Breaking News

Qrim-tatarlar surgunining 79 yilligi xotirlanmoqda


Qrim-tatarlar surguni davom etmoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:47 0:00

Ukrainada qrim-tatarlar surgunining 79 yilligi xotirlanmoqda. Bu xalq vakillari Iosif Stalin buyrug’iga ko’ra 1944-yilda o’z vatanidan Markaziy Osiyoga, jumladan, O’zbekistonga surgun qilingan.

Deportatsiya minglab odamning o'limiga sabab bo'ldi. Qrim-tatarlar 1990-yillarga kelibgina o’z ona vataniga qaytishga muvaffaq bo’lishdi.

Buning ortidan Qrimda 18-may surgunda halok bo’lganlar xotirasi kuni sifatida belgilandi, har yili deportatsiya qurbonlari xotirasi uchun ommaviy miting o’tkaziladigan bo’ldi.

Ammo 2014-yildan, Rossiya Qrimni bosib olishi ortidan vaziyat yana o’zgardi, tatarlar qayta Moskva tazyiqlari nishoniga aylandi.

Kiyevdagi Qrim-tatar resurs markazi rahbari, Milliy majlis a’zosi Iskandar Bariyevning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, Qrim ozod etilmas ekan, Rossiya tazyiqlari yo’qolmaydi.

“Har yili 18-mayda Qrimda yirik namoyish, miting o’tkazar edik. Afsuski, bu kabi ommaviy miting oxirgi bor 2014-yilda o’tkazildi. O’shanda ham Simferopol markazi biz uchun yopib qo’yildi, ammo biz mitingni shaharning boshqa bir joyida o’tkazgan edik. O’shandan buyon ular ommaviy mitinglar o’tkazilishiga turli yo’llar bilan qarshilik qilib kelishadi. Bundan qat’i nazar Qrimda xotira kuni qrim-tatarlar uchun muhim an’anaga aylanib bo’lgan. Aholi baribir surgun qurbonlari xotirasiga o’rnatilgan yodgorlik poyida yig’iladi, qatag’onni, qatag’on qurbonlarini xotirlashadi. Shu asnoda bu surgun qrim-tatarlar uchun ulkan fojia ekanligi, bu genotsid ekanligi eslatiladi. Albatta, biz Rossiya qatag’onini dunyoga ko’rsatuvchi turli axborot tadbirlari o’tkazishga urinib kelamiz. Buning uchun hatto maxsus bilbordlar ham ishlab chiqdik, ularda Rossiyaning bugungi jinoyatlari 1944-yilgi jinoyatlarga solishtiriladi, chunki qrim-tatarlar deportatsiyasi yana tiklandi, Rossiya Qrimni bosib olishi ortidan minglab qrim-tatarlar o’z vatanini yana tark etishga majbur qoldi. Bu majburiy deportatsiya bugun ham davom etyapti, Qrim tatarlari o’z vatanidan Ukrainaga, Yevropa davlatlariga chiqib ketishmoqda, chunki ular Moskva bosimi ostida yashashni istashmaydi”, - deydi Iskandar Bariyev.

Rossiya Qrimni 2014-yilda ishg’ol qildi. Bu ishg’olgacha yarimorolning 15 foizga yaqin aholisini qrim-tatarlar tashkil etgan. Ayni paytga kelib bu ko’rsatkich qanday ekanligi noma’lum, ammo Rossiya bosqini ortidan o’z vatanini tark etgan qrim-tatarlar soni bir necha o’n ming kishiga yetgani ta’kidlanadi.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG