Breaking News

Rossiyadan deportatsiya qilingan sportchi Tojikistonda hibsga olindi


Tojikistonlik sportchi va bloger Chorchanbe Chorshanbiyev
Tojikistonlik sportchi va bloger Chorchanbe Chorshanbiyev

Rossiyadan Tojikistonga deportatsiya qilingan sportchi vataniga qaytishi bilan hibsga olinib, unga qarshi Jinoyat kodeksining “milliy yoki diniy adovat qo‘zg‘ash” hamda “konstitutsion tuzumni kuch bilan ag‘darishga ommaviy chaqiriq” moddalari bilan jinoiy ish ochilgan. Rossiyadan Tojikistonga yuborilgan Chorshanbe Chorshanbiyev 30-dekabr kuni Moskvadan uchgan samalyotda Dushanbega kelib tushar ekan, aeroportning o‘zida qo‘lga olingan.

30-dekabr kuni poytaxt Dushanbe shahrining Shohmansur tumani sudi Chorshanbe Chorshanbiyevga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining 189 (milliy va diniy adovat qo‘zg‘ash) va 307-moddasi (konstitutsion tuzumni kuch bilan ag‘darishga ommaviy chaqirish) bilan jinoiy ish ochilganligini ma’lum qildi. Ammo huquq-tartibot organlari tomonidan aynan qaysi so‘z yoki amallari uchun bunday javobgarlikka tortilayotganligi hozircha ochiqlangani yo‘q.

Taniqli tojik blogeri va aralash jang san’ati (MMA) ustasi Chorshanbiyev 2021-yilning 3-dekabr kuni Moskva shahrida yengil avtomashinada belgilangan me’yordan baland tezlikda harakat qilganligi uchun qo‘lga olinib, Ostankinskiy sudi tomonidan ma’muriy javobgarlik – 5000 rus rubli (taqriban 67 AQSh dollari) hajmida jarima tayinlangan hamda Rossiya hududidan chiqarib yuborilishi haqida qaror chiqarilgan edi. Chorshanbiyev sud qaroriga appelyatsiya bergan, ammo 29-dekabr kuni ishni qayta ko‘rib chiqqan sud birinchi qarorni o‘zgarishsiz qoldirgan. Ayni paytda jamoatchilik ham Chorshanbiyev katta ehtimol bilan Rossiyadan chiqarib yuborilishini taxmin qilayotgan edi. Ammo uning Tojikistonda qayta qo‘lga olinib, Jinoyat kodeksining taqriban 15 yil qamoq jazosi ko‘zda tutilgan ikki moddasi bo‘yicha ayblanishi kutilmagan voqea bo‘ldi.

Chorshanbiyev aralash jang san’atidan tashqari o‘zining blogerlik faoliyati bilan ham jamoatchilikka yaxshi tanish edi. Instagram sahifasida yarim million nafarga yaqin obunachilarga ega. Shuningdek, “Chorahanbelive” shaxsiy telegram kanalini ham yuritgan. Kanalining boshiga “Biz po‘lat tog‘larni eritganlarning avlodlarimiz, oldimizda hech narsa tura olmaydi”, deb yozib qo‘ygan 26 yoshli bloger ozod va erkin fikrlari bilan ham keng jamoatchilikka tanilgan. Ammo uning chiqishlari asosan sport va turli ko‘ngilochar mavzularga bog‘liq bo‘lar edi.

O‘tgan yili taniqli jamoatchilik faoli va mehnat muhojirlari huquq himoyachisi Izzat Amon ham Tojikistonga deportatsiya qilingan va o‘z vatanida hibsga olingan edi.

Chorshanbe “Iron King” kanalida bloger Yodgor Islombekov savollariga javob berar ekan, viza olib AQShga chiqib ketish maqsadi borligini aytgan edi. Aynan nima yoqmasligi haqidagi savolga ularning millatchiligi, deya javob qaytargan. Ammo, tahlilchilar fikricha, Chorshanbiyev 2020-yilning 19-mayida e’lon qilingan intervyudagi so‘zi uchun javobgarlikka tortilayotgani yo‘q. Kelib chiqishi Tog‘li Badaxshon muxtor viloyatidan bo‘lgan sportchi va blogerning Rossiyadan chiqarib yuborilishi va Tojikistonda unga nisbatan jinoiy ish ochilishi 2021-yilning noyabr oyida Xorug‘ shahrida ro‘y bergan norozilik namoyishlari bilan bog‘liq.

“Taniqli MMA yulduzi Chorshanbening hibsga olinishi masalasi, mening fikrimcha, uning qo‘lga olinishi “milliy yo diniy adovat qo‘zg‘ash” bilan bog‘liq emas. Noyabr oyida ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlaridan birida Xorug‘ voqealari haqida baland hissiyot bilan gapirgan ekan. Ya’ni bu sportchi siyosat olamiga kirdi. Agar sport olamidan tashqariga chiqmaganida, aniqrog‘I, siyosatga aralashmaganida parvo ham qilmas edilar. Axir necha yillardan beri siyosatga aralashmay chiqishlar qilib kelar edi va e’tibor qilmas edilar. Noyabr oyidagi siyosiy chiqishidan keyin tegishli idoralar Rossiyadan Tojikistonga yuborilishiga erishdilar”, - deya ta’kidlaydi taniqli tojik nizoshunos–tahlilchisi Parviz Mullojonov.

Tahlilchi fikricha, oxirgi voqealar shu paytgacha faqat o‘z auditoriyasi va asosan yoshlar orasida tanilgan sportchi va bloger Chorshanbeni keng jamoatchilikka tanitmoqda.

“Boshqa tarafdan Chorshanbening hibsga olinishi va javobgarlikka tortilishi aks sado bermoqda. U Xorug‘ voqealari ortidan qisqa va juda sodda, oddiy video chiqish qilgan va odamlarni adolatsizlikka qarshi turishga chaqirgan ekan. Bu videoni ko‘plar ko‘rmagan. Men o‘zim ham kecha ko‘rdim. Ammo u hibsga olinganidan keyin bu videoni ko‘rganlar birdaniga o‘n baravarga oshib ketdi. Ya’ni uning hibsga olinishi bir oddiy sportchidan bir siyosiy figura (shaxsiyat) yasamoqda. Uning qo‘lga olinib, Rossiyadan deportatsiya qilinishi – aytganlarining xalq orasida rasmiy reklamasiga aylanmoqda. Boshqacha qilib aytganda, uning qo‘lga olinishi va javobgarlikka tortilishi sportchidan norozilik namoyishining yangi bir ramziga aylantirmoqda”, - deydi Mullojonov.

Boshqa bir jamoatchilik faoli Saxvat Burhonovning fikricha, Chorshanbe Chorshanbiyev o‘zini tojik emas, pomiriy deb e’lon qilgani uchun tegishli davlat organlari nazariga tushgan.

Tojikistonda soʻz erkinligi so'nggi yillarda ancha pastlagan
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:06:33 0:00

“Bilishimcha, Chorshanbe biror siyosiy partiyaga a’zo emas. Davlat asoslariga xavf soladigan biror ish ham qilgani yo‘q. Separatistik g‘oyalar yoki Pomirni Tojikistondan ayirish haqida ham gapirgani yo‘q. Faqat “men tojik emasman, men pomiriyman”, dedi. Birinchidan, bu uning shaxsiy fikri. Demokratik, huquqiy davlatda shaxs fikr uchun javobgarlikka tortilmasligi kerak. Fikr erkinligi bo‘lishi kerak. Ikkinchidan, u o‘zini nima uchun pomiriy deb ataganiga e’tibor qarataylik. Aslida, jamiyatning o‘zi uni shunday shakllantirdi. Unga har doim "sen pomirliksan”, deyildi. O‘zimiz uni pomirlik sifatida tarbiyaladik, o‘zimiz ajratdik. Bugunga kelib uni sindirmaslik kerak, balki tarbiyalash kerak”, - deydi jamoatchilik faoli Saxvat Burhonov.

Bir necha kun oldin Rossiya hududida yashaydigan pomirliklar butun Tojikiston ahliga murojaatnoma yo‘llar ekan, unda “oxirgi vaqtlar markaziy hukumat tomonidan pomirliklarni mamlakatning boshqa mintaqalari ahliga yomon ko‘rsatishga urinishlar bo‘layotganligini aytib, ular ham hamisha tinchlik va birlik tarafdori” ekanliklari ta’kidlanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan bu videomurojatga Tojikiston rasmiylari hozircha munosabat bildirgani yo‘q.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG