Oksana Bats Amerikada istiqomat qiluvchi ukrainlardan. Nyu-Jersining Sekokus shahrida yashaydi. Amerikadan turib, vataniga yordam berayotgan faollardan. Uning aytishicha, shahar meri Maykl Gonelli ham Ukraina uchun yordamini ayamayapti. Ukrainaga hech qanday aloqasi bo’lmasa-da.
“U har bir iltimosimizga “labbay” deb javob beradi. Maykl, bizga u kerak, bu kerak, deymiz. U esa doim “muammo yo'q!” deb javob beradi”, - deydi Bats.
Maykl Gonelli 13 yildan beri Sekokus meri. Urush boshlanmasidan oldin, Ukraina haqida u qadar bilmaganini tan oladi. Hozir esa mablag’ to’plash uchun ko’plab tadbirlar o’tkazishmoqda.
“Bu hafta yana bir xayriya aksiyasini o‘tkazyapmiz. Ular uchun mablag‘ yig‘yapmiz – ular hozir faoliyatimizning bir qismiga aylangan” – deydi shahar hokimi.
Darya Gerasimenko 16 yildan beri Sekokusda yashaydi. Asli dneprlik. Urush boshlanganida Ukrainadagi yaqinlari – ota-onasi, singlisi, jiyanini Amerikaga olib keldi, may oyida. Urush boshlangandan so’ng yo’lga qo’yilgan Amerikaning "Ukraina uchun birlashamiz" dasturi uklainaliklarni AQShga olib kelish jarayonini osonlashtirdi.
“Shahrimiz raketa hujumiga uchraguncha kutgim kelmadi. Donestkka yaqin joyda yashardik, bilib bo’lmaydi axir”, - deydi Gerasimenko.
Ayolning ota-onasi Nina va Vladimir Gerasimenko Dneprni mart oyida tark etdi. Ular AQShning Ukrainaga yordamidan minnatdor.
“Bolalar ko’chada sayr qilar ekan, Ukraina bayroqlarini ko’rib, xursand bo’lamiz”, - deydi ular.
Oila endi tinch va xavfsiz. Lekin Ukrainada hamma narsasini tashlab kelgan.
Shahar hokimiyati Ukrainadan yangi kelganlarga yordam bermoqda. Hokimiyat kiyim-kechak, uy-xo’jalik mahsulotlari do’konlari bilan hamkorlik qiladi. Do’konlar ba’zi mahsulotlarini xayriya uchun ajratgan.
“Hokim qo’ng’iroq qilib, do’konga kelinglar, dedi”, - deydi Gerasimenko.
24-avgust, ya’ni Ukraina Mustaqillik kunida hokimiyat shahar markazida Ukraina bayrog'ini ham o’rnatdi, AQSh bayrog'i qatorida. Mer Gonellining aytishicha, bayroq Ukraina g’alaba qozonguncha turadi.
Facebook Forum