Breaking News

Nobel sovrindori: Rossiyada xalq va hukumat alohida qonunlar ostida yashaydi


2021-yilning Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindorlari Mariya Ress va Dmitriy Muratov, Oslo, 10-dekabr, 2021
2021-yilning Tinchlik uchun Nobel mukofoti sovrindorlari Mariya Ress va Dmitriy Muratov, Oslo, 10-dekabr, 2021

Bu yil Tinchlik uchun Nobel mukofoti olgan rossiyalik jurnalist Dmitriy Muratov nazarida uning sohasi zulmga qarshi kuchli vositadir.

"Novaya Gazeta" bosh muharriri va uning tahririyati tekshiruvlarga asoslangan materiallari uchun doimiy tazyiq ostida. Qator hamkasblari o'ldirilgan, jumladan Chechenistonni yoritgan Anna Politkovskaya.

Dekabr oyida Politkovskaya yodgorligiga hujum qilingan. O'sha paytda Muratov va Filippin jurnalisti Mariya Ressa Osloda Nobel olgan edi.

Anna Politkovskaya 2006-yilda Moskvada o'ldirilgan
Anna Politkovskaya 2006-yilda Moskvada o'ldirilgan

"Amerika Ovozi" bilan suhbatda Muratov Rossiya hukumatini jurnalistlar va matbuot bilan tinimsiz va keskin kurash olib borayotganlikda aybladi.

Jurnalistika agar zulmga qarshi samarali vosita bo'lsa, nega Rossiyada bunga guvoh emasmiz? U yerda erkinlik tobora cheklanmoqda, OAV doimiy bosimda.

Muratov deydiki, jamiyat shunday bosimga chidashi, unga ruxsat berishi - asl fojia. 1936-yilda Stalin Sovet konstitutsiyasi loyihasini chiqarib, xalqqa tadqim etganida odamlar bizga teng huquq kerak emas, mehnat lagerlari yopilmasin, siyosiy mahkumlar ozod etilmasin, degan qabilda munosabat bildirgan.

Stalinga yuborilgan minglab xatlarda odamlar kolxozchilar ovoz bermasin, boylarning mulki qaytarilmasin, deya undagan. Stalin, tarixiy tahlilga ko'ra, xalqqa erkinlik kerak emas, repressiya - ular istagi, deya xulosa qilgan.

Muratov, suhbatda shularga urg'u berar ekan, hozirgi muhitni Stalin davriga o'xshatadi. Muratov taniqli tarixchi Olga Velikanovaning bu boradagi kitobini mutolaa qilishni tavsiya qiladi. Unda o'sha davrdagi siyosiy va ijtimoiy yondashuv keng yoritilgan.

O'tgan asrda, deydi Muratov, SSSR va kommunizm davrida 100 millionga yaqin odamning yostig'i qurigan. Qo'rqinch hissi dunyoning bu tarafida nihoyatda chuqur ildiz otgan. Hukumat zolim lekin undan boshqa yana nima bor, degan mustahkam qarash shakllangan.

Dmitriy Muratov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, dekabr, 2021
Dmitriy Muratov "Amerika Ovozi" bilan suhbatda, dekabr, 2021

1990-yillarda Rossiyada nisbiy erkinlik davri hukm surdi. Ammo, deya kuzatadi Muratov, iqtisodiy rivojlanishga intilish, kapitalizm nishonalari erkinlik ham pul degan fikrni kuchaytirdi. Boylik, daromad insonga tanlash erkinligini beradi degan g'oya o'rniga, pulim bo'lsa, hammani sotib olaman, degan ishonch avj oldi. Jumladan, to'q yashash muhimroq, erkinlik emas, degan ishonch.

Jurnalistlarga hozir qanday madad zarur?

Muratov deydiki, Rossiya parlamenti xalqni aks ettirmaydi. Media uni aks ettiradi. Shunday ekan, odamlar OAVni quvvatlashi zarur. Odamlar namoyishlarga chiqqanida buni yaqqol bildirmoqda. Qonunchilarga "siz bizning vakilimiz emassiz", - deya eslatib turishibdi. Bu jasorat, deydi jurnalist.

Oxirgi uch oyda Rossiyada 100 dan ortiq odam "xorijiy agent" deb tamg'alandi. Qator davlatlar jurnalistlarni quvvatlayotgani ijobiy hol, deydi Muratov. Nohukumat tashkilotlar, huquq faollari, erkinlik uchun kurashayotganlar quvvatlovga muhtoj.

Bolotnaya maydoni, Moskva, 10-dekabr, 2021
Bolotnaya maydoni, Moskva, 10-dekabr, 2021

Chet davlatning "xorijiy agent" deya tamg'alangan odamni quvvatlashi vaziyatni yanayam og'irlashtirmaydimi?

Muratov nazarida moddiy yordam nihoyatda zarur va moliyasiz hech kim ishlay olmaydi. Mablag'ning qayerdan kelayotgani aniq, uni bemalol kuzatish mumkin. Boshqa tomondan, deydi jurnalist, demokratik davlatlar Rossiyadagi kabi muhitda OAV va erkinlik tarafdorlarini qanday quvvatlash ustida qattiqroq bosh qotirishi lozim. Yangicha yo'llar zarur, deya undaydi Muratov.

Jurnalist uchun Rossiyada hozir nima xavfliroq: bevosita hujum yoki repressiv qonunlar?

Muratov deydiki, Rossiyada mediaga qarshi gibrid kurash ketmoqda, ya'ni jurnalistlar bevosita va bilvosita tahdid ostida. Sizni o'ldirib ketish oson va hech kim qotilni aniqlay olmaydi. Shu kungacha, deydi jurnalist, matbuotchilar ko'rmagan zarar, boshdan kechirmagan fojia qolmadi. Gazetalarni yopish, jurnalistlarni o'ldirish, matbuotga zarba berish haqida ochiq chaqiriqlar har kuni har yerda yangraydi. Aynan "Novaya Gazeta" tinimsiz xavf ostida ishlashishi Muratov qayta-qayta eslatadi.

"Novaya Gazeta" ofisi, Moskva
"Novaya Gazeta" ofisi, Moskva

Rossiyada, xususan konstitutsiyada senzura taqiqlangan. Jurnalistlar sudga arz qilib, bugungi senzurani ochib bersa, nima bo'lishi mumkin? Yuta olishadimi?

"Jurnalistlar Rossiya sudida yuta olmaydi", - deydi Muratov. "Ular Yevropa Inson huquqlari sudida yutishi mumkin, u yerda hamisha yutamiz ham. Ammo Rossiyada hamisha yutqazamiz. Vaziyat shunday. Buni ochiq tan olishimiz kerak".

Muratov fikricha, Rossiya xalqi hozir o'zi yaratgan davlatda yashamoqda:. hukumat boshqa qonunlar asosida, xalq boshqa qonunlar asosida.

"Biz hukumat ishlab chiqqan qonunlarga bosh egishga majburmiz. Ularga ko'ra esa hech narsa qilolmaymiz. Erkin ishlay olmaymiz, jurnalist sifatida o'z vazifamizni ado eta olmaymiz".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG