Breaking News

Nyu-Yorkda yangi qonun vaznga qarab diskriminatsiya qilishni taqiqlaydi


Nyu-York: Semiz odamlar yangi qonunni olqishlamoqda
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:07 0:00

AQShning ko’pgina katta shaharlarida semiz yoki bo’yi past odamlar harakatlanishda qiynalishi mumkin, chunki jamoat joylari ularning ehtiyojlariga moslanmagan. Nyu-Yorkda ortiqcha vaznli insonlarni diskriminatsiyadan himoya qiluvchi qonun qabul qilingan.

U shtatdagi kompaniyalarni ishchi yollayotganda ularning vazni yoki bo’yi e’tiborga olinmasligini ta’minlaydi. Restoranlar va boshqa jamoat joylarida ham ayrim o’zgarishlar qilishga to’g’ri keladi.

“Boshqa qonunlar ham bor, lekin bunisi eng katta shaharda qabul qilindi. Biz uchun juda hayajonli kun”, - deydi qonun tarafdori Amanda Kuper.

22-noyabrda kuchga kirishi kutilayotgan qonun diskriminatsiyaning shu turidan aziyat chekkanlarga yordam beradi degan umid bor.

“Quvonchli kun. Menda doimo ortiqcha vazn bo’lgan. Odamlar tanqid qilishgan, ikkinchi darajali inson deb qarashgan hollar bo’lgan. Odamlar tushunishlari kerakki, biz hamma qatori, boshqalar bilan bir xil huquqqa ega insonlarmiz”, - deydi yana bir faol Daniella Datri.

Taygress Ozborn Semizlikni tan olish milliy uyushmasini boshqaradi. Uning aytishicha, qonun Nyu-Yorkda kuchga kirganidan keyin albatta o’z natijasini beradi.

“Ish beruvchilar inklyuziv yollash amaliyotiga ko’proq e’tibor bera boshlaydi. Uy egalari barcha ijarachilarga teng munosabatda bo’lishni ta’minlaydi. Joy va maydonlarni boshqaruvchilar barcha uchun birdek sharoitlar yaratishga mas’ul bo’ladi”, - deydi Ozborn.

Garchi qonun bo’y yoki vaznga qarab kamsitish holatlarida sudga shikoyat qilishga ruxsat bersa-da, sa’y-harakatlarimiz bunga qaratilmagan, deydi u.

“Maqsadimiz sud ishlarini ko’paytirish emas. Odamlar o’z atrofida o’zgarishlar qilsa, shikoyatga o’rin qolmaydi. Semizlik bo’yicha sud ishlari ko’payishi trendga aylanmasin, ular uchun sharoit yaratish trendga aylansin”, - deydi uyushma rahbari.

Ayrim huquqshunoslarning aytishicha, yangi qonun o’zini kamsitilgan deb hisoblaydigan odamlar uchun qonuniy chora ko’rishni osonlashtiradi.

“Vazndor va past bo’yli odamlarni diskriminatsiya qilish holatlarida burilish nuqtasi bu. Endi qonunni buzgan manbani javobgarlikka tortish imkoni bo’ladi. O’tmishda bunday sud ishlari oson emas edi. Boshqa shtatlar ham Nyu-Yorkka ergashsa kerak”, - deydi Nyu-York universiteti professori Sem Ekstrayker.

Hamma ham qonunni foydali deb bilmaydi.

“Amerikaliklarga vaznni yo’qotish uchun yordam kerak. Hozir kattalarning 40 foizi semiz va qariyb 70 foizi ortiqcha vaznli odamlar deb tasniflanadi. Vazndan qutulish haqida o’ylash kerak, bu kategoriyaga kirishni osonlashtirish haqida emas”, - deydi semizlik haqidagi kitob muallifi, professor Jonatan Engel.

Qonunning uzoq muddatli oqibatlari qanday bo’lishini hozirdan aytish qiyin, lekin ekspertlar mehnat qonunlari bo’yicha advokatlar uchun imkoniyat maydoni kengayishini aytmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG