Breaking News

Lukashenkoning O’zbekistonga qaratilgan ogohlantirishidan muddao nima edi?


O’zbekiston Xavfsizlik kengashi yig’ilishini o’tkazgan Prezident Shavkat Mirziyoyev Aleksandr Lukashenkoning ogohlantirishlarini chetlab o’tmadi.

Kengaytirilgan tartibda o’tkazilgan yig’ilish O’zbekiston qurolli kuchlari kuni, 14-yanvar munosabati bilan chaqirilgan deyish qiyin. So’nggi kunlarda Markaziy Osiyo xavfsizlikka doir jiddiy sinovlarga to’qnash keldi, mintaqada geosiyosiy siljishlar yuz bermoqda.

Mirziyoyev bu yig’ilishda nafaqat Belarus rahbarining ogohlantirishiga, balki bu bayonotga asos qilib olingan Qozog’istondagi norozilik namoyishlarga ham to’xtalib o’tdi.

Lukashenkoning ismi tilga olinmagan bayonotda O’zbekiston xavfsizlikni ta’minlash salohiyatiga ega ekanligi, Qozog’iston voqealari esa xavotir bilan kuzatilgani aytildi.

Mirziyoyev Lukashenkoning ogohlantirishini qoraladi
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:00:26 0:00

Mirziyoyev To’qayevning barqarorlikni ta’minlashdagi harakatlarini qo’llab-quvvatlashini aytsa-da, bu barqarorlikka Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoq, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXShT) jalb qilinishi Toshkent uchun kutilmagan hol bo’lganini taxmin qilish mumkin.

Qozog’istonda norozilik avj olgan paytda rasmiy Toshkent ziddiyatni mamlakat xalqining o’zi mustaqil yechishiga ishonch bildirgan edi.

“Ishonchimiz komil, donishmand Qozog‘iston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqadi. Qozog‘iston xalqi o‘zaro hamjihatlikni saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni tiklash hamda yuzaga kelgan muammolarni o‘zi mustaqil hal qilish uchun yetarli qatʼiyat va irodaga egaligiga ishonamiz”, deyilgan edi O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining Qozog’istondagi voqealar yuzasidan tarqatgan bayonotida.

Ammo Qozog’istonda vaziyat taranglashgach Prezident To’qayev KXShTga yordam so’rab murojaat bilan chiqdi. Buning ortidan harbiy ittifoqning uch atrofidagi qo’shinlari Qozog’istonga kiritildi. Ayni paytda bu qo’shinlar mamlakatni tark etayotgani xabar qilinmoqda.

Toshkent mojaroga KXShT qo’shinlari tortilishiga nisbatan biror munosabat bildirmadi. Qozog’istondagi namoyishlar ortidan navbatdan tashqari sammitini o’tkazgan harbiy ittifoq yig’inida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko bu namoyishlardan eng avvalo O’zbekiston saboq chiqarishi lozimligi, jangarilar nigohi O’zbekistonga qaratilgani haqida bayonot qildi.

Lukashenkoning bu bayonoti o’zbek jamoatchiligida jiddiy munozara qo’zg’atdi. Nafaqat sharhlovchi va ekspertlar, balki ijtimoiy tarmoqlarda bu borada o’z mulohazalarini yozayotgan aksariyat fuqarolar ham Lukashenko ortida Rossiya prezidenti turgani, maqsad O’zbekistonni KXShTga qo’shish ekanligiga shubha qilishmayapti.

O’zbekiston aslida 1992-yilda Toshkentda asos solingan bu harbiy ittifoqni 2012-yilda tark etgan. Bu o’sha paytda Islom Karimovning Moskvadan masofalanish siyosatidagi muhim qadamlaridan biri edi.

Toshkentning bu masofalanish siyosati 2016-yilgacha, Karimov o’limiga qadar o’zgarishsiz edi. Boshqaruvga Mirziyoyev kelishi ortidan Toshkent-Moskva aloqalari shiddatli tarzda rivojlana boshladi, O’zbekiston Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi maqomida qo’shildi. Shu asnoda O’zbekistonni KXShTga qaytarish harakatlari ham davom etmoqda.

Prezident To’qayev shu maqsadda tashqi agressiya, mintaqadan kelgan jangarilar haqidagi iddaolarni o’ylab topdi. Ammo bunga qozoq xalqi ham, tashqaridagilar ham ishongani yo’q.

“O’zbekiston KXShTning a’zosi emasligi Prezident Mirziyoyevning xizmati emas. Bundan qat’i nazar biz o’zbek askarlarida Qozog’istondagi namoyishchilarni peshonasini nishonga olmaslik imkoniyati saqlanib qolganidan xursand bo’lishimiz kerak. Aks holda ular ham KXShT safida namoyishchilarni nishonga olishi mumkin edi. Umuman, Qozog’istondagi voqealar bu harbiy ittifoq xalqaro me’yorlarga ham, o’z nizomiga ham mutlaqo amal qilmasligini ko’rsatdi. Tashkilot nizomiga muvofiq a’zo davlatlarning ichki ishiga aralashishi uchun bu mamlakatlar tashqi agressiyaga uchrashi yoki mamlakatda jiddiy falokat, tabiiy ofatlar yuz berishi kerak. Qozog’istonda unisi ham, bunisi ham kuzatilgani yo’q. Harbiy ittifoq qozoq xalqining ommaviy noroziligini bostirish uchun safarbar qilindi. Prezident To’qayev shu maqsadda tashqi agressiya, mintaqadan kelgan jangarilar haqidagi iddaolarni o’ylab topdi. Ammo bunga qozoq xalqi ham, tashqaridagilar ham ishongani yo’q. Bu harbiy ittifoq rejimdan norozi bo’lgan qo’zg’olonlarni bostiruvchi tuzumga aylantirilmoqda”, - deb hisoblaydi Qozog’istondagi voqealarni kuzatib kelayotgan mustaqil jurnalist Yusuf Ro’zimurodov.

Qozog’istondagi ichki noroziliklarga tashqi kuchlarni, xususan KXShTga a’zo bo’lgan Armaniston, Belarus, Rossiya, Qirg’iziston va Tojikistondan qo’shinlar jalb etilishi nafaqat qozoq jamoatchiligida, balki bu ittifoqqa a’zo bo’lgan Qirg’izistonda ham jiddiy e’tirozlarga sabab bo’ldi.

KXShT a’zosi bo’lgan Tojikistonda ham mustaqil kuzatuvchilar Rossiya yetakchiligidagi harbiy ittifoqda Markaziy Osiyoni mutlaq egallash maqsadini ko’rishadi. Prezident Lukashenkoning O’zbekistonni ogohlantirib chiqishi aynan shunday izohlanmoqda.

“Lukashenkoning bayonoti ortida Markaziy Osiyoda yana Rossiya imperiya qudratini mustahkamlash maqsadi yotadi. Qolaversa, bu bayonot turkiy davlatlarning rivojlanib borayotgan hamkorligiga putur yetkazish uchun ham qilinmoqda. Bugun Kremlning asosiy maqsadi - O’zbekistonni Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqiga, KXShTga qo’shib olish. Ammo O’zbekiston mintaqadagi yetakchi kuch, o’z siyosatini mustaqil belgilash salohiyatiga ega”, - deydi tojikistonlik tahlilchi Ilhom Yusupov.

O’zbekiston ayni paytda Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomiga ega. Qozog’istondagi namoyishlar ortidan O’zbekistonni harbiy ittifoqqa qaytarishga doir chaqiriqlar ko’paymoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG