Breaking News

AQSh Kongress uchun oraliq saylovlarga hozirlanmoqda


Kapitoliy binosi, Vashington, AQSh
Kapitoliy binosi, Vashington, AQSh

AQShda navbatdagi Kongress saylovlariga bir yildan ozroq vaqt qoldi. Saylovchilar AQSh Vakillar palatasidagi barcha 435 o'rinni va Senat a'zolarining uchdan bir qismini qayta saylaydi. Saylov natijalari Prezident Jo Bayden faoliyatining qolgan yillari uchun muhim ahamiyatga ega.

Vashingtondagi ta’sirchan shaxslar allaqachon o’z qadamlarini saylovni hisobga olgan holda tashlashni boshlagan.

Bu, ayniqsa, oxirgi paytlarda reytingi 40 – 45 foizlik darajaga tushib ketgan Baydenga taalluqli. Koronavirus pandemiyasi kuchayib, inflyatsiya oddiy amerikaliklar xarajatlarini oshirayotgan bir paytda saylov prezident mansub partiya uchun qiyin kechishi kutilyapti.

“Joriy yilning noyabr oyida boʻlib oʻtadigan oraliq saylovlar odatdagidan boshqacha boʻladi, deb oʻylash uchun hech qanday asos yoʻq. U prezident va prezident partiyasi faoliyati boʻyicha referendum”, - deydi Brukings institutining boshqaruv tadqiqotlari dasturi yetakchi ilmiy xodimi Uilyam Galston.

Kongressdagi nazorat boy berilishi mumkin

Prezident o’z dasturlarini muvaffaqiyatli amalga oshira olishi uchun Vakillar Palatasida ham, Senatda ham u mansub partiyaning nazorati juda muhim. Demokratlar hozir ikkala palatada kichik miqdorda ustunlikka ega. Senatda o’rinlar har ikki partiya tomonidan teng bo’lingan, lekin Vitse-prezident Kamala Xarris ovozlar teng kelgan paytda hal qiluvchi qo’shimcha ovoz berish huquqiga ega. Biroq Filibaster qoidasi asosida respublikachilar ko'plab qonunlarning ovozga qo’yilishiga to’sqinlik qilishlari mumkin.

Vakillar palatasida demokratlar 222-212 nisbatida koʻpchilikni tashkil qiladi. Respublikachilar noyabr oyida Vakillar Palatasidagi aksariyat o’rinlarni qo’lga kiritishi ehtimoli yuqori.

Senatda natija qanday bo’lishi hozircha noaniq. Ovozga qo’yiladigan 34 ta o'rinning 20 tasi respublikachilarga, 14 tasi esa demokratlarga tegishli. Aksariyat senatorlar o’z o’rini qayta egallashi kutilmoqda. Kurash, asosan, oltita o’rin ustida kechadi. Bu o’rinlar hozir respublikachi va demokratlar tomonidan teng bo’lingan.

Prezident uchun referendum

1861-65 yillardagi fuqarolar urushidan beri o'tkazilgan oraliq saylovlarning uchtasidan tashqari qolgan barchasida amaldagi prezidentning partiyasi Kongressdagi ko’pchilik o’rinlarni boy bergan.

Kuk siyosiy hisoboti asoschisi Charli Kukning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, “Partiya qanday harakat qilishini eng yaxshi bashorat qiluvchi narsa amaldagi prezidentning reytingidir”.

“U 50 foizdan qanchalik kam bo’lsa, shunchalik qiyin bo’ladi. Demak, agar sizda Prezident Bayden kabi 42 yoki 43 foiz boʻlsa, bu (demokratlar uchun) yaxshi narsa emas”, - deydi u.

“Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, qandaydir favqulodda vaziyat boʻlmasa, oraliq saylovda mashhur boʻlmagan prezident partiyasi yaxshi natija koʻrsatishini kutmagan ma’qul, - deydi Virjiniya universiteti Siyosat markazining “Sabato's Crystal Ball” nashri muharriri Kayl Kondik “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. - Shuning uchun men yanvar oyi holatiga ko’ra shuni aytishim mumkinki, Bayden reytingini yo yaxshilashi kerak yoki demokratlar Vakillar Palatasini va Senatni yo'qotish xavfi ostida".

Natijalar tan olinmasligi mumkinmi?

Amerikaliklarni siyosiy chegaralarni kesib o'tishga ilhomlantiradigan katta birlashtiruvchi voqea ro’y bermasa, 2022-yilgi saylovlar o’ta tarafkashlik muhitida o'tadi. Sobiq prezident Donald Tramp firibgarliklar bilan o’tdi deya daʼvo qilgan 2020-yilgi saylovlardan soʻng koʻplab shtatlar saylovga oid bahsli qonunlarni qabul qilgani vaziyatni yanada murakkablashtirishi mumkin.

“Agar qaysidir tomon yaqqol ustunlik bilan g’olib chiqmasa, deylik, Senat ustidan nazoratni belgilashi mumkin boʻlgan poygada yutqazgan tomon natijaning qonuniyligini tan olishga tayyor boʻladimi yoki jarayon qandaydir tarzda soxtalashtirilganini da’vo qiladimi?" — deb soʻraydi saylov huquqi boʻyicha ekspert va Nyu-York universiteti Huquqshunoslik fakultetining professori Rik Pildes. - Biz har ikki tomonda saylovdan oldin katta ishonchsizlik holatiga guvoh bo’lyapmiz”.

Pildesning ta'kidlashicha, vaziyat AQSh saylov tizimining boshqa ko'plab demokratik davlatlardan sezilarli darajada farq qiladigan bir jihati bilan yanada og'riqli.

"AQShda ko'plab demokratik davlatlardan farqli o'laroq, saylovlarimizni nazorat qiluvchi va boshqaradigan mustaqil institutlarimiz yo'q, - dedi u "Amerika Ovozi" bilan suhbatda. - Bizda partiyaviy saylangan amaldorlar bor va saylov jarayonining ko‘p qismini ular boshqaradi. Agar boshqa partiyaning saylangan arboblari jarayonni nazorat qilsa, yutqazganlar natijani qanchalik tan olishi haqida xavotirlar bor”.

Agar bahs-munozaralar bo'lsa, u katta miqyosda bo’lmaydi, degan fikrda Brukings institutidan Galston.

"Hozirgi vaqtda saylovlarning ko'pchiligi u yoki bu partiya hukmronlik qiladigan yurisdiksiyalarda bo'lib o'tmoqda. Biz Kongress okrugi darajasida ham, shtat darajasida ham ko'p saylovlar bahsli natija bilan tugashini ko'rmasligimiz mumkin. Menimcha, bu 2020-yilgi prezidentlik saylovlaridagidek keskinlik darajasiga chiqmaydi”, - deydi ekspert.

Abort to'g'risidagi sud qarori

Virjiniya Universiteti eksperti Kondikning so'zlariga ko'ra, saylovga sezilarli ta'sir ko'rsatishi mumkin bo'lgan voqealardan biri bu yoz boshida Oliy suddan kutilayotgan abort to'g'risidagi bahsli qarordir. Qaror shtatlar Oliy sud pretsedenti ruxsat berganidan ko'ra ko'proq cheklovchi abort qonunlarini qabul qilish huquqiga egami yoki yo'qligini hal qiladi.

"Oliy sud shtatlarga abortni hozirgidan ko'ra ko'proq cheklashga ruxsat beradimi yoki yo’qmi? Abort Amerika siyosatida juda qutbli va muhim masaladir”, - deydi u.

Respublikachilar abort huquqlarini cheklashni yoki butunlay bekor qilishni qo'llab-quvvatlaydi. Aksariyat demokratlar esa abort xizmatlaridan foydalanishni erkinlashtirish tarafdori. Bu masalada Oliy sud qanday qaror qabul qilishidan qat’i nazar, uning qarori saylovchilarni faollashtirib yuborishi mumkin.

So'rov: AQShning global obro'si oshdi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:15 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG