Breaking News

AQShda foiz stavkasi oshishini rivojlanayotgan davlatlar xavotir bilan kuzatmoqda


Mutaxassislarning ogohlantirishicha, Markaziy bankning AQShda inflatsiyani pasaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlari rivojlanayotgan mamlakatlarda suveren qarz stavkalari oshishiga, kapital oqib ketishiga va milliy valyutalari beqarorlashishiga olib kelishi mumkin.

Shu hafta Federal zaxira tizimining Ochiq bozor qo’mitasi asosiy foiz stavkasini 0,5 foizga oshirish uchun ovoz berdi. Bundan tashqari, joriy yil davomida ushbu stavkani yanada ko’tarish masalasi ko’rib chiqiladi.

“Inflyatsiya juda yuqori va bu aholi uchun qiyinchiliklar tug’dirayotganini tushunamiz. Inflyatsiya darajasini tezkorlik bilan tushirishga harakat qilayapmiz”, - deydi bank rahbari Jerom Pauell.

AQSh markaziy bankining inflyatsiyaga qarshi kurash rejimiga o’tayotgani rivojlanayotgan davlatlarga qanday ta’sir qilishi borasida xavotirlar mavjud. Birinchisi – kapital oqib ketishi ehtimoli. Stavkalar oshayotgani investorlarni o’z kapitalini rivojlanayotgan davlatlardan AQShga ko’chirishga undaydi.

Amerikada stavka oshishi global miqyosda ham yuqori stavkalarga olib kelishi mumkin. Xalqaro Valyuta Jamg’armasining aprel oyidagi hisobotiga ko’ra, kam daromadli mamlakatlarning 60 foizi allaqachon qarz muammosi bilan yuzlashmoqda.

“O’tmishdagi amaliyot shuni ko’rsatadiki, rivojlangan davlatlarda foiz stavkalarining tez o’sishi rivojlanayotgan bozor va iqtisodiyotlarda tashqi moliyaviy sharoitni og’irlashtiradi”, deyiladi hisobotda.

Yana bir xavf – valyuta qadrsizlanishi. Bu aholining xarid qobiliyatini pasaytiradi va tashqi qarzni xorijiy valyutada, masalan, AQSh dollarida to’lashni qiyinlashtiradi.

AQSh Markaziy banki
AQSh Markaziy banki

Tarixiy rakurs

Jorjtaun universiteti professori Jeyms Martinning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, AQShda stavkalarning keskin ko’tarilishi va rivojlanayotgan mamlakatlarda halokatli iqtisodiy oqibatlar o’rtasida tarixiy bog’liqlik mavjud.

Birinchi jahon urushidan keyingi yillarda AQSh Federal reserv tizimi va Angliya banki tomonidan tashkillashtirigan stavkalar ko’tarilishi iqtisodiy turg’unlikni bartaraf etishda yordam bergan. Ammo buning natinasida sanoatlashmagan mamlakatlarda bir necha yil o’sish sekinlashgan.

Xuddi shu tarzda 1980-yillar boshida AQSh Markaziy bankining asosiy stavkani agressiv tarzda oshirishi yuqori inflyatsiyani jilovlagan bo’lsa, boshqa tomondan global foiz stavkalari ham ko'tarilib, ko’plab rivojlanayotgan mamlakatlar, xususan Lotin Amerikasidagi davlatlar defoltga yuz tutgan.

2013-yilda AQSh Markaziy banki rahbari Ben Bernanke foizlar oshishi kutilayotganiga ishora qilishi bilanoq rivojlanayotgan mamlakatlarda buning ta’siri darhol sezila boshlangan, uning bayonoti kapital oqib chiqishiga turtki bergan edi.

“Tarix ehtiyotkorlikka undaydi, – deydi Martin. – Bir asr davomida shuni ko’rdikki, AQSh Federal reserv tizimi va boshqa global bank tizimlari pul-kredit siyosatini agressiv ravishda qat’iylashtirishi deyarli har gal global miqyosda ask-sado bergan. Ayniqsa biz rivojlanayotgan iqtiosdiyotlar deb ataydigan jamiyatlarda”.

Tadqiqotlar

AQShda stavkalar o’sishining rivojlanayotgan dunyoga ta’siri doim ham chuqur tushunilmagan. 1980-yillarda foiz stavkalarni 20 foizgacha oshirgan Federal rezerv tizimi rahbari Pol Volker keyinchalik uning asosiy e’tibori AQShga qaratilganini, qaror qabul qilish jarayonida dunyoning boshqa qismlari hisobga olinmaganini ta’kidlagan.

“Afrika hatto xayolimga kelgani yo’q”, - degan edi u.

Bugungi kunda AQSh Markaziy bankining qarorlari va buning global iqtisodiyotga ta’siri ko’pchilikka ayon.

Iqtisodchilar Jasper Xoek, Emre Yoldas va Stiv Kamin 2021-yilgi maqolada qayd etishicha, AQShda stavka ko’tarilishi natijasida “qarz yuki oshgan, kapital oqib ketgan, moliyaviy sharoit keskinlashuvi inqirozlarga yetaklagan” ko’plab holatlar mavjud.

Maqolada rivojlanayotgan bozorlarda iqtisodiy inqirozlar har doim AQSh stavkalari ko’tarilishi tufayli ro’y bergan deya xulosa qilinmaydi, biroq:

“Agar yuqori stavkalar asosan inflyatsiya to’g’risidagi xavotirlar yoki markaziy bank siyosatidagi keskin burilish bilan bog’liq bo’lsa, bu rivolanayotgan davlatlarga salbiy ta’sir ko’rsatishi ehtimoli bor”.

Jar yoqasida

Rivojlanayotgan mamlakatlarning qarzdorlik ko’lamini kuzatuvchi tashkilotlar ayni paytda ahvol og’ir, deya eslatmoqda. Xususan, koronavirus pandemiyasi oqibatlari, shuningdek, Ukrainadagi urush tufayli oziq-ovqat qimmatlashishi allaqachon jiddiy iqtisodiy tebranishlarga sabab bo’lmoqda.

Shri-Lanka ketidan boshqa davlatlar ham defolt e’lon qilishi mumkin, degan xavotirlar bor.

“Ko’plab past daromadli mamlakatlar pandemiya, energiya va oziq-ovqat narxlarining ko’tarilishi tufayli chuqur qarz inqiroziga duchor bo’lgan”, - deydi tadqiqotchi Jerom Felps.

“Ular resurslarini sog’liqni saqlash yoki jamiyat ehtiyojlariga emas, balki qarzni to’lashga, ko’pincha bundan foyda ko’rayotgan AQSh va Yevropa banklariga yo’naltirmoqda. AQShda foiz stavkalari oshishi ko’pchilikni jar yoqasiga olib keladi, chunki qarzni qaytarish qiyinlashadi. Qarzlarni zudlik bilan bekor qilish lozim, toki qarzga botgan jamiyatlar butun e’tiborini inqirozlardan tiklanishga qaratsin”, - deydi Felps.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG