Breaking News

Xmelnitskiy shahrida ko’rgazma: Qrimdagi siyosiy mahbuslar taqdiri


“Qrim ozod etilsagina, to’liq g’alaba haqida gapirish mumkin”
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:35 0:00

2014-yilda Rossiya tomonidan ishg’ol qilingan Qrim aholisining taxminan 15 foizini qrim-tatarlar tashkil etadi. “Human Rights Watch” tashkilotiga ko’ra, yarimorol Rossiya nazoratiga o’tganini bosqin deb baholagan bu jamoa faollari tazyiq va ta’qiblar ostida.

Qrim Rossiya tomonidan ishg’ol qilinganidan keyin qrim-tatatlar o’z yurtida dushmanga, ekstremistlga chiqarilgan. Xmelnitskiy shahrida tashkil etilgan ko’rgazma 2014-yildan buyon Qrimda nimalar ro’y bergani, odamlar qanday kunlarni boshdan kechirgani haqida bir eslatma.

Tashkilotchilar diqqatni asosan qrim-tatarlardan iborat siyosiy mahbuslar taqdiriga qaratmoqda. Yarimoroldagi vaziyatni yoritgan 15 jurnalist qamoqda.

“Bu ko’rgazma orqali biz Qrimdagi mavjud rejimga qarshi kurashayotgan insonlar haqida hikoya qilamiz. Yarimoroldagi hayot uch reportyorning 22 suratida aks etgan. Mualliflar Qrimga qaytib kela olmaydi. Ko’rgazmani aslida Xorvatiyada boshlagan edik, mana endi Ukraina shaharlarida ham namoyish etmoqdamiz”, - deydi ko’rgazma tashkilotchisi Irina Ivanchenko.

Uni tashkillashtirishda asosiy to’siq urush, deydi u. Beqarorlik va hujum sirenalari doim eshitilib turgani bois joy topishga ancha vaqt ketdi.

“Biz Qrimda 150 ka yaqin siyosiy mahbuslar borligini bilamiz, aksariyati tatarlar. Ular bilan birdam ekanimizni, odamlar Qrimdagi ahvol haqida bilishini xohlaymiz”, - deydi Ivanchenko.

Qrim-tatar jurnalisti Ruslan Xalapov 2016-yilda Qrimni tark etgan, Kiyevda yashaydi.

“Qrimni Rossiya qurolli kuchlari bosib olganidan keyin inson huquqlari yoppasiga poymol bo’ldi. Odam o’g’irlash, josuslik, odamlarning uyida noqonuniy tintuvlar o’tkazish, yirik jarimalar oddiy holga aylandi. Ukraina hukumati tomonida bo’lgani uchun, qrim-tatar yoki musulmon bo’lgani uchun odamlarni ta’qib qilishdi. Oddiy odamlar qo’llariga kamera yoki telefon olib, bu jinoyatlarni qayd etib borishgan”, - deydi u.

Tatar jurnalistlarning deyarli barchasi Qrimdan chiqarib yuborilgan yoki hibsga olingan. Ko’rgazmaga kelgan ukrainlar Qrimda hamon do’stlari borligini aytadi, chunki ularning hayoti, bor-budi yarimorol bilan bog’liq. Mariya Stratiyenko asli Qrimdan.

Ukraina musulmonlari qanday yashamoqda?
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:09:18 0:00

“2014-yilda Simferopolga qo’shinlar kirib kelganini eshitganimida ishonmadim. Qrimni himoya qila olishimizga oxirigacha ishonganmiz. “Bedarak ketgan odam” degan ibora ma’nosini o’shanda tushunganman. Odamlani o’g’irlashgan, hibsga olishgan. Kutubxonalarni yoqib yuborishgan. Yarimorolda tatarlar hamon ko’p, ular inson huquqlari uchun kurashmoqda. Okkupatsiya ostida yashayotgan bu odamlar – Ukrainaning qahramonlari”, - deydi ayol.

Ruslan Xalapovga ko’ra, qrim-tatarlar o’z vatanini ozod etish qarorida qat’iy ekani sababli tinimsiz ta’qib etilmoqda.

“Qrimda do’stlarim bor, lekin ular haqida gapirishim ularning hayotini xavf ostiga qo’yadi. Amakivachcham Ildar – siyosiy mahbus. Terrorchi tashkilot a’zosisan deb, 16 yilga qamashgan. Ko’rgazma juda muhim. 21-asrda Yevropada tinch aholiga qarshi jinoyatlar sodir etilayotganini odamlar bilishi kerak”, - deydi Xalapov.

Ivanchenkoga ko’ra, Rossiya agressiyasi bir yil oldin emas, to’qqiz yil avval Qrim bosib olinganida boshlangan.

“Qrim ozod etilsagina, to’liq g’alaba haqida gapirishimiz mumkin. Ko’rgazmani bu yili Bryusselda ham tashkil etamiz. Qarindoshlari Rossiya qamog’ida o’tirgan qrim-tatarlar bilishsinki, biz ularni unutganimiz yo’q”, - deydi u.

Xalapovning aytishicha, to’qqiz yillik bosqin va urush tufayli Qrimda ahvol og’ir ekani hech kimga sir emas. Qrimliklar safarbarlikka jalb qilingan. Agressiyada ishtirok etishni xohlamaydigan odamlarni majburan frontga olib ketishmoqda, deydi jurnalist.

“Ko’rgazmaga kelayotganlardan kamida o’z fikrlarini do’stlari bilan baham ko’rishni so’raymiz. Qrimdagi mahbuslarning ovozi – bizmiz. Dushmanimiz inson huquqlariga, xalqaro huquq normalariga tupurgan. Lekin Qrimdagi mahbuslarni o’z holiga tashlab qo’ya olmaymiz, butun dunyoni ular haqida xabardor qilishimiz lozim”.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG