AQSh Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi 2-avgust kuni kechqurun Tayvanga safarini boshladi. Orolni o'z hududi deb hisoblovchi Xitoy Amerikaning eng qudratli siyosatchilaridan birining bu tashrifini qoralab, harbiy choralar ko'rishga shay.
“Kongress delegatsiyasi Tayvanga Amerikaning kuchli quvvatlovini eslatib qo'yish uchun keldi, uning jo'shqin demokratiyasini qadrlaymiz", - deydi Pelosi Taypeydagi bayonotida.
“Kongress a'zolarining tashrifi AQShning Tayvanga nisbatan siyosatini aks ettiradi va boshqa tamoyillarga zid emas", - deydi u.
Pelosi Tayvan rahbari Tsay Ing-ven va qonunchilar bilan uchrashib, hamkorlikni muhokama qilmoqda.
Pelosi Osiyo bo'ylab safari davomida Tayvanga "kutilmaganda qadam ranjida etishni" ma'qul topgan.
Xitoyga ko'ra esa spikerning Tayvanga borishi Pekinni hurmatsizlashdir. Kommunist davlat uchun bu orol uning ajralmas qismi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Pelosi tashrifini "ahmoqona, xavfli va keraksiz qadam" deb atagan.
Tayvanga Kongressda delegatsiyalar borib turadi, ammo Pelosi Xitoyning ashaddiy tanqidchisi va Tayvanning azaliy himoyachisi.
2-avgust kuni erta tongdan Tayvan atrofidagi suvlarda Xitoy o'z kuchlarini oshirgan. Bu esa hududda harbiy to'qnashuvlar bo'lishi mumkin degan qo'rquvni avj oldirgan.
Tayvan hukumatining bildirishicha, turli harbiy mashqlar orqali Xitoy o'z qudratini eslatmoqda. Istagan paytda bostirib kirib, egallaymiz, degan signal bermoqda, deydi Taypey rasmiylari.
Pelosi kelishi oldidan Xitoy Tayvanning 100 dan ortiq kompaniyasiga eksport yo'llarini yopgan.
Tayvan qonunchisi Vong Ting-yu bu harakatni "savdoni qurollashtirish" deb qoralagan.
Tayvanga kiber xurujlar ortgan, jumladan, hukumat sayti ishdan chiqqan. Prezident sahifasi ham muzlab qolgan.
Oq uy Pekinni bosiqlikka undab, provokatsiyaga berilmaslikka chaqirmoqda.
“Bu tashrifni qandaydir inqirozga aylantirish uchun asos yo'q. AQShning Xitoyga nisbatan siyosatini Pekin yaxshi biladi. Agressiya o'rinsiz", - deydi Jon Kirbi, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi.
Bayden ma'muriyati Pekin Tayvanning atrofini o'z dengiz va havo kuchlari bilan o'rab, vaziyatni keskinlashtirishi mumkin degan xavotirda. AQSh Mudofaa vazirligi nazarida, Pelosining tashrifi shunday tahdidga yetaklashi mumkin. Biroq Pelosi Vakillar palatasi spikeri sifatida qay davlatga borishini o'zi hal qiladi. Ma'muriyat uning faoliyatiga aralasha olmaydi.
Tayvan va Xitoy 1949-yildagi fuqarolik urushida ajralgan. Urushda mag'lub bo'lgan natsionalistlar Taypeyda yangi davlatga asos solgan va u keyinchalik demokratik tuzumga aylangan.
Orolni hech qachon kommunistik hukumat boshqarmagan, lekin Pekin uni bosib olish haqida azaldan ogohlantirib keladi.
1979-yilda AQSh Tayvan bilan rasmiy aloqalarni uzib, uni Xitoyning bir qismi deya tan olgan. Biroq norasmiy quvvatlov davom etib, Kongress unga qurol-yarog' uzatishga ruxsat berib keladi.
Vashington Pekin va Taypey bilan aloqani muvozanatlashga harakat qilsa-da, deydi ekspertlar, oxirgi yillarda Tayvanga ko'proq va ochiqroq yon bosmoqda.
Prezident Jo Bayden hatto Xitoy Tayvanga hujum qilsa, uni himoya qilishini aytgan.
Baydengacha bo'lgan prezidentlar bu borada ancha ehtiyotkorona siyosat yuritgan, ya'ni Tayvan mustaqil bo'lishi kerak yoki Xitoyga tegishli emas, degan bayonotlar bermagan. Bayden ham bunday demagan, ammo uning Xitoyga nisbatan yondashuvida demokratiya va inson huquqlari himoyasi birlamchi o'rinda.
Shu bois ham, deydi tahlilchi Amanda Syao, Pekin talvasada.
“Pelosining tashrifi Xitoyni keskin choralarga yetaklaydi, jumladan, Tayvan atrofida harbiy kuchlar ko'payadi, orol uning havo vositalari qurshovida qoladi".
1997-yildan beri AQShdan Xitoyga bu kabi yuqori darajali siyosatchi bormagan. O'shanda ham Vakillar palatasi spikeri Nyut Gingrich safar qilgan.
Gingrich fikricha, Pekin asabiylashmoqda xolos. "Vahimaga hojat yo'q aslida", - deydi u, "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
“Xitoy hozir o'ziga yanayam ishongan, buyuk maqsadlari sari intilayotgan, pozitsiyasini aniqroq ayta oladigan davlat. Bunday paytlarda ayniqsa jim turmaydi", - deydi Syao.
Yaqinda Xitoy va AQSh prezidentlari telefon orqali gaplashib, oradagi masalalarni muhokama qilgan. Oq uyga ko'ra, davlatlar o'zaro manfaatlar yo'lida birga ishlaydi.
Pelosi esa tashrifdan maqsad tinchlikparvarlik va demokratiya targ'iboti ekanini qayd etadi.