Yaqin Sharqdagi azaliy raqiblar Eron va Saudiya Arabistoni payshanba kuni yarashuv yoʻlida yana bir muhim qadam tashladi. Tomonlar mintaqaviy barqarorlikni kuchaytirish va iqtisodiy hamkorlikni davom ettirish zarurligini ta’kidlab, yetti yillik kelishmovchilik ortidan diplomatik aloqalarni rasman tiklaganini e’lon qildi.
Bu kelishuv Pekinda Eron va Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vazirlari o‘rtasidagi uchrashuv chog‘ida, Xitoy ikki mintaqaviy kuchlar o‘rtasida dastlabki yarashuv kelishuviga vositachilik qilganidan bir oy o‘tib sodir bo’ldi.
Yangilik raqiblar o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri yoki vositachi guruhlar yordamida qurolli to'qnashuvlar yuz berishi ehtimolini yanada pasaytiradi.
Bu e'lon, shuningdek, xitoyliklarning navbatdagi diplomatik g'alabasini ifodalaydi, chunki Fors ko'rfazidagi arab davlatlari Qo'shma Shtatlar asta-sekin mintaqadagi ishtirokini kamaytirib borayotganini sezmoqda.
Ammo yarashuv kelishuvlari qay darajada davom etishi noma’lum. Raqobat 1979-yilda Eronda G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan monarxiyani ag‘dargan inqilobga borib taqaladi. Shuningdek, so‘nggi yillarda ikki davlat mintaqada bir-biriga raqib bo’lgan qurolli va siyosiy guruhlarni qo‘llab-quvvatlab kelgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Husayn Amirabdullohian Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri shahzoda Faysal bin Farhon al Saud bilan o‘tkazgan muzokaralaridan so‘ng payshanba kungi kelishuv tafsilotlarini “Twitter” orqali ma’lum qildi.
Vazirning yozishicha, payshanba kuni “rasmiy diplomatik munosabatlarni, iqtisodiy va tijoriy hamkorlikni tiklash; elchixonalar va bosh konsulliklarni qayta ochish, barqaror xavfsizlik va mintaqa taraqqiyoti bo’yicha o’zaro hamkorlik qilish” bo’yicha kelishib olingan.
Eronning rasmiy axborot agentligi IRNA ikki poytaxtda elchixonalarni qayta ochishdan tashqari yana ikki yirik shaharda - Eronning Mashhad va Saudiya Arabistonining Jidda shaharlarida diplomatik vakolatxonalar faoliyatini boshlashini xabar qildi. Unda aytilishicha, har ikki tomon fuqarolari uchun viza olish jarayonini osonlashtirishdan tashqari, mamlakatlar oʻrtasida reyslar hamda rasmiy va shaxsiy tashriflarni qayta tiklash istiqbollarini oʻrganishga kelishib olgan.
O‘tgan oy Xitoy Tashqi ishlar vazirligi har ikki tomon ikki oy ichida o‘z elchixonalari va vakolatxonalarini qayta ochishga kelishib olishi haqida xabar bergan edi.
Saudiya Arabistonining davlat matbuot agentligi uchrashuv haqida qisqacha xabar tarqatib, “qo‘shma munosabatlar va ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish yo‘llari muhokama qilingani”, har ikki tomon “xavfsizlik, barqarorlik va farovonlikni oshirish”ni maqsad qilganini aytdi.
Payshanba kuni Pekindagi muzokaralar ikki davlat yuqori martabali diplomatlarining 2016-yilda namoyishchilar Saudiya Arabistoni diplomatik idoralariga bostirib kirganidan so‘ng qirollik Eron bilan aloqalarini uzganidan beri birinchi rasmiy uchrashuv bo‘ldi.
Aloqalarning iliqlashishi “mintaqaviy mamlakatlar tinchlikni saqlashda yetakchilikni qo‘lga olish irodasi va qobiliyatiga ega” ekanligini ko‘rsatadi, dedi Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so’zlovchisi Mao Ning.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy xalqaro hamjamiyatni Yaqin Sharq mamlakatlariga o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf etishda yordam berishga chaqiradi va yaxshi munosabatlarni rivojlantirishda har ikki tomonni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Qo'shma Shtatlar Saudiya Arabistoni va Eron o'rtasidagi diplomatik yaqinlashuvni olqishladi. Ammo AQSh rasmiylari ham Eron o‘z xatti-harakatini qanchalik o’zgartirishi haqida aniq to’xtamga ega emas.
“Agar bu muloqot Eronning mintaqadagi beqarorlashtiruvchi faoliyatini, jumladan, xavfli qurollarning tarqalishini cheklash boʻyicha aniq natijalarga olib kelsa, albatta, biz buni olqishlaymiz”, - dedi Davlat departamenti matbuot kotibi oʻrinbosari Vedant Patel.
Saudiya Arabistoni ham Eronning yadroviy dasturiga shubha bilan qaraydi. AQSh sanksiyalarni yumshatish evaziga Eronning atom faoliyatini cheklash uchun 2015-yilda xalqaro hamjamiyat bilan tuzilgan kelishuvdan bir tomonlama chiqib ketganidan keyin Tehron yadro dasturini sezilarli ravishda kengaytirdi.
Tehron-Riyod munosabatlaridagi iliqlashuv Yamandagi urushni tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarda yana bir sinovdan o’tadi.
Bayden ma'muriyatining Yaman bo'yicha vakili Tim Lenderking Eronning Yaman bo’yicha tuzilgan sulhni qo‘llab-quvvatlaganini ijobiy ishora sifatida tilga oldi va Eronni mustahkam tinchlik bitimi uchun siyosiy sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga ko’ra, Saudiya Arabistoni va Eron o'rtasidagi munosabatlarning tiklanishi mintaqada barqarorlikni oshirish uchun "katta muhim voqea". Bu haqda tashkilot matbuot kotibi Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.
Facebook Forum