BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish dunyo ahlini Afg'onistondagi vaziyat misli ko'rilmagan darajada og'ir ekani haqida ogohlantirmoqda.
Guterrishning ta'kidlashicha, mamlakat hayoti qil ustida, xalq ocharchilik domida. 22 milliondan oshiq afg'onga zarur yordamni berish uchun 8 milliard dollar kerak.
"Insonparvarlik madadi ko'rsatish borasida Afg'oniston eng og'ir muhitdir", - deydi Guterrish, 26-yanvar kuni BMT Xavfsizlik kenhgashida so'zlar ekan.
Afg'oniston iqtisodi qulagan. 2021-yildagi qurg'oqchilik bois oziq-ovqat taqchil. Yonilg'i yetishmaydi. Qahraton qishda hayot yanada murakkablashgan.
Tolibon olti oy oldin hokimiyatga kelganidan beri Afg'onistonga xalqaro tashkilotlar va G'arbdan, xususan, moliya to'xtagan. Biror davlat Tolibonni tan olmagan.
BMT esa gumanitar yordam berishga urinmoqda, lekin mablag' oz.
Guterrish davlatlarni Afg'onistonga nisbatan cheklovlarni qayta ko'rib chiqishga, ko'mak berish uchun ayrimlarini bekor qilishga undamoqda.
"Moliyaviy institutlar va tijoriy hamkorlarga gumanitar tashkilotlar bilan ishlashi uchun imkoniyat yaratib, ularni yuridik qo'llash lozim", - deydi Guterrish.
Muzlatilgan mablag'larni berib, afg'on markaziy banki bilan aloqani tiklash kerak, deydi u.
"Har bir daqiqa g'animat. Darhol chora ko'rmasak, insonlar halok bo'la boshlaydi, qashshoqlik va ekstremizm kuchayadi. Afg'onlar mamlakatni katta sonlarda tark eta boshlashi mumkin. Bu ham muammolarni ko'paytiradi".
AQSh Afg'onistonga tegishli 9 milliard dollarni muzlatgan. BMTdagi elchi Linda Tomas-Grinfildning aytishicha, Tolibon boshqaruviga ishonch yo'q.
"Afg'oniston iqtisodiyotini tiklash uchun mustaqil, salohiyatli markaziy bank zarur. U xalqaro me'yorlarga javob berishi kerak. Hozirda Amerika bu bank faoliyatini tekshirmoqda", - deydi diplomat.
BMTning Afg'oniston bo'yicha vakili Debra Layns deydiki, Tolibon ayrim ijobiy qadamlar tashlagan, jumladan, daromadga asoslangan byudjet ishlab chiqilgan. Hukumat xodimlari maosh ola boshlagan, xususiy sektorga imkoniyatlar bermoqda. Mart oyida yangi o'quv yili boshlanadi, UNICEF yordamida maktablar qayta ochilishi kerak.
"Lekin inson huquqlari bilan bog'liq ahvol juda ayanchli", - deydi Layns. "Aholini qo'rqinch va tahdid orqali boshqarish yo'lga qo'yilmoqda. Aslida aksi bo'lishi kerak: xalq talablarini qondirish lozim, unga xizmat qilish kerak".
Tolibon oldingi hukumatga ishlaganlar va G'arb bilan hamkorlik qilganlarni jazolamaslikka so'z bergan, ammo amalda buning aksi. Odamlarni o'ldirish, asossiz qamash, siyosiy faollar va fuqaro jamiyati a'zolariga tazyiq va bosimlar avj olgan.
"20 yillik qattiq mehnat, sohama-soha o'sish, ilmiy-madaniy taraqqiyot - olti oyda Tolibon hammasini yer bilan yakson qildi. Xotin-qizlar ishdan va imkoniyatlardan, erkinlikdan ayrilmoqda", - deydi afg'on faol Mahbuba Siroj, BMT Xavfsizlik kengashida so'zlar ekan.
Siroj BMTga ham yillar davomida bergan va'dalarini eslatib, xalqaro hamjamiyatni dadil harakat qilishga va afg'on xalqiga real yordam berishga chaqirdi.
BMTda hali ham Afg'onistonning oldingi hukumatining vakili o'tiradi. Nosir Faiq bu lavozimda bo'lsa-da, biror hukumat emas, o'z nomidan gapirayotganini aytib, yetakchi davlatlardan afg'on xalqiga madad ko'rsatishni so'radi. Tolibon xalqni qattiq ezmoqda, vaholanki, unga insoniy munosabatda bo'lishni va'da qilgan edi, deydi Faiq.
Pokiston vakili Munir Akrom uning davlati vaziyatga ko'z yummayotganini ta'kidladi.
"Zo'ravonlik Afg'onistonni hech qachon barqarorlikka yetaklamagan. Zo'ravonlikdan muloqotga, birdamlik va hamkorlikka o'tish kerak", - deydi Akrom.
Facebook Forum