“Reyter” axborot agentligi o’z maqolasidan foydalangan 90 dan ortiq onlayn nashrning Turkiyada bloklanishi ustidan sudga shikoyat qilishini bildirdi.
Taqiq Shvetsiya va Amerikaning korrupsiyaga qarshi idoralari Turkiya prezidentining o‘g‘li Bilol Erdog‘an nomi tilga olingan shikoyatni ko‘rib chiqayotgani haqidagi maqola bilan bog‘liq.
“Reyter” maqolasi bir qancha ommaviy axborot vositalari, jumladan, “Amerika Ovozi” turk xizmati tomonidan turk tiliga tarjima qilingan edi.
Istanbul sudi 26-iyun kuni “Reyter” maqolasi va uning turkcha tarjimasidan foydalangan 93 ta vebsaytga kirishni taqiqlovchi qaror chiqardi. Jabrlanganlar orasida “Amerika Ovozi”ning turk xizmati ham bor.
Istanbuldagi Bilgi universitetining kiber huquq bo’yicha professori Yaman Akdeniz “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, “Reyter” xabarining 24 soat ichida taqiqlanishi Turkiyada birinchi marta sodir bo’lmoqda.
Dushanba kuni “Reyter” agentligi "turklarning matbuot va so'z erkinligi huquqiga zid” hukm ustidan shikoyat qilishini bildirdi.
“Reyter” agentligi xabarida Bilol Erdo‘g‘on advokatining bu ayblovlarni “yolg‘on to‘ri” deb ta’riflaganiga oid iqtibos keltirilgan.
Agentlik, shuningdek, Erdo‘g‘on va uning o‘g‘li Bilol ehtimoliy bu korrupsion ishdan xabardorligi yoki aloqasi bo’lganligini mustaqil ravishda tasdiqlay olmasligini ham qayd etgan.
Hukm
“Amerika Ovozi” tomonidan koʻrilgan Turkiya mahkamasi qarorida “Reyter” agentligi maqolasi “haqiqatdan yiroq va tasdiqlanmagan” deb taʼriflanib, boshqa ommaviy axborot vositalarining unga havola berishi “mazmunni oqlamaydi va qonuniylashtirmaydi”, deyilgan.
Qarorda yana shunday deyiladi:
"Matbuot erkinligi manfaatdor shaxslarni kasbiy etikaga rioya qilishga, toʻgʻri va ishonchli maʼlumotlarni taqdim etishga hamda vijdonan harakat qilishga majbur qiladi".
Ommaviy axborot vositalari tanqidchilarining aytishicha, hukm haddidan oshib ketgan.
Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan Demokratiya uchun ommaviy axborot vositalari loyihasi direktori Yusuf Kanlining aytishicha, Turkiya Konstitutsiyasi matbuotning erkin ekanligini va senzuraga yo’l qo’yilmasligini ochiq belgilab qo’ygan.
"Poraxo'rlik haqidagi da'voga kirishni taqiqlash o'rniga, bunday taqiqlarni to’xtatish choralarini ko’rish kerak", - deya qo'shimcha qiladi Kanli.
Yevropa Matbuot va OAV erkinligi markazining OAV erkinligi tezkor javob guruhi koordinatori Gurkan O‘zturanga ko’ra, Turkiyada maqolalarga kirishni to‘sib qo‘yish odatiy tusga aylanmoqda.
“Soʻnggi oylarda mahalliy ommaviy axborot vositalarini nishonga olgan bunday taqiq buyruqlari sezilarli darajada oshdi. Bu odamlarning axborot olish huquqi va ommaviy axborot vositalari erkinligiga chuqur tahdid soladi”, - dedi O’zturan “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.
Masalan, 2022-yil iyun oyida “Amerika Ovozi” turk xizmati saytiga kirish Turkiyaning Radio va Televideniye Oliy Kengashi tomonidan bloklangan edi.
Turkiyaning bir qancha rasmiylari ham “Reyter” agentligining maqolasini qoralab, uni yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda aybladi.
“Albayrak Media Group” va “TurkMedya” qo'li ostidagi bir qancha hukumatparast ommaviy axborot vositalari ijtimoiy tarmoqlarda “Reyter” bilan shartnomani tugatganliklarini aytishdi.
O‘tgan yili Turkiya parlamenti “dezinformatsiya”ni internetda tarqatganlik uchun uch yilgacha qamoq jazosini nazarda tutuvchi qonun qabul qilgan edi. Faollar fikricha, hukumat bu qonundan muxolif ovozlarni o’chirish maqsadida foydalanishi mumkin.
Facebook Forum