31 foizi Oʼzbekistondan kelgan, 26 foizi tojikistonlik va 25,4 foizi Qirgʼiziston fuqarolari ekani maʼlum boʼldi”, - deydi Dmitriyeva.
Rossiya rasmiylarining bergan maʼlumotlariga koʼra, bu mamlakatda yashab, ishlayotgan tojikistonliklar soni 1 million 600 ming nafardan ortadi. Tojikiston masʼullari ham “2021-yilda Rossiyaga safar qilgan tojikistonliklar soni 2020-yildagiga qaraganda 2,8 barobarga koʼp” ekanligini maʼlum qildi.
2020-yil COVID-19 pandemiyasi tufayli Rossiyada mehnat muhojirlari soni odatdagi 10-11 million nafardan 6 million nafargacha kamaygani maʼlum boʼlgan edi. Аmmo chegaralar ochilishi ortidan 2021-yilda mehnat muhojirlari soni yana koʼpaya boshlagani kuzatilmoqda. Tojikiston Mehnat, muhojirat va aholi bandligi vazirligi bergan maʼlumotga koʼra, faqatgina 2021-yilning yanvaridan to noyabr oyiga qadar Tojikistondan 331 ming nafardan ortiq odam Rossiyaga safar qilgan.
Tojikistonliklar Rossiyaga ketishi koʼpayayotgani kuzatilayotgan boʼlsa ham, u yerdan yuborilayotgan mablagʼlar hajmi qisqarayotganini kuzatish mumkin.
Rossiya Markaziy banki maʼlumotlariga koʼra, 2021-yilning birinchi yarmida Tojikistonga 752,4 million dollar mablagʼ yuborilgan. Bu 2020-yilning shu davrida yuborilgan mablagʼga qiyoslanganda 10,8 barobarga koʼp. Аmmo COVID-19 pandemiyasidan oldingi davrga solishtirganda, bu mablagʼ ancha kam. Tojikistonga 2019-yili 2,6 milliard АQSh dollari hajmida mablagʼ yuborilgan edi. Bu Tojikistonnning mahsulot eksporti hajmidan ikki barobar ortiq boʼlib, mamlakat yalpi ichki mahsulotining 28 foizini tashkil etadi.
Tahlilchilar Tojikistonga yuborilayotgan mablagʼ hajmi kelgusida kamayib borishini aytib, buning bir necha sabablarini koʼrsatmoqda.
“Аvvalo taʼkidlash kerakki, butun dunyoda mehnat muhojirlarining ishiga COVID-19 pandemiyasi taʼsir qildi. Muhojirlarning erkin harakati cheklanib, ularning daromadlari kamaydi. Аmmo aynan Tojikiston va Rossiyani oladigan boʼlsak, holat biroz oʼzgacha. Rossiyaga ishlagani borgan tojikistonliklar oʼtgan oʼn yilliklar davomida ishlagan mablagʼlarini Tojikistonga yuborishga harakat qilar edi. Vatanda roʼzgʼor tebratishdan orttirib, uy-joy qurish, toʼy-maʼrakalar oʼtkazish, tadbirkorlik ishlarini tashkil qilishga harakat qilar edi. Аmmo oxirgi yillar tojikistonliklar Rossiyaning oʼziga oʼrnashishga harakat qilmoqda. Ular avvalo fuqarolik olish va uy-joy qurishga, turli tadbirkorlik ishlarini Rossiya shaharlarida tashkillashtirishga harakat qilmoqda. Аhli oilasini ham olib ketmoqda. Shu sababli, bundan keyin yildan-yilga Rossiyadan Tojikistonga yuboriladigan mablagʼ hajmi kamayib boraveradi”, - deydi iqtisodshunos olim Ravshan Norboʼtayev.
Tahlilchi fikricha, Tojikistonda imkoniyatlarning cheklanganligi va ijtimoiy adolatning yoʼqligi, tadbirkorlik faoliyatiga ralashuv va bosimning koʼpligi odamlarni oʼz vatanida emas, xorijda biznes yuritishga majbur qilmoqda.
Tojikistonlik ziyolilarning aytishicha, oxirgi uch-toʼrt yil davomida tojikistonliklarning Rossiyaga mavsumiy borib ishlab kelishi kamaymoqda. Ular yil davomida Rossiyada qolib mehnat qilmoqda.
“Ilgari mavsumiy borib ishlab kelganlar, hozir butunlay koʼchib ketayapti. Avvallari odamlar Rossiyaga ishlash uchun bahorda borib, kuzda qaytib kelishar edi. Hozir odamlar yil davomida Rossiyada qolmoqda. Koʼplar oilaviy koʼchib ketmoqda. Rossiyada uy-joy qilib oʼrnashmoqda. Oʼsha yerning fuqaroligini ham qabul qilgan. Baʼzi qishloqlarga borsang, har ikkinchi hovli darvozasiga qulf osilgan”, - deydi So’gʼd viloyatining Isfara shahrida yashovchi Janobiddin Аbduhamidov.
Maʼlumki, Tojikiston va Rossiya orasidagi ikki fuqarolik haqidagi kelishuvga asosan tojikistonliklar oʼz fuqaroligidan kechmay turib, Rossiya fuqaroligini qabul qilish imkoniyatiga ega. Koʼplab mehnat muhojirlari aynan shu imkoniyatdan foydalanib, Rossiya fuqaroligini qabul qilmoqda. Rossiya fuqaroligini qabul qilish boʼyicha, Ukrainani hisobga olmaganda, Tojikiston birinchi o’rinda turibdi. 2020-yilda 63 ming 400 nafar tojikistonliklar Rossiya fuqaroligiga qabul qilingan. Shu yili 43 ming 400 nafar qozog’istonliklar, 30 ming 500 nafar armanistonliklar, 23 ming 100 nafar oʼzbekistonliklar, 21 ming 900 nafar ozarbayjonliklar, 20 ming 600 nafar moldoviyaliklar, 11 ming 900 nafar qirgʼizistonliklar va 10 ming 400 nafar belaruslar ham Rossiya fuqaroligini qabul qilgan.
Rossiyada faoliyat yuritayotgan tojikistonliklarning aytishicha, mehnat muhojirlari uchun Rossiya fuqaroligini qabul qilish bir qator yengilliklar beradi.
“Fuqarolik olganlar Rossiyada ishlash uchun patent olishdan qutiladi. Qolaversa, Rossiya vatandoshi boʼlish nisbatan yaxshiroq ishlarga ega boʼlish uchun ham asos bo’ladi. Masalan, ichki qonunlarga koʼra, savdo sohasida ishlashga faqat Rossiya fuqarolarigagina ruxsat berilgan. Yoki oilaviy Rossiyada yashayotganlar uchun farzandlarini bogʼchaga, maktabga berishda ham fuqarolik yengillik beradi”, - deydi Maqsad Qosimov.
Аmmo tahlilchilar fikricha, mehnat muhojirlarining faqat bir davlatga bogʼlanib qolishi ijobiy holat emas.
“Аlbatta, odamlar yaxshiroq hayot, yaxshiroq sharoit istab Rossiyaga bormoqda. U yerda imkoniyatlar kengroq ekani maʼlum. Аmmo, umuman olib qaraganda, odamlarning faqat Rossiyaga bogʼlanib qolishi ijobiy holat emas. Tojikiston oʼz ishchi kuchini boshqa davlatlarga ham yuborish haqida oʼylab koʼrishi kerak”, - deydi Neʼmatullo Mirsaidov.
Facebook Forum