22-iyun payshanba kuni Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Oq uyda Prezident Jo Bayden bilan ko’rishadi.
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Subrahmanyam Jayshankarning aytishicha, ikki davlat aloqalari uzoq tarixga ega.
“Texnologiyalar, savdo, siyosiy yaqinlashish, strategik manfaatlarga kelganda Hindiston-AQSh munosabatlari kuchayib bormoqda”, - dedi u.
Xitoy harbiy qudratining oshayotgani ham ikki mamlakatni bir-biriga yaqinlashtirmoqda. Dehli Vashington yordamida Pekin shashtini jilovlashga urinmoqda.
“Hind va Tinch okeani mintaqasida strategik manzara keskin o’zgargan. Vaziyatni barqarorlashtirish uchun AQSh va Hindiston yaqindan hamkorlik qilish kerakligini anglamoqda”, - deydi dehlilik tahlilchi Xarsh Pant.
Modining Vashingtonga tashrifi chog’ida Hindistonga ilg’or mudofaa texnologiyalari va qurol berish, birga qurol ishlab chiqarish xususida ham gap ketadi.
Hindiston rahbari yarimo’tkazgichlar kabi muhim sohalarda ta’minot zanjirini Xitoy bilan cheklanmasdan diversifikatsiya qilish maqsadida amerikalik tadbirkorlar bilan ham ko’rishadi.
Oq uy milliy xavfsizlik maslahatchisi Jeyk Sallivan yaqinda hind biznes forumida qatnashib, savdoni kuchaytirish ahamiyatiga urg’u berdi.
“Tashrif davomida mudofaa va yuqori texnologiyalar sohalaridagi savdo, o’zaro sarmoya yo’lidagi to’siqlarni olib tashlash kabi natijalar kutilmoqda”, - deydi u.
Modi AQSh Kongressining har ikki palatasi oldida so’zlaydi. Davlat kotibi Entoni Blinken Modining davlat tashrifi yaxshi o’tishiga umid bildirdi.
"Bosh vazir Modining tarixiy davlat tashrifi arafasidamiz. Ushbu tashrif Prezident Bayden “21-asrda munosabatlarni belgilovchi” deb ta’riflagan aloqalarni yanada mustahkamlaydi”, - dedi u.
Geosiyosat o’zgargani sari AQSh va Hindiston doim ham bir xil fikrlamaydi. Rossiyani Ukrainaga bosqinda ayblab kelayotgan Vashington Dehlini Moskvadan sovitishga urinib ko’rdi, biroq Rossiyadan katta chegirma bilan ko’p miqdorda xom neft sotib olayotgan Hindiston Moskva bilan do’stona aloqalari u uchun muhim ekanini ta’kidlab keladi.
Tanqidchilar Hindistonda demokratiyadan chekinishga ishora qilsa-da, Modining tashrifi chog’ida Xitoy tahdidi bilan yuzlashayotgan rahbarlar qarama-qarshiliklar emas, balki asosan mushtarak manfaatlarga urg’u bermoqchi.
Facebook Forum