Alyaska shtatiga kiruvchi Unalyaska va Amaknak orollarida atigi bir necha ming aholi yashaydi. Sovuq va og’ir sharoitga qaramasdan, bu yerda ildiz otib biznes yuritayotgan vyetnamlik oilalar bor.
Tu Makkonel Datch Xarbor portida taksichilik qiladi. Ushbu bandargoh Alyaska shtatida, Unalyaska degan shaharda joylashgan. Amerikadagi eng yirik tijoriy baliq ovlash porti ham shu yer.
Makkonel aslida Vyetnamdan, Alyaskada 30 yildan beri yashaydi.
“Baliqchilar taksida ko’p yurishadi. Taksi xizmati bu yerda boshqacha, chunki orolning har qanday nuqtasiga 5-10 daqiqada yetib borsa bo’ladi. Bundan tashqari, biz faqat naqd pul olamiz. Kredit karta ololmaymiz, chunki internet yaxshi ishlamaydi”, - deydi ayol.
Kelib chiqishi vyetnamlik bo’lgan odamlar bu yerda aholining taxminan ikki foizini tashkil etadi.
Hiyen Tran “Amelia’s” degan restoranga egalik qiladi. Pazandachilik menga oson bo’lgani yo’q, deydi u.
“Vyetnamda onam ovqat pishirib, hamma narsani hal qilardi. Men pul ishlab topishni bilaman, lekin pishirishni emas. Bu yerga kelib, asta-sekin o’qidim, o’rgandim”, - deydi Tran.
Restoran mijozlari - asosan baliqchilar, harbiylar va Alsyaskada to’xtab o’tadigan kemalarning ekipaj a’zolari.
“Juda mazali. Ayniqsa vyetnamcha sho’rvani zo’r qilishadi. Uyga ham olib ketayapman. Toza mahsulotlar ishlatishadi”, - deydi mijozlardan biri, Sara.
Aslida, deydi Tran, dengiz mahsulotlaridan tashqari yangi uzilgan sabzavotlar kelishi qiyin. Konteynerlar orolga haftada ikki marta keladi. Avvaliga poyezdda, yo’lning qolgan qismini yuk kemada bosib o’tadi.
“Bu yerga jo’natilgan yuklar ba’zan ob-havo tufayli kela olmaydi, ba’zida kech olamiz. Juda kechiksa, mahsulot qo’limizga yetguncha buziladi”, - deydi restoran egasi.
Ba’zida tushkunlikka tushaman, deydi Tran, lekin mahalliy jamoaning qo’llab-quvvatlovi unga umid beradi.
“Restoranni ochayotganimda sheriff va boshqalar kelib, ko’nglimni ko’tarishgan. Bo’sh kelma, taslim bo’lma deyishgan. Shuning o’zi menga dalda beradi”, - deydi ayol.
Bu yerda hayot og’ir. Mittigina olis jamoada yashashning o’ziga xos qiyinchiliklari bor. Ammo imkoniyat ham bor. Nguyen Hoy San hamma ishni qilib ko’rgan. U mexanik, taksichi va restoran egasi.
“Faxrlansa arziydi. Yangi joyga kelib, biznes boshlagan osiyolikman. Atrofimdagilar “uying bo’lmasa, yering bo’lmasa, qanday qilib muvaffaqiyatga erishasan deyishgandi. Lekin asta-sekin qildim, yer sotib oldim, biznes bazasini yaratdim”, - deydi Hoy San.
Qayerda bo’lishingizdan qat’i nazar, deydi muhojir, biznes qobiliyat va qattiq mehnat o’z mevasini beradi.
Facebook Forum