Breaking News

Turkiyadagi prezident saylovida g'olib yo'q


Rajab Toyyip Erdog'an va raqibi Kamol Qilichdoro'g'li, Anqara, 15-may, 2023
Rajab Toyyip Erdog'an va raqibi Kamol Qilichdoro'g'li, Anqara, 15-may, 2023

14-may kuni o'tgan prezident saylovda Turkiyada biror nomzod 50 foiz yo undan ko'proq ovoz ololmagan. Mamlakatni 20 yildan beri boshqarib kelayotgan Rajab Toyyip Erdog'an shu paytgacha bu qadar keskin raqobat bilan yuzlashmagan.

Natija barcha ovozlar sanab bo'lingach yoki ikkinchi raundda aniqlanishi mumkin. Yevropa va Osiyoni bog'lovchi davlat notinch Suriya va yakkalangan Eronga qo'shni. G'arb va sharq bilan aloqalar qil ustida, deydi sharhlovchilar. Ikki yetakchi nomzod bir-biridan mutlaq farq qiluvchi dasturlar taklif qilmoqda.

Erdog'anning raqibi, muxolifat lideri Kamol Qilichdoro'g'li uni Turkiyani diktatorlik tuzumiga aylantirganlikda ayblaydi. Qilichdoro'g'li demokratiyani tiklashni va'da qilmoqda, shuningdek, inqirozdagi iqtisodni jonlantirishni.

Anqarada so'zlar ekan, 69 yoshli Erdog'an hamon sanalayotgan ovozlarga ishora qilib, hali ham yutishi mumkinligini aytdi. Ikkinchi raund talab qilinsa, unga ham tayyor ekanini aytdi.

“Biz hali bu saylov qanday tugashini bilmaymiz", - dedi Erdog'an, ikki haftadan keyin ikkinchi tur o'tishi ehtimolini qabul qilar ekan.

Kamol Qilichdoro'g'li boshchilidagi koalitsiya a'zolari sahnada, Anqara, 15-may, 2023
Kamol Qilichdoro'g'li boshchilidagi koalitsiya a'zolari sahnada, Anqara, 15-may, 2023

2018-yildagi saylovda Erdog'an chet elda berilgan ovozlarning 60 foizini qo'lga kiritgan. Xorijda 3,5 million turkiyalik saylovda qatnashish imkoniyatiga ega.

Xalqning asosiy e'tibori iqtisodiy masalalarda, shuningdek, inson huquqlari va fevral oyidagi zilzila oqibatlariga qarshi kurash va tiklanish ishlarida. Ofat 50 mingdan oshiq odamni hayotdan olib ketgan.

Xorijiy sarmoyadorlar ham saylov natijasini intiqib kutmoqda. Investitsion loyihalar to'xtab qolgan. G'arbdagi hamkorlarning katta qismi Qilichdoro'g'li saylanishiga umidvor.

Anqara vaqti bilan 15-mayning ilk soatlarigacha Erdog'an 49,4 foiz, Qilichdoro'g'li esa 44,9 foiz ovoz to'plagan.

“Ikkinchi raundda albatta yutamiz... demokratiyamizni tiklaymiz", - deydi 74 yoshli Qilichdoro'g'li.

U - sekulyarizmni olg'a suruvchi olti partiyani birlashtirgan koalitsiya lideri. Erdog'an xalq ishonchini boy berganiga ancha bo'ldi, deydi Qilichdoro'g'li.

Istanbul ko'chalarida, 14-may, 2023
Istanbul ko'chalarida, 14-may, 2023

Turkiya saylov komissiyasi ovozlar sanashda davom etmoqda. Komissiya 28-mayda ikkinchi tur o'tishi mumkinligini hozircha tasdiqlamagan.

14-may kuni parlament uchun ham ovoz berildi. Erdog'an 2003-yilda bosh vazir sifatida hokimiyatga kelgan. Uning tashabbusi bilan prezident boshqaruviga o'tgan Turkiya hozirda erkinlik reytinglarida pastga tushib, demokratik emas, avtoritar sistema hisoblanadi.

Muxolifat davlat matbuoti berayotgan ma'lumotlarga ishonmaslikka chaqirmoqda. Erdog'anning tarafdorlari nazarida esa Qilichdoro'g'li koalitsiyasi xalqning irodasini tan olmayapti.

Erdog'an qayta saylansa, deydi Qilichdoro'g'li, Turkiya jar yoqasida qoladi. Iqtisod yanayam izdan chiqib, erkinliklar cheklanaveradi. Prezident va uning partiyadoshlari buni inkor etadi.

Yakshanba kungi saylovda 600 o'rinli parlamentdagi o'rinlarning 49,4 foizi Erdog'anning "Adolat va Taraqqiyot" partiyasi, 35 foizi esa Qilichdoro'g'li koalitsiyasi, 10 foizi esa kurdlarni quvvatlovchi siyosiy guruhga o'tgan.

Anqara, 15-may, 2023
Anqara, 15-may, 2023

64 millionlik elektoratning 89 foizga yaqini ovoz bergan. Bu yil Turkiya respublikasi barpo etilganiga 100 yil bo'ladi. Kamol Otaturk zamonaviy, dunyoviy va demokratik davlatga asos solgan, deya faxrlanadi fuqarolar.

Xalqaro maydonda Turkiyaning roli azaldan muhim. Ukrainadagi urush, NATOning kengayishi, terrorizmga qarshi kurash, Yaqin Sharq tinchligi, energetik xavfsizlik, oziq-ovqat ta'minoti, qolaversa turkiy dunyo ravnaqi - bu masalalarning birortasi Turkiyasiz hal etilmaydi, deydi ekspertlar.

Yaqingacha deyarli 86 foizda turgan inflyatsiya saylov oldidan rasman 44 foizga yaqin deb qayd etilgan.

Muxolifat Erdog'anni yolg'onchi deya qoralab, mamlakat bo'ylab avj olayotgan qashshoqlikka ko'z yumayotganlikda tanqid qiladi.

Erdog'an yil boshida 7,8 ballik zilzila 11 janubiy viloyatni qaqshatganiga befarqlikda va vaqtida chor ko'rmaganlikda ham ayblanadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG