BMT Bosh kotibi o’rinbosari Amina Muhammad 8-9-iyun kunlari O’zbekistonga safar qilishi kutilmoqda. Huquq faollari undan mamlakatdagi inson huquqlariga doir vaziyatga diqqat qaratishni so’ramoqda. Ikki kunlik tashrif davomida fuqarolik jamiyati vakillari bilan uchrashuvlar rejalashtirilgan.
BMT rasmiysi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinishi kutilyapti. Uchrashuvda O’zbekiston-BMT hamkorligi muhokama qilinadi.
3-may kuni YXHTning amaldagi raisi Zbignev Rauni qabul qilgan Prezident Mirziyoyev O’zbekiston xalqaro bitimlarga sodiqligini, “yo’l xaritasi”ga muvofiq barcha sohalarda hamkorlik rivojlanayotganini, mamlakatdagi islohotlar ortga qaytmasligini qayd etgan edi.
Faollar O’zbekistonda islohotlar davom etayotgani haqidagi da’voga shubha bilan qaramoqda. Ba’zilarga ko’ra, islohotlar allaqachon to’xtab qolgan.
Konstitutsiyani o’zgartirish bo’yicha tashabbuslar, saylov qonunchiligida o’zgarishlar kutilayotgani Prezident Mirziyoyevning uchinchi muddatga saylanish uchun tayyorlanayotgani haqidagi xavotirlarni kuchaytirgan.
Amina Muhammadning tashrifi Markaziy Osiyoda, jumladan, O’zbekistonda fuqarolik jamiyati faollariga nisbatan bosimlar kuchayishi ortidan kuzatilyapti.
Xalqaro inson huquqlari tashkiloti "Human Rights Watch" shu munosabat bilan BMT rasmiysiga alohida murojaat bilan chiqib, mintaqada faollarga nisbatan bosimlar oshganini ta’kidladi va inson haqlarining qo’pol toptalayotgani yuzasidan jiddiy muzokaralar o’tkazishga chaqirdi.
Amaldagi hukumatga muxolifligini, siyosiy maqsadlarini jamoatchilikka ochiq bildirib kelayotgan faollardan biri, taniqli xonanda Jahongir Otajonov shu yilning mart oyida noma’lum shaxslar tomonidan o’g’irlab ketilganini, kaltaklanib, tahqirlanganini da’vo qildi.
Otajonovning “Amerika Ovozi”ga ta’kidlashicha, huquq-tartibot idoralariga qilgan murojaati hozirgacha biror natija bilan tugamagan.
Faollarning aytishicha, O’zbekistonda fuqarolarning muxolif qarashlari, ayniqsa, siyosiy faoliyat erkinligi islohotlardan chetda qolayotgan soha. Siyosiy faollarga munosabat deyarli Karimov davridagi kabi, deydi ular.
Mamlakatda hokimiyat almashib, boshqaruvga Mirziyoyev kelganiga ham yetti yil bo’lyapti. Hozirgacha birorta muxolif siyosiy partiya qayddan o’tishga muvaffaq bo’lmadi.
Mustaqillikning ilk yillarida shakllangan, Karimov tazyiqlari bois faoliyatini xorijga ko’chirishga majbur bo’lgan muxolif partiyalar O’zbekistonda tan olinmasligini esa Prezident Mirziyoyevning o’zi ochiq aytgan edi.
Prezidentning ichkaridagi muxolafatga ruxsat berilishi haqidagi bayonoti ham amalda o’z aksini topmadi. 2021-yilgi prezidentlik saylovi arfasida siyosiy partiya tuzishga uringan faollarning deyarli barchasi kuchli tazyiqlar ostida qoldi; saylov raqobatsiz, hukumatparast partiyalar ishtirokida o’tkazildi.
Professor Xidirnazar Olloqulov yetakchiligidagi faollar bir necha yildirki siyosiy partiya tuzishga urinib keladi.
Olloqulovning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, muxolifligini e’lon qilgan siyosiy harakat atrofida to’plangan faollarning deyarli hammasi ayni paytda bir yoki ikki bor mahkamaga tortilgan.
“Men o’zim, oila a’zolarimdan misol keltirmayman. Chunki hukumat faollarimizdan hech kimni ayayotgani yo’q. Keksa, nafaqadagi Vazira aya ustidan o’tgan mahkamaga ham jamoatchilik guvoh bo’ldi. Mahkamaga Vazira ayani qo’llagani yuzlab fuqarolar kelishdi. Mahkama faollarining aksariyati shunday ajrimlar chiqarmoqda, arzimagan, to’qib chiqarilgan sabablar bilan jarimaga tortmoqda, 15 sutkalik qamoq jazolarini belgilayapti. Bu tazyiqlar ortida hukumat turgani bachaga yaxshi ayon, chunki Mirziyoyev muxoliflardan qo’rqadi, ayniqsa mamlakat iqtisodiy, siyosiy sohada cho’kib borayotgan bir sharoitda. Islohotlar haqidagi va’dalar puch, siyosat allaqachon Karimov davriga qaytgan”, - deydi Olloqulov.
Shavkat Mirziyoyev O’zbekistonda islohotlar, o’zgarishlar boshlagani, ayniqsa, uning dastlabki muddatida xalqaro maydonda ham e’tirof etilgan edi.
Ammo so’nggi yillardagi hisobotlar O’zbekistonda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyat yana og’irlashayotganidan darak bermoqda.
Yaqinda AQSh hukumati dunyodagi inson huquqlariga doir vaziyat tahlilini taqdim qildi. Unda O’zbekistondagi vaziyat ham og’ir baholangan, jumladan, qiynoqlar, asossiz hibslar, siyosiy faoliyatga, so’z, e’tiqod erkinligiga taqiq, ayollarga zo‘ravonlik davom etayotgani aytiladi.
BMT Bosh kotibi o’rinbosari Amina Muhammad O’zbekistonga tashrifi davomida Oliy Majlisda, shuningdek, mamlakatdagi faol, yetakchi ayollar guruhi bilan uchrashuvlar o’tkazishi kutilmoqda.
Facebook Forum