Breaking News

AQSh harbiy akademiyalarida jinsiy tajovuz keng


Uest Poynt harbiy akademiyasida bitiruv marosimi, Nyu-York shtati, 22-may, 2021
Uest Poynt harbiy akademiyasida bitiruv marosimi, Nyu-York shtati, 22-may, 2021

2020-2021 yillarda AQSh harbiy ilm maskanlarida jinsiy tajovuz hollari yanada ko'paygan. Vaholanki, bunga qarshi chora-tadbirlar o'tgan yillarda kuchaytirilgan.

Koronavirus pandemiyasi davrida, aynan talabalar o'qishga bormay onlayn o'qiyotgan paytda bu holatlar kamroq qayd etilgan. Biroq ular auditoriyalarga qaytishi bilan shikoyatlar soni oshgan.

Rasmiy ma'lumotlar o'tgan uch yil mobaynida eng ko'p tajovuz 2021-yilda yuz berganini ko'rsatadi.

2018-2019 o'quv yilida bu boradagi ko'rsatkichlar ancha pasayib, harbiy akademiyalar vaziyat yaxshilana boshlaganini ta'kidlagan edi.

Pentagon 17-fevral kuni chiqargan hisobotga ko'ra, ikki o'quv dargohi - Kolorado Havo kuchlari akademiyasi va Uest Poynt harbiy akademiyasi - jinsiy tajovuz eng keng tarqalgan maskanlar.

O'tgan o'quv yilida jami 131 holat qayd etilgan. 2019-2020 yilda 88 shikoyat ko'rib chiqilgan.

Kolorado shtatidagi akademiyada 52, Nyu-York shtatidagi Uest Poyntda esa 46, Merilend shtatidagi Harbiy dengiz kuchlari akademiyasida 33 holat kuzatilgan.

Merilend shtati Annapolis shahridagi Harbiy dengiz kuchlari akademiyasi
Merilend shtati Annapolis shahridagi Harbiy dengiz kuchlari akademiyasi

AQSh Armiya vaziri Kristin Vormut yaqinda kadetlar, harbiy murabbiy va akademiyalarning rahbarlari bilan uchrashar ekan, hozirda jinsiy tajovuz haqida oldingiga qaraganda ochiqroq gapirish mumkinligi, tizim bu borada shaffofroq ekaniga urg'u bergan.

Maxsus dasturlar doirasida hamma bu borada alohida treninglardan o'tadi, qayerda qachon qanday chora ko'rish lozimligi o'rgatiladi.

Muammoni o'rgangan ekspertlar deydiki, qurolli kuchlar safida, akademiyadan boshlab xizmatgacha, jinsiy bosim va tajovuzlar xususida odamlar ilgari erkin so'zlay olmagan, bu muammo deyarli muhokama qilinmagan. Aziyat chekkanlar va jabrlanuvchilar aksariyat hollarda dardini yashirgan yoki shikoyat qilishga qo'rqqan.

Vazir Vormut Uest Poynt akademiyasini himoya qilib, dargoh qattiq kurashayotganini, har bir tekshiruv izchil olib borilishini aytgan. Jabrlanganlarning tibbiy va ruhiy muolajasi uchun mablag' ajratiladi.

Har qanday noxush holat arz qilinishi kerak, deya undaydi rahbarlar, toki tomonlar bir-birini to'g'ri tushunsin yoki bosim o'tkazayotgan yoki tajovuz qilgan taraf vaqtida jazolansin.

Mudofaa vaziri Lloyd Ostin o'z faoliyatida bu muammoga qarshi keskin qadamlar tashlashga va'da bergan.

Kongress nazarida Ostin va uning boshqaruvidagi Pentagon hozircha bu ishni eplay olmayapti. Qonunchilar qattiqroq choralar, tergov va sud jarayonlarining tezlashishi va dadillashishini talab qilmoqda.

Ostin fikricha, jinsiy tajovuzlar mutlaq barham beriladigan yoki bir zumda hal qilinadigan holatlar emas. Biroq, deydi u, tizim unga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirishi lozim.

Pentagonda bu masala bo'yicha mas'ul Nyet Gelbretga ko'ra, hozirgacha erishilgan eng salmoqli yutuq talabalar va umuman harbiylarning jinsiy bosim, kamsitish va tajovuz nima ekanini yaxshiroq anglashi va bu borada loqayd emasligidir.

Vaziyat vaqtida o'rganilib, tekshirilishiga erishildi, deydi rasmiy.

Ammo Gelbret nazarida ham jinsiy tajovuzlar soni ortgani sistema hali ancha ishlashi zarurligini ko'rsatadi. Choralarni yangilab turish lozim, deydi u, jarayonga yetuk mutaxassislar jalb qilnishi kerak.

Harbiy akademiyalarda har yili talabalar orasida so'rovnomalar o'tkaziladi. Pandemiya davrida, jumladan 2020-yilda ular olib borilmagan.

Jinsiy tajovuzlar haqida har ikki yilda so'raladi, lekin bu tadqiqot ham koronavirus sabab belgilangan vaqtda kechmagan. Uning yaqin orada boshlanishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG