O'zbekiston Senati Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari Furqat Sidiqovni davlatning AQSh va Kanadadagi elchisi lavozimiga tasdiqladi.
Sidiqov uchun bu ikkinchi elchilik bo'ladi. 2015-2020 yillarda u O'zbekistonning Pokistondagi bosh diplomati bo'lgan.
51 yoshli rasmiy Islomoboddan qaytgach vazir muovini, 2022-yilning noyabridan beri esa birinchi o'rinbosari sifatida ishlab kelmoqda.
Vashingtondagi hozirgi elchi Javlon Vahobov Toshkentda Sidiqovning o'rnini egallashi kutilmoqda, ammo hali bu borada rasman ma'lumot yo'q. Vahobov 2017-yildan buyon Shimoliy Amerika va O'zbekiston orasidagi aloqalarni tebratib kelayapti.
Sidiqov uchun Vashington begona muhit emas. U ikki bor AQSh poytaxtida diplomatlik qilgan. 2002-2007 yillarda va 2011-2015 yillarda; ikkinchi bor kelganida xususan elchi o'rinbosari bo'lgan.
Sidiqov hozirgi Toshkent davlat texnika universitetini tamomlagan, 1993-yilda.
1995-yildan boshlab u davlat ishiga o'tgan va dastlab O'zbekiston hukumatining asosiy tadqiqot markazi - Strategik va regional izlanishlar institutida tadqiqotchi bo'lib faoliyat yuritgan.
Sidiqov so'nggi oylarda Toshkentda aynan G'arb bilan aloqalarga mas'ul diplomat bo'lib, o'tgan yilning oxirida Vashingtonga tashrif buyurgan edi. U va hozirda prezident maslahatchisi, sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov o'shanda AQShda siyosiy va nohukumat doiralar bilan diniy huquqlar masalasini muhokama qilgan.
Pokistondagi elchilikdan keyin Sidiqovga O'zbekistonning islom dunyosi bilan munosabatlarini kuchaytirish vazifasi ham yuklangan.
1-mart kuni Toshkentda AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashuvda Sidiqov Vashingtondan kelgan mehmonlarga bo'lajak elchi sifatida tanishtirilgan.
Facebook Forum