Breaking News

Amerikalik o’t o’chiruvchilar Ukrainaga yordam jo’natmoqda


Nyu-York va Nyu-Jersi shtatlarida o’t o’chiruvchilar Ukrainadagi hamkasblari uchun jihozlar, jumladan dubulg’a va bronejiletlar yig’ishmoqda.

Ko’ngilli o’t o’chiruvchi Aleksandr Savin jihozlarni ish joyida jamlab, saqlab turibdi. Yaqin orada maxsus yuk samolyotida Ukrainaga jo’natiladi.

Savin IT sohasida mutaxassis, shuningdek, ko’ngilli o’t ochiruvchi. Ballistik dubulg’alar, qonni tezda to’xtatuvchi turniketlar, bronejiletlar – Ukrainaga yuborilayotgan bu buyumlarning hammasi xayriya hisobiga sotib olingan.

Nyu-York: Ukrainalik o’t o’chiruvchilar uchun jihozlar
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:50 0:00

Savinning do’stlari Maykl va Timur – Odessa shahridan. Ular Ukrainaga yordam berish uchun mablag’ yig’ayotgani haqida internetda e’lon bergach, yuzlab odam javob bera boshladi.

“Urush boshlanganida, ertasi Odessadan sobiq sinfdoshim qo’ng’iroq qilib, hududiy mudofaa otryadiga yozilmoqchiman dedi. Lekin ko’ngillilar juda ko’p, jihozlar esa yetishmayotgan ekan”, - deydi Maykl.

“Ikki kunda 15 ming dollar to’pladik. So’ng pul yig’ishni vaqtincha to’xtatib, dubulg’alarni sotib olishga qaror qildik”, - deydi Timur.

Jihozlar butun Amerika bo’ylab turli shtatlardan buyurtma qilinmoqda. Ko’ngillilar sotib olayotgan hamma narsa yangi. Askarlar hayoti haqida gap ketar ekan, ishlatilganini xarid qilish g’oyasidan voz kechilgan.

“Umid qilamizki, bu Ukraina ozodligi uchun kurashayotgan, frontdagi insonlarni himoya qilishga yordam beradi”, - deydi Aleksandr Savin.

Amerikadagi boshqa o’t o’chirish stansiyalari ham tashabbusga qo’shilyapti. Ukrainalik Oleg Skachko Rossiya bosib olgan hududlardagi do’stlari va qarindoshlaridan ma’lumot olib turadi. Hamkasblarim Ukrainaga o’t o’chiruvchilar kiyimlarini jo’natish taklifini qo’llab-quvvatlashdi, deydi u.

“Jorjiya, Tennessi, Vermont, Ogayo, Virjiniya, Gʻarbiy Virjiniyadan qoʻngʻiroqlar bo’ldi. Ko‘pchilik yordam berishga tayyor”, - deydi Skachko.

Hamkasblarim kuli ko’kka sovurilgan Ukraina shaharlari tasvirlaridan shokda, deydi Skachko, ammo ukrainalik o’t o’chiruvchilar faoliyatini davom ettirayotganini ular olqishlamoqda.

“E’lonimiz butun mamlakatga tarqaldi. Ko’plab o’t o’chirish stansiyalari yong’indan himoya kiyimlarini xayriya qilishyapti, Ukrainaga yuboramiz”, - deydi o’t o’chiruvchi Mark Dryu.

Stansiyalardan birida bir kunning o’zida 400 dan ziyod himoya vositalari to’plandi, oyoq kiyimidan tortib, dubulg’a va kombinezonlargacha. Ukrainalik yana bir guruh ko’ngillilar buyumlarni qutilarga solib, jo’natishga tayyorlamoqda.

“Ukrainani, bu mamlakatda jang qilayotgan barcha insonlarni qo’llab-quvvatlaymiz. Amerikadan turib, qo’limizdan kelganini qilamiz. Namoyishlarga chiqish, gumanitar ko’mak yig’ish. Ayollar va bolalar o’limini to’xtatish uchun Ukraina osmonini yopish kerak”, - deydi xayriya tashkiloti vakili Halina Semenyak.

Mahalliy maktablardan birining o’quvchilari ham yordam berishni istab, rasmlar chizib, auksionga qo’yishdi. Tushgan mablag’ga yana o’t o’chiruvchilar uchun kiyimlar sotib olinadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG