Bir yil oldin Afg’onistondan evakuatsiya qilingan Milliy musiqa instituti talabalari yangi joyda, Portugaliyada ilk konsertini taqdim etdi.
Afg’on milliy qo’shiqlari orkestr tomonidan ijro etilishi ayrim tomoshabinlarning ko’ziga yosh keltirdi.
“Madhiyamizni eshitib, juda xursand bo’ldik. Hammamiz do’stmiz. Auditoriyadagilar yig’ladi”, - deydi Said Hoshimiy.
Boshqa afg’onlar ham faxrga to’la.
“Vatandoshlarimning Yevropa davlatidagi bu muvaffaqiyatini ko’rib, juda quvondim”, - deydi Marvarid Nazif.
Afg’onistonda o’tgan yili hokimiyatni qo’lga kiritgan Tolibon kuchli cheklovlar joriy etgan, musiqani taqiqlagan.
Lissabondagi konsertdan oldin “Amerika Ovozi”ning “Jasorat simfoniyasi” nomli hujjatli filmi namoyish etildi. Tashkilot direktori Yolanda Lopezning aytishicha, musiqaga taqiq Afg’onistonda erkinliklar cheklanishining bir qismidir.
“Kobulda fuqarolarning musiqa yaratish, ijro etish va undan bahramand bo’lish erkinligi ham cheklandi. “Amerika Ovozi” bu mamlakatda so’z erkinligi uchun ham kurashmoqda. Afg’onlar axborotga, yangilikka chanqoq”, - deydi Lopez.
Afg’oniston Milliy musiqa institutining 270 dan ziyod o’quvchi va xodimlari Lissabonga evakuatsiya qilingan. Ular erkin jamiyatda musiqa bilan shug’ullana oladi.
Portugaliya tashqi ishlar vazirining aytishicha, institut afg’on madaniyatini aks ettiradi va Portugaliya unga mezbonlik qilayotganidan mamnun.
“Bir kun kelib Afg’onistonda yana musiqa yangraydi, buni bilamiz. Ungacha esa san’atkorlarni quvvatlab turishimiz kerak. Portugaliya bu ishni faxr bilan bajarmoqda”, - deydi Juau Gomesh Kravinyu.
Institut talaba va xodimlari vatandoshlarimiz nomidan gapiramiz, deydi.
“Ovozsiz afg’onlarning ovozi bo’lishdan, ularning vakili ekanimdan baxtiyorman”, - deydi talaba Shogufa Xon.
Institut Afg’oniston musiqasini targ’ib qilish uchun xorijda konsertlar uyushtirishni rejalamoqda.
Facebook Forum